Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti Ipak yo‘li universitetlari alyansiga kirdi

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti Ipak yo‘li universitetlari alyansi – University Alliance of the Silk Road (UASR)ning bir qismiga aylandi. Ushbu ildam qadam UASR tadbirlari doirasida yaqinda Xitoyning Guylin shahrida tashlandi.

– Ipak yo‘li universitetlari alyansi oliy ta’lim sohasida xalqaro munosabatlarni rivojlantirish va shaffofligini ta’minlashga yo‘naltirilgan nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi, – deydi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i N.Abduvohidova. – Uning maqsadi – Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlar universitetlari o‘rtasida hamkorlikni faollashtirish va hududiy ochiqlikka ko‘maklashishdan iborat. Alyans universitetlararo talabalar dasturlari almashishni ishlab chiqishga ko‘maklashadi, xalqlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar uyushtirib, ilmiy, siyosiy, iqtisodiy tadqiqotlar yo‘nalishlaridagi aloqalarni o‘rnatish, kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur tuzilma “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti hamkori bo‘lgan Guylin universiteti tashabbusi va Shensi provinsiyasi o‘zini o‘zi  boshqarish organlari bilan hamkorlikda “Bir makon – bir yo‘l” loyihasini amalga oshirish tadbirlari doirasida tashkil etilgan. Ayni damda dunyoning 150 ga yaqin ilg‘or universitetlari alyans tarkibiga kirgan.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining rivojlantirish va strategik masalalar bo‘yicha birinchi prorektori A.Akbarov joriy yilning 15 oktyabr kuni alyansda ishtirok etishi masalalari muhokama qilinadigan ishchi majlisida qatnashdi. A’zolar aloqalarni kengaytirish, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar olib bordi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti dunyoning turli davlatlaridagi, jumladan, Xitoydagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Guylin universiteti bilan ham 2018 yilda hamkorlik bitimi imzolangan.

G‘.HASANOV.