Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Dinamo”ning taniqli futbolchisi xotirasi uchun musobaqa tashkil etildi

Samarqand viloyati futbol assotsiatsiyasi, bolalar va o‘smirlar  futbol akademiyasi mutasaddilari tashabbusi bilan taniqli futbolchi, marhum  Sirojiddin Sayfiyev xotirasiga bag‘ishlangan Respublika xotira turniri  o‘tkazildi.

Unda Toshkent shahri, Jizzax va Navoiy viloyatlari hamda samarqandlik 2007-2008 yillarda tug‘ilgan bolalar futbol jamoalari  ishtirok etdi.

Turnirda so‘z olgan viloyat futbol assotsiatsiya rahbari Shuhrat Sayfullayev, bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi direktori Uchqun Qobilov, marhumning otasi Shamsiddin Sayfiyev, singlisi Maftuna Sayfiyeva va boshqalar tomonidan minglab muxlislarning sevimli futbolchisiga aylangan Sirojiddin Sayfiyevning Samarqand futboli rivoji uchun  qilgan xizmatlari, insoniy fazilatlari yod olindi.

Sirojiddin hayot bo‘lganida shu yil o‘zining 39-bahoriga peshvoz chiqardi. U Toyloq olimpiya zaxiralari kollejini futbol yo‘nalishi  bo‘yicha bitirgach, ko‘p  yillar viloyatimizning “Dinamo” jamoasi  sharafini  munosib himoya qildi.

O‘n to‘rtta jamoa ishtirok etgan xotira turniri yakunida 3-o‘rin Jizzax va Navoiy viloyatidan kelgan o‘smirlarga, 2-o‘rin Toshkent shahri futbol akademiyasi o‘quvchilariga nasib etdi.

Samarqand bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi o‘quvchilari turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, “Eng mohir hujumchi”, “Eng chaqqon darvozabon”, “Turnirning eng yosh ishtirokchisi”, “Eng faol o‘yinchi”, “Eng yaxshi himoyachi”, “Eng epchil yarim himoyachi” singari nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Dilmurod DO‘STMURODOV.