Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun sevimli shoiramiz Zulfiya Mo‘minova tavallud topgan kun

U o‘zbek adabiyotiga 80-yillarda kirib kelgan. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva kabi ijodkorlardan ilhomlangan. Ular shoiraning ustozlari bo‘lib, unga shaxsiy, betakror badiiy uslubini topishda yordam ko‘rsatishgan. Har yangi to‘plami chiqqanda, hijolari sayqallanar va she’rlari chuqur ma’noga to‘lardi. Boshqa yosh shoir shogirdlar orasida u doim ajralib turgan.

Zulfiya Mo‘minova 1959 yil 15 iyul kuni Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. O‘zining tarjimai xolida yozishicha, Horatov tog‘ining yon bag‘rida joylashgan so‘lim qishlog‘i go‘zal tabiati bilan mahliyo qiladi. Bu yerda xalq ijodini juda yaxshi tushunadigan va ijro etib bera oladigan insonlar yashaydi. "...Bolaligimdan Mo‘min oqin bobom bir necha soatlab dostonlar kuylashlarini eshitardim. Yillar o‘tdi, ko‘p suvlar oqib ketdi, ammo xalq og‘zaki ijodi hanuz she’rlarimda jaranglaydi..."

U 1983 yili ToshDUning filologiya fakultetini yakunlaydi. So‘ngra, “Saodat” jurnali hamda radioda ishlashni boshlaydi.
Ilk she’riy to‘plami “Vatan tashlab ketmaydi” 1988 yil chop etilgan. Shundan so‘ng, 1988 yil “Beshiklarni asragin”, 1993 yil “Yonayotgan ayol”, 1997 yil “Azizim, baxtiyorman” kabi she’riy to‘plamlari bosmadan chiqdi. Ayniqsa, “Yonayotgan ayol” to‘plami kitobxonlarga manzur keldi.
2000 yil Zulfiya “Do‘stlik” sharafli ordeni bilan mukofotlanadi.

BOLAGA KITOB BERING!
Osmonlarda yurganlar,
Oltin saroy qurganlar,
"Ne beray?"- deb turganlar,
Bolaga kitob bering!

Bola oqqush, oq kaptar,
Dunyolardan bexabar,
Yovuzlik topmay xabar,
Bolaga kitob bering!

Qing‘ir yo‘lga kirmasdan,
Peshonaga urmasdan,
Kimdir pichoq bermasdan,
Bolaga kitob bering!...

Shuhratbek Samo.