Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hayot haqiqatlari: Qolmas edi uning bir izi - bo‘lmaganda buyuk ildizi

Ortiqcha suhbatdan g‘iybat tug‘ilgay,
Ortiqcha hurmatdan minnat tug‘ilgay.
Ortiqcha harorat quritar gulni,
Ortiqcha mehrdan nafrat tug‘ilgay.
*
Kunlarni yoz emas, qish qisqartirar,
Qimir-qimir yumush, ish qisqartirar.
Odamzod umrini chang-g‘ubor emas,
G‘urbat-u g‘am-u tashvish qisqartirar.
*
Nafs uchun talashmoq oqilga ordir.
Bir luqma nasiba har joyda bordir.
Kim agar rizqiga qilmas qanoat,
Oqibat shu erur: u xordir, xordir.
*
Zamondan nolima, zamon qo‘lingda,
Olaring donmi yo somon qo‘lingda.
Xudodan shikoyat aylama zinhor,
Ixtiyor qo‘lingda, imkon qo‘lingda.
*
Qayda ish bo‘lmasa gap-so‘z ko‘payar,
O‘yinchi, nag‘machi, betuz ko‘payar.
Ularni “yulduz” deb bo‘lmang mahliyo,
Zulmat ko‘payganda, yulduz ko‘payar.
*
Shoirlik chikora jur’at bo‘lmasa,
Iste’dod bekora mehnat bo‘lmasa.
Hattoki, Xudo ham berarin bermas,
Agar senda jindek g‘ayrat bo‘lmasa.
*
Yuking og‘ir bo‘lsa, karvoning bo‘lay.
Agar karvon bo‘lsang, sarboning bo‘lay.
Yuksak-yuksaklarni ko‘zlagan bo‘lsang,
Zinapoyang bo‘lay, narvoning bo‘lay.
*
To‘lin oy go‘dakka kulchaga o‘xshar,
Yigitga oy yuzli g‘unchaga o‘xshar.
Nochorga – zindonning tepa tuynugi,
Keksaga cho‘g‘ to‘la tanchaga o‘xshar.
*
Tilni asrab turgan tishga tashakkur.
Gulni asrab turgan nishga tashakkur.
Bo‘lmasa yoz qadrin qaydan bilardik,
Izg‘irin – ayozli qishga tashakkur.
*
Bekor turma, har bir oning omonat.
Zamon abadiydir, joning omonat.
Yutganing, ehtimol, o‘zingnikidir,
Ammo chaynab turgan noning omonat.
*
Birovga nasihat qiladi kishi,
Olarmi, olmasmi bu uning ishi.
Agar so‘zim yerda qolmasin desang,
O‘zingga nasihat qilganing yaxshi.
*
Istasang har nedan topgaysan chiroy.
Ko‘lmakda nima bor, bo‘tana-yu loy.
Ammoki, uning ham o‘z jilosi bor,
Aks etib turadi quyosh, yulduz, oy.
*
Sen meni maqtama, zo‘rligimni bilaman.
Izzattalabligimni, o‘rligimni bilaman.
Iblisona ilmingda bahoimni oshirma,
Sen o‘rgatgan ilmda g‘o‘rligimni bilaman.
***
Ming yildirki, misoli minor
Yuksaklarga bo‘y cho‘zar chinor.
Qolmas edi uning bir izi,
Bo‘lmaganda buyuk ildizi.

Xudoyberdi Komilov.