Cifat yondashuvi afzalliklari. U nimalarda aks etadi?

Falsafa qonunlaridan biri miqdoriy o‘zgarishlarning sifat o‘zgarishlariga o‘tishini anglatadi. Uning mohiyatini soddaroq qilib quyidagicha izohlash mumkin: moddiylik nuqtai nazaridan har qanday faoliyatni amalga oshirishni ko‘p sonli birliklar boshlaydi, keyinchalik ular tarkibidan eng samarali faoliyat ko‘rsatayotganlari tabiiy holda tanlab olinadi.
Xo‘sh, ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatda ushbu qonunning tamoyillari qanday ahamiyatga ega?
Shu paytgacha O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida iloji boricha ko‘proq yangi korxonalar ochishga ustunlik berildi. Ammo statistik ma’lumotlarning tahlili ko‘rsatishicha, yangidan faoliyat boshlagan har 100 tadbirkorlik sub’yektining 70-80 tasi bozor talablariga moslasha olmasdan, o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda. Bunga sabab bo‘ladigan omillar turlicha, ammo asosiylari oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari oshib borishi va qolgan tovarlarga bo‘lgan talab qisqarishidan kelib chiqadi. Qaysi korxona eng zamonaviy texnologiya va boshqaruv usulini, yuqori malakali kadrlarni jalb etib, xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil eta olsa, o‘sha korxona o‘z faoliyatini davom ettira oladi, boshqacha yo‘l tutganlari esa raqobatga dosh bera olmaydi.
Bu jarayonni makroiqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan yoritishga harakat qilib ko‘raylik.
Tabiiyki, faoliyatni yangidan boshlayotgan korxonalar cheklangan iqtisodiy resurslarni o‘z tomoniga ag‘darishga kirishadi. Bu esa oyoqqa turib olgan korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda resurslar parchalanib, energiya va xomashyo ta’minotidagi muammolar kuchayib boraveradi, korxonada mahsulot birligiga qilinadigan xarajatlar ko‘payadi, ish haqi qisqaradi, malakali xodimlar ishxonalarni tark eta boshlaydi, mahsulot sifati pasayadi, mavjud ishlab chiqarish potensialidan foydalanish va rentabellik darajasi kamayib boraveradi.
Ana endi holat o‘zgaradi: murakkablashgan sharoitdan chiqish maqsadi, jalb etilgan kreditlarni o‘z vaqtida qaytarish majburiyati oyoqqa turib olgan korxonalarni ham, yangi korxonalarni ham noqonuniy ishlashga undaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan xufyona iqtisodiyot ko‘lamini kengaytirish uchun yashil chiroq vazifasini bajaradi. Bunga yangi korxonalarni ro‘yxatga olish paytida ta’sischining ma’lumoti, tadbirkorlik sohasidagi ko‘nikmalariga tegishli aniq mezonlar va talablar yo‘qligi qo‘shimcha salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shulardan kelib chiqib kimdir yangi ta’sis etilayotgan korxonalar soni qancha ko‘p bo‘lsa, aholi bandligi muammosi shuncha samarali hal etiladi, deb hisoblasa qattiq yanglishadi. Buning isboti sifatida investitsion oqimlar ko‘lamining kengayishiga qaramasdan, YaIMning o‘sish sur’atlari va yangi ish joylari tashkil etishda ko‘zga ko‘rinadigan o‘zgarishlar sezilmayotganini keltirish mumkin.
Xo‘sh, tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan turib, ushbu vaziyatni ijobiy tomonga o‘nglash mumkinmi?
Mumkin. Iqtisodiy samaradorlikka erishish uchun eskicha yondashuvdan voz kechish kerak. Buning uchun kamida bir-ikki yil faoliyat ko‘rsatib, o‘z mijozlariga ega korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan xo‘jalik mexanizmini yaratish, jumladan, kreditlash, soliqqa tortish, moddiy ta’minot tizimlarini ushbu maqsad sari takomillashtirish lozim. Ma’lumki, ichki bozor torlik qilayotgan sharoitda samarali natijalarga erishishning birdan-bir yo‘li eksport faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishdir. O‘zingiz ayting, jahon bozorlarida yirik kompaniyalar hukmronlik qilayotgan bir sharoitda bizlarning kichik korxonalarimiz ularni qanday qilib egallab turgan segmentlaridan surib chiqara oladi? Xorij mamlakatlari bundan manfaatdor emas, shuning uchun yuqoridagi vazifalar xorijlik ekspertlarning maslahati bilan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida o‘z aksini topmaganiga ajablanmasa ham bo‘ladi.
Yagona yo‘l, bu - ichki imkoniyatlarni yana ham chuqurroq o‘rganib chiqib, muayyan darajada oyoqqa turib olgan, samarali faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarga nisbatan e’tiborni kuchaytirish, ishlab chiqarish resurslarining erkin harakatlanishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, soliq to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar berish. Shu orqali bu kabi korxonalar filiallarini ko‘paytirib, jahon standartlariga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarish yoki yuqori sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash mumkin.
Ilhom VAFOYeV,
iqtisodiy sharhlovchi.