Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dobusiya yoki Dobusqal’a tarixi haqida bilamizmi?

Samarqand  bilan Buxoro shaharlarini o‘zaro bog‘lab turgan Buyuk Ipak yo‘li ustida joylashgan qadimgi shaharlar ichida eng yirigi va ahamiyatlisi bu Dobusiya shaharchasidir.

         Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan bu shahar barcha Sharq shaharlari kabi uch qismdan: ark, shahriston va raboddan iboratdir.

         Shahar arkida hukmdor va saroy ayonlari, shahristonda shaharliklar hamda aslzodalar, rabodda esa hunarmandlar, savdogarlar va qo‘shinlar yashagan. Shahar atrofi chuqur xandak va mustahkam mudofaa devori bilan o‘rab olingan.

         Shahar rabodining shimoli g‘arbiy burchagida imom Bahra ota maqbarasi barpo qilingan.

         Ayrim manbalarda ushbu maqbara Abu Xurayra maqbarasi, deb ham tilga olinadi. Bu yerda saqlangan qabrtoshlardan maqbaraga dafn qilingan tarixiy shaxsning shaxsiyatini aniqlashni imkoni bo‘lmadi. Maqbaraning me’moriy yechimlari va g‘ishtlariga asoslanib uni  XV-XVI asrlarda barpo qilingan, deyishimiz mumkin.

         Dobusiya haqidagi dastlabki tarixiy ma’lumotlarni biz arab tarixchisi Yaqubiy(X asr) va vatandoshimiz Muhammad ibn Jafar Narshaxiy (X asr) larning asarlaridan o‘qishimiz mumkin.

         Yaqubiy Sug‘d haqida gapirib bu tarixiy o‘lka “Samarqand, Dobusiya, Qushoniya, Kesh va Nasaflardan iboratdir”-deb yozgan. Narshaxiy esa o‘zining “Buxoro tarixi”nomli asarida “Buxoroning podshosi yashagan ulkan qishloq Poykend deb atalgan, Dobusiya qal’asini esa shahar deya atardilar”,-deb yozgan edi. Bu ma’lumotdan shu narsa anglashiladikim, hali Buxoro va Poykend shaharlari paydo bo‘lmasidan oldin Dobusiya shahar bo‘lgandir.

         Arablarning Movaraunnahrga qilgan yurishlarini yoritgan tarixchilar o‘z asarlarida Dobusiya nomini bir necha bor tilga olganlar. Ayniqsa, tarixchi Tabariy, Dobusiya va uning atrofida bo‘libo‘tgan janglarni yozib qoldirgan.

         Tarixiy manbalarda Dobusiya atrofida so‘nggi somoniy hukmdori al-Muntasir bilan qoraxoniylar o‘rtasida janglar bo‘lganligi, bu janglarda goh somoniylarning qo‘li baland kelsa, goh qoraxoniylarning qo‘llari baland kelganligi, oxir oqibatda Ismoil al-Muntasir qochib ketib, Dobusiya Qoraxoniylar qo‘ligao‘tganligi yozilgan.

         Tarixiy manbalar va arxeologik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, qoraxoniylar davrida Dobusiyada savdo-sotiq, me’morchilik ancha rivojlangan va bu shaharda mis hamda kumush tangalarni zarb qilish yo‘lga qo‘yilgan.

         XI asrning o‘rtalariga kelib Dobusiya yana ikki sulola o‘rtasidagi nizolarga guvoh bo‘ladi. Mahmud G‘aznaviyning o‘g‘li Mas’ud Xorazm hukmdori Oltintoshga, qoraxoniylar qaramog‘ida bo‘lgan Buxoro va Samarqand ustiga yurish qilishni buyuradi.

         Qoraxoniylar lashkari Ali Tegin boshchiligida Oltintoshga qarshi chiqadi va bu jangda u mag‘lub bo‘lib Dobusiyaga chekinadi. Oltintosh Dobusiyani  qamal qiladi, ammo shaharning mustahkam istehkomlari Xorazmliklarni shaharga kirishlariga imkon bermaydi. Uzoq muddatli qamaldan so‘ng  har ikki tomon o‘zaro kelishadi. Shu tariqa Xorazm hukmdori Oltintosh Mas’ud G‘aznaviyning buyrug‘ini bajara olmaydi. Buning ustiga Oltintosh jang paytida qattiq yarador bo‘ladi va buning oqibatida halok bo‘ladi. Ammo vazirning ustamonligi tufayli Xorazmliklarsharmandali mag‘lubiyatdan qutilib qoladilar.

         Tangashunos Boris Kochnevning yozishicha, Dobusiyadan topilgan tangalarning ko‘pchiligida “Ad Dobusiya Qutlug‘ O‘rda”- degan  yozuv bitilgan. Bu holat ushbu shaharni nihoyatda ulug‘langanligini ko‘rsatadi.

         XIII asrning boshida yurtimizda yuz bergan mo‘g‘ullar bosqini Dobusiyaning taqdirida ham juda ayanchli bo‘ldi. Mo‘g‘ul bosqinchilari Buxoro shahri tomonga o‘tishda bu shaharni juda qattiq vayron qildilar. Chunki Dobusiyaliklar juda kam sonli bo‘lsalar-da, yovning katta qo‘shiniga qarshi chiqishga jur’at qiladilar. Shundan so‘ng shaharning katta qismi qayta tiklanmadi. Aynan shu davrdan boshlab Dobusiya shahri “Dobus qal’a” nomini oladi. Lekin, Dobusiya qal’a maqomiga tushib qolgan bo‘lsa-da, baribir u Samarqand va Buxoro o‘rtasidagi muhim strategik ahamiyatga ega, iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi mavqeini saqlab qolgan.

