Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ispaniyada koronavirusning yangi mutatsiyasi aniqlandi

Mutaxassislar COVID-19ning Ispaniyada paydo bo‘lgan yangi mutatsiyasini aniqladi. Bu haqda 30 oktyabr kuni tadqiqotning yetakchi muallifi, Bazel universiteti prfessori Emma Xodkroft BMTning Jeneva ofisidagi Xorijiy muxbirlar uyushmasi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Bazel universiteti, Bazeldagi Syurix politexnika universiteti va secCOVID-Ispaniya konsorsiumi (mustaqil tashkilotlarning vaqtinchalik birlashmasi) tadqiqotchilari so‘nggi to‘rt oy davomida Yevropaning turli mamlakatlaridan olingan COVID-19 virusi namunalarini baholashdi. Dastlabki namunalar Yevropa davlatlari cheklov choralarini bekor qilishni boshlagan iyul oylariga to‘g‘ri kelmoqda. Olingan ma’lumotlar Ispaniyada paydo bo‘lgan SARS-CoV-2ning yangi mutatsiyasini aniqlashga imkon berdi.

20A.EU1 deb nomlangan mutatsiya yoz oylarida Ispaniyaning shimoliy-sharqidagi qishloq xo‘jaligi ishchilari orasida tarqala boshlagan. Ayni vaqtda u Ispaniyada kelib chiqqan viruslar ketma-ketligining qariyb 80 foizini, Buyuk Britaniyadan 90 foiz, Irlandiyadan 60 foiz va Shveysariya va Gollandiyada qayd etilgan ketma-ketlikning 30-40 foizini tashkil etmoqda. Mutaxassislar tadqiqotlariga ko‘ra, virusning aniqlangan yangi shtammi, shuningdek, Fransiya, Belgiya, Germaniya, Italiya, Latviya, Norvegiya, Shvetsiya, Gonkong, Yangi Zelandiya va Avstraliyada qayd etilgan.

“Virusning biz aniqlagan barcha shakllari Xitoyda paydo bo‘lgan dastlabki shtamm bilan yaqin aloqador. Ushbu shakllar barcha joyda paydo bo‘lishi mumkin. Bu mutatsiyalarga uchraydigan virus hayoti uchun odatiy holat. Shubhasiz, virusning ushbu shakli boshqa mamlakatlarga tarqaladi, ehtimol tarqalib bo‘lgan”, dedi Xodkroft.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi shakldagi virus tarqalishi uning yuqishiga va klinik natijasiga ta’sir etishi to‘g‘risida ayni vaqtda hech qanday ma’lumot mavjud emas. Shu sababli 20A.EU1 COVID-19 qarshi vaksina yaratish ustida olib borilayotgan ishlarga ta’sir qilmaydi.