Harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun alohida kvota ajratilgan

Joriy yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha alohida besh foizli qabul ko‘rsatkichlari joriy qilindi.
Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17 iyunda qabul qilingan “2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarorida mustahkamlab qo‘yilgan.
Quyida viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga ajratilgan qabul ko‘rsatkichlari bilan tanishing:
* Samarqand davlat universitetiga 32 ta grant, 117 ta to‘lov shartnoma;
* Samarqand davlat chet tillar institutiga 8 ta grant, 44 ta shartnoma;
* Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga 2 ta grant, 22 shartnoma;
* Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga 13 ta grant, 28 ta shartnoma;
* Samarqand tibbiyot institutiga 14 grant, 16 ta shartnoma;
* Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialiga 3 ta grant, 15 ta shartnoma;
* Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga 12 ta grant, 30 ta shartnoma;
* “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga 2 ta grant, 8 ta shartnoma asosida qabul kvotalari ajratilgan.
Sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha faqat to‘lov shartnoma asosida qabul qilinishi belgilangan bo‘lib, xususan, Samarqand davlat universitetiga 27 ta, Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga 10 ta, Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga 5 ta, Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga 16 ta hamda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga 5 ta qabul kvotalari ajratilgan.
Bundan tashqari, kechki ta’lim shakli bo‘yicha Samarqand davlat universitetiga 13 ta, Samarqand davlat chet tillar institutiga esa 5 ta abituriyent to‘lov shartnoma asosida qabul qilinadi.