Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kollej bitiruvchilariga davlat namunasidagi hujjatlar qanday tartibda beriladi?

2019-2020 o‘quv yili kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi masofaviy tarzda amalga oshirilmoqda.

Joriy o‘quv yilida kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi hujjat (diplom) nusxasi elektron shaklda yetkaziladi.

Hujjatlarning asl nusxalari karantin muddati tugagandan so‘ng, talab qilib olingunga qadar ta’lim muassasalarida saqlanadi.

- Viloyatimiz kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning hammasi bitiruvchilar, - deydi viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari R.Fayziyev. - 2019-2020 o‘quv yilida jami 26314 nafar bitiruvchi, shulardan 9-sinf bazasida 23580 nafar, 11 yillik bazasida 2734 nafar o‘quvchi kasbga yo‘naltirilgan. Bitiruvchilar hozirda uy vazifalarini va diplomoldi amaliyotini masofaviy tarzda, telegram messenjeri orqali uyda bajarib, kunlik yozilgan amaliyot kundaligi hamda hisobotlarni o‘qituvchilarga topshiryapti.

Diplomoldi amaliyoti tugagandan keyin uchta fandan yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanadi. Bular - kasbiy-amaliy, O‘zbekiston tarixi va mutaxassislik fanlari. Bunda har bir fan yuzasidan 20 talik test savollaridan iborat variantlar o‘quvchilarga yuboriladi. Ular belgilangan vaqt mobaynida savollarga javob topib, javoblar varaqasiga belgilab yuborishadi. Bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi tomonidan test savollariga bergan javoblari bo‘yicha baholanadi.

Testlar soni jami 60 ta bo‘lib, shundan O‘zbekiston tarixi fanidan 20 ta, kasbiy amaliy imtihon uchun 20 ta (bu yerda, amaliy topshiriqlarning texnologik ketma-ketligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarning shakllanganligini baholashga qaratilgan bo‘ladi), kasbiy fanlar majmuasidan 20 ta test savollaridan iborat bo‘ladi.

Malakaviy ishni bajargan bitiruvchilar taqdimotlari masofaviy tarzda kasb-hunar kollejlariga taqdim etilishi va baholanishi yo‘lga qo‘yilib, kasbiy fanlar majmualari test savollaridan ozod etiladi.

Test variantlari guruhdagi har bir o‘quvchi uchun alohida ishlab chiqiladi hamda test kuni har bir o‘quvchiga belgilangan vaqtda yetkaziladi.

Masofaviy tarzda aloqa mavjud bo‘lmagan bitiruvchilar kollejga yakka tartibda yoki aloqa mavjud bo‘lgan markaziy hududlarga kelgan holda test sinovlarini topshirishi mumkin.

Joriy yilda viloyatimizda 35 ta kasb-hunar kolleji yopiladi va 2020-2021 o‘quv yilida 64 ta yangi