Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ellik yillik simyog‘ochlar muammosi hal etiladi(mi?)

Avval xabar qilganimizdek, ayni aytda viloyat hokimi E.Turdimov Bulung‘ur bolalar va o‘smirlar sport maktabining «Mingchinor» olimpiya o‘yingohida tuman aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazmoqda.

Hozirgacha - ikki soat davomida aholidan 100 dan ziyod murojaat kelib tushdi. Shulardan biri tumanning Yangiariq mahallasida yashovchi Eshimqul A’zamqulovdan bo‘ldi.

- Biz yashaydigan Oltibaroq qishlog‘ida 30 xonadon bo‘lib, 200 dan ortiq aholi yashaydi, - deydi E.A’zamqulov. - Svet tez-tez o‘chadi. Buning ikkita sababi bor: transformator «Dostonbek Najmiddinov chorvasi» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lib, u artezian qudug‘idan suv chiqarish uchun elektr motorini qo‘shganda, kuchlanish yuzaga kelib, elektr energiyasida uzilish bo‘ladi. Ikkinchidan, mavjud 40 dan ziyod simyog‘ochning barchasi yaroqsiz...

Viloyat hokimi bu muammoni batafsil tingladi va «Samarqand elektr tarmoqlari korxonasi» AJ hamda korxonaning tuman bo‘limi mutasaddilariga ikki kunda holatni o‘rganishni, shu yilning 15 martiga qadar simyog‘ochlarni beton ustunlarga almashtirish va qishloq uchun alohida transformator o‘rnatish vazifasini yukladi.

Darvoqe, oltibaroqliklar ichimlik suvini ham qo‘shni Xatcha qishlog‘idan tashib icharkan. Bu muammo bir oyda hal etiladigan, buning uchun Xatcha qishlog‘idan Oltibaroqning to‘rtta joyiga ichimlik suvi tarmog‘i tortiladigan bo‘ldi.

Akram BO‘RIYeV.