Bugun: Muallim, muharrir, siyosiy arbob - Sharof Rashidov tug‘ilgan kun

Taniqli adib, yirik davlat arbobi Sharof Rashidov 1917 yil 6 noyabrda Jizzaxda tavallud topgan.
Sharof Rashidov 1934 yil Jizzax pedagogika texnikumini, 1941 yil Samarqand davlat universitetini tugatgan. Mehnat faoliyatini muallim va muxbirlikdan boshladi. 1938-1941 yillarda Samarqand viloyati (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida ishladi. 1941-1942 yillarda Ikkinchi jahon urushida qatnashadi. Frontdan qaytgach, Samarqand viloyati miqyosida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
1947-1949 yillarda hozirgi “O‘zbekiston ovozi” gazetasiga muharrirlik qildi. 1949-1950 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, 1950-1959 yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi Rayosatining raisi, 1959-1983 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi lavozimlarida xizmat qildi.
Sharof Rashidovning birinchi she’riy to‘plami “Samarqand kuylari” nomi bilan chop etilgan.
Adib “G‘oliblar” qissasini qayta ishlab, 1972 yilda roman shaklida nashr ettirdi. “Bo‘rondan kuchli” romani 1958 yilda, “Qudratli to‘lqin” romani esa 1964 yilda dunyoga keldi. Bu asarlarda xalqimizning urushdan keyingi tiklanish yillaridagi matonatli mehnati badiiy ifodasini topgan.
Ijodkorning “Kashmir qo‘shig‘i”, “Komde va Mo‘dan” kabi lirik qissalari va “Koinot” kinoqissasi an’anaviy Sharq dostonchiligi uslubida bitilgan. Adib hayotining so‘nggi yillarida yaratilgan “Dil amri” qissasi urush yillarida Belarus tuprog‘ida jang qilgan o‘zbek jangchilarining hayoti tasviriga bag‘ishlangan.
O‘zA.