Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

DXX muqaddas Qur’on kitobining nodir nusxasini mamlakatimizdan olib chiqib ketilishiga chek qo‘ydi

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, muqaddas Qur’on kitobining noyob nusxasini qirg‘izistonlik fuqaroga 150 ming AQSh dollariga sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, mazkur qadimiy, noyob kitob Buxoro shahrida yashovchi 49 yoshli Farrux Sharapov tomonidan Farg‘ona viloyatiga sotish maqsadida olib kelinadi. Dastlab u Qo‘qon shahrida yashovchi tanishi Abdumalik Qosimov bilan uchrashib, unga o‘z rejasini aytadi.

Keyinroq ular qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan xaridor topishadi va Farg‘ona viloyatining “Chimyon” qishlog‘ida u bilan ko‘rishishadi.

Kelishuvga asosan, Farrux Sharapov 150 ming AQSh dollarini olganidan so‘ng, kitobni O‘zbekiston chegarasidan aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonga o‘tkazib berishi kerak bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligining ekspertiza xulosasiga ko‘ra, XVI asrda qo‘lyozma shaklida bitilgan ushbu “Qur’oni Karim” usta xattot Mulla Yusuf Saxxof tomonidan kitob shakliga keltirilgan va taxminan XIX asr oxiri XX asr boshlarida qayta restavratsiya qilingan.

Mutaxassislar fikricha, Samarqand hattotlik maktabi uslubida yozilgan, qariyb 5 asrlik tarixga ega, sahifalariga oltin suvi yuritilgan, benazir, qo‘lyozma kitobning taxminiy qiymati 1 milliard 880 million so‘mga teng.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Tarixiy, ilmiy va badiiy qiymatga ega bo‘lganligi bois, ushbu nodir Qur’on kitobi respublikamiz hududidan olib chiqib ketilishi ta’qiqlangan kitoblar sirasiga kiradi va endilikda u O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshiriladi.

O‘zA.