"Duoibaddan tozalash" maqsadida xonadon sohibining 12,5 million so‘mlik taqinchoqlarini o‘zlashtirgan lo‘li ayolga ayblov e’lon qilindi

2020 yilning 29 oktyabr kuni soat 14:30 larda lo‘li millatiga mansub bo‘lgan ayol o‘zganing mol-mulkini aldash va ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida Yakkasaroy tumani Toshbuloq ko‘chasida joylashgan xonadonlarning biriga kirib, ushbu xonadonda yashovchi Nasiba A.ni aldab, uyiga duo o‘qilganligini aytib, qo‘llarida bo‘lgan ikki dona ayol va erkak qo‘g‘irchoqlarini hamda o‘zi bilan olib kelgan arab tili yozuvli qog‘ozlarni xonadon hovlisiga tashlab qo‘yib, xonadon egasi bo‘lmish Nasiba A,ga uyini “tozalab” berishini aytadi. Keyin aldov yo‘li bilan unga tegishli bo‘lgan 12.500.000 so‘mlik tilla-taqinchoqlarini qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashirinadi.

Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida mazkur jinoyatni 58 yoshli Gulchehra M. sodir etganligi aniqlanib, ushbu fuqaroga nisbatan ayblov e’lon qilingan va tegishli sudlovda ko‘rib chiqish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabarida.