Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Bizning teatr” haqida bilasizmi?

1914 yilda ilk bor Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi asosida madaniyatimiz, san’atimiz rivojiga tamal toshi qo‘yilgan bu dargohda teatrning mohir aktyorlari, rejissyorlar, musiqashunoslar ijod qilgan. Abdulla Avloniy o‘zining maqolalaridan birida: “Maydonda shu darajada ko‘p odam yig‘ildiki, biz buni kutmagandik. Odamlar spektakl namoyishi uchun jarchilik qilib, yon-atrofdagilarni to‘play boshladi”, deya hayrat va hayajon bilan yozgandi. Demak, teatr paydo bo‘libdiki, uning ixlosmandlari, tomoshabinlari doimo yonma-yon yashagan, uning rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Samarqand viloyati musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan "Bizning teatr" mavzusidagi onlayn konferensiyada teatrning tarixi, uning rivojiga ma’rifatparvar bobolarimiz qo‘shgan hissa, teatr sahnasida kamol topgan buyuk darg‘alar, bugungi kunda teatrda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

- Har gal teatr sahnasida rol ijro etarkanman ustozlarimning o‘gitlari, bergan saboqlari yodimga tushadi, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mehri Hakimova. - Bu dargohda san’atimizning buyuk darg‘alari ijod qilgani bizga doimo kuch bag‘ishlaydi. 1978 yilda teatrga kelgan bo‘lsam, bu yerda juda katta ijodiy muhit shakllangandi. Zaynab Sodiqova, Rustam Mansurov, Tanaberdi Qurbonov, Muso Muqimov kabi teatr san’atining fidoyilari ajoyib rollari bilan o‘z muxlislariga ega edi. Bugun ham teatrimizda xuddi shunday muhit davom etayapti.

Konferensiyada Madaniyat vazirligi, respublikamiz va viloyatimizdagi teatrlar mutasaddi xodimlari, aktyorlar ishtirok etdi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.