Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kichik sanoat zonalaridagi 88 milliard so‘mlik loyihalarda 21 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlangan. Nega?

Prezidentimizning “Iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirishning 2019 yilda kutilayotgan natijalari va 2020 yilda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar to‘g‘risida”gi 55-sonli yig‘ilish bayoni ijrosi yuzasidan joriy yil 11 yanvarida Samarqand viloyatida tashkil etilgan kichik sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov tomonidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, viloyatdagi 17 ta kichik sanoat zonasida bo‘sh turgan 25,69 gektar maydonda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari joylashtiriladi va investitsiya bitimida belgilangan muddatdan kechiktirilgan 26 ta loyihani ishga tushirish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘riladi.

Hozirda mazkur zonalarda quvvati 88,8 milliard so‘m bo‘lgan 51 ta loyihada jami 21,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ishga tushirilgan 51 ta loyihaning 33 tasida import o‘rnini bosuvchi, mahalliylashtirilgan va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Lekin ularda o‘tgan vaqt davomida jami qiymati 18,5 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot tayyorlangan bo‘lsa-da, eksportga yo‘naltirilmagan. Zonalar faoliyatini rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun bu yerda muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash uchun 80 million so‘m, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun 250 million so‘m mablag‘ talab etilmoqda.