Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari va maktab-internatlariga qabul qilish tartibi o‘zgardimi?

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari va maktab-internatlariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi o‘zgarganligi haqida Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xabar qildi.

2018-2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 7 avgustdagi 173-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Nizomga asosan, o‘quvchilar ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablariga 1-sinfni tugatib, 2-sinfga o‘tishlarida, ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatlariga 4-sinfni tugatib, 5-sinfga o‘tishlarida otasi-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan arizasi bilan muassasalar ma’muriyatiga murojaat qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining psixologik test sinovlari hamda  yo‘nalish bo‘yicha testlar olinib, yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar muassasaga qabul qilingan.

2019-2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2019 yil 10 iyuldagi 02-02/2-1208-sonli xatida o‘n bir yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimiga o‘tilgani munosabati bilan, ko‘pchilik ota-onalar va pedagoglar tomonidan takliflar bildirildi. Shularni inobatga olib, ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat umumta’lim muassasalariga o‘quvchilar qabul qilish tartibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tayyorlandi va imzoga kiritildi.

Endi 2019-2020 o‘quv yili uchun o‘quvchilar ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablariga 5-sinfdan, ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatlariga 7-sinfdan qabul qilinadi.