Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Buyuk shoirga ehtirom ko‘rsatildi

Bugun Samarqand shahridagi Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan, she’riyat mulkining sultoni nomi bilan ataluvchi markaziy istirohat bog‘i erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchi va shoirlar, oliy, o‘rta maxsus va xalq ta’limi muassasalarining talaba va o‘quvchilari bilan gavjum bo‘ldi. Bu, albatta, samarqandliklarning adabiyotga, buyuk shoir ijodiga bo‘lgan hurmati namunasidir.

Haykal poyida mutafakkir tavalludining 579 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar buyuk bobokalonimizning hayoti, boy madaniy merosi va ularning bugungi kundagi qadr-qimmati xususida fikr yuritdi. Hazrat Navoiy asarlari dunyo xalqlarining bebaho ma’naviy merosiga aylangani qayd etildi.

Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qildi. Viloyat musiqali drama teatri san’atkorlarining sahna chiqishlari, buyuk shoir g‘azallari asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga fayz kiritdi. 

Tadbir ishtirokchilari bir necha asrlar o‘tsa-da o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay, yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etib kelayotgan nodir asarlar yaratgan Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.