         Dobusiya yodgorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar bu shaharda savdo sotiqva hunarmandchilik yaxshi rivojlanganligini ko‘rsatdi.

         Dobusiyada rivojlangan hunarmandchilik turlariga zargarlik, temirchilik, kulolchilik, to‘qimachilik, charmgarlik kabi sohalar kiradi.

         Tarixchi Ibn Xauqalning yozishicha, Dobusiyalik to‘quvchilar ixtiro qilgan, paxtadan tayyorlangan, “Vedari” deya nomlangan gazlama Sharq bozorlarida juda xaridorgir bo‘lgan. Bu gazlama arab mamlakatlarida “Xuroson parchasi” deb ham atalib bu gazlamadan vazirlar, amirlar, boy savdogarlar hamda aslzodalargina liboslar tiktirishga qodir bo‘lganlar. Tarixchi Ibn Xauqalning o‘zi ham bu gazlamadan libos tiktirib kiyganligini, besh yil o‘tsa hamki bu gazlamaning rangi o‘chmaganligini va yirtilmaganligini yozgan.

         Qazishmalar paytida Dobusiyadan topilgan kulolchilik mahsulotlari o‘z sifati, nafisligi va jarangi bilan yaqqol ajralib turadi. Dobusiyalik temirchilar yasagan qurol yarog‘lar, sovutlar va mehnat qurollari o‘z sifati bilan ajralib turgan.

         Dobusiya haqida gap ketganida avvalombor, bu yerda tug‘ilib, unib-o‘sib, so‘ngra yetuk va mashhur olimu-ulamolar bo‘lib yetishgan shaxslar haqida to‘xtalmoq lozim bo‘ladi.

         Tarixiy manbalarda, o‘rta asrlarda Dobusiya shahri vohaning ilmiy, madaniy va ma’rifiy markazi bo‘lganligi, bu yerda juda ko‘plab fikxshunoslar, hadisshunoslar, qur’onshunoslar, yashab o‘tganliklari yozilgan.

         Dobusiyada tug‘ilgan allomalar haqida so‘z ketganida avvalombor Abu Zayd Ubaydullo ibn Iso ad-Dobusiyni  nomini tilga olmoq lozim bo‘ladi. U 978  yili Dobusiyada tug‘ilgan va dastlabki bilimni o‘z ona shahrida olib so‘ngra Buxoro shahriga borib o‘qishni davom ettiradi. Ul zot yetuk ulamo bo‘lib yetishgach, fikx va shariatga oid bir necha muhim asarlarni yozgan. Alloma 1039 yili Buxoroda vafot etgan va shu yerda dafn etilgan.

         Dobusiyada tug‘ilgan allomalardan yana biri Zulaym ibn Xatit ad-Dobusiydir. Bu zot ko‘plab mamlakatlar bo‘ylab sayohatga chiqqan va hadislar to‘plagandir. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda bu zot Imom al Buxoriyning ustozi va yaqin kishisi bo‘lgan ekan. Tarixchi as-Samoniyning ma’lumoticha alloma 866 yili Dobusiyada vafot etgan.

         Abulqosim Ali ibn Abu Ya’lo al Muzaffar ibn Hamza ibn Zayd al-Alaviy, al-Husayniy, ash-Shofi’iy ad-Dobusiy ham ushbu shaharda tug‘ilgan bo‘lib, ul zot ham arab tilini yaxshi bilgan, fikx va hadis ilmlari bilan shug‘ullangan, bahs-munozaralarda hamisha g‘olib bo‘lgan.

         1086 yili Bog‘doddagi Nizomiya madrasasida dars bergan. Ul zot 1089 yili Bog‘dod shahrida vafot etgan.

         Albatta, biz yana bir necha o‘nlab Dobusiyada tug‘ilib yetuk olimu-ulamolar bo‘lib yetishgan ulug‘ zotlar haqida gapirishimiz mumkin, ammo bunga bir kichik maqola doirasida to‘xtalishning imkoni yo‘q.

         Bizgacha yetib kelgan ayrim tarixiy manbalarda aytilishicha,XIX asrlarda ham Dobusiya yodgorligi hududida Ziyovuddin begining qarorgohi, masjid va boshqa inshoatlar mavjud bo‘lgan. Narpay, Paxtachi va Xatirchi tumanlarida yashovchi aholi yaqin kunlargacha yiliga ikki marta-Qurbon va Ramazon hayitlarida bu yerga yig‘ilishib namoz o‘qishib sayillar o‘tkazganlar.

         Bundan 10 yillar ilgari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Ya.G‘ulomov nomli arxeologik tadqiqotlar instituti bilan Yaponiyalik olimlar hamkorlikda Dobusiyada qazishmalar olib bordilar. Bu yodgorlikda  olib borilgan keng ko‘lamli qazishmalar natijasida ushbu shaharchaga bundan 2600  yillar ilgari asos solinganligi isbotlandi.

         Bu ushbu shaharni Zarafshon vohasida Samarqanddan keyingi ikkinchi qadimiy shahar ekanligini ko‘rsatadi. Ha, bu qadimiy shaharning tabarruk tuprog‘ida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bibixonim, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo va Muhammad Shayboniyxon kabi ulug‘larimizning izlari saqlangan. Shuningdek, bu shaharning bag‘rida xalqimizning qariyb uch ming yillik tarixi, madaniyati va ma’naviyati uxlab yotibdi.

        

                                                                           Amriddin Berdimurodov,

arxeolog.