Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Kattaqo‘rg‘onshahargaz» filiali sobiq xodimining firibgarligi fosh qilindi

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi va Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan fuqarolar N.Alijonova va D.Asrorovaning arizalari yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, «Kattaqo‘rg‘onshahargaz» filiali sobiq xodimi P.Mansurov fuqaro D.Asrorovaning ishonchiga kirib, uni aldagan. Tabiiy gazdan mavjud qarzdorligini “qoplab” berishni va’da qilib, undan 2016 yil iyun oyida 200 AQSh dollari va 700 ming so‘m naqd pullarni hech qanday to‘lov pattasini bermasdan, firibgarlik yo‘li bilan olib ketgan.

Bundan tashqari, P.Mansurov o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirgan holda yana bir fuqaro N.Alijonovaning ishonchiga kirgan va tabiiy gazdan mavjud qarzdorligini o‘chirib, hisoblagich o‘rnatib berishni va’da qilgan.

2018 yil 1 noyabr kuni N.Alijonovadan avval 120 ming so‘m, bir haftadan keyin hisoblagichni ko‘rikdan o‘tkazish uchun 80 ming so‘m, 22 noyabr kuni hisoblagich sotib olish uchun 200 ming so‘m, 1 dekabrda unga xatlov dalolatnomasi va boshqa xujjatlarni rasmiylashtirish evaziga 300 ming so‘m va 15 dekabr kuni 600 ming so‘m - jami 1 million 300 ming so‘m pullarni firibgarlik yo‘li o‘zlashtirgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida P.Mansurovdan N.Alijonovadan olingan pullarning 700 ming so‘mi, fuqaro N.Asrorovadan olingan pullardan 700 ming so‘mi xolislar ishtirokida zararni ixtiyoriy qoplash tariqasida olinib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosining Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan «Kattaqo‘rg‘onshahargaz» filiali sobiq xodimi P.Mansurovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shahar prokuraturasiga yuborildi.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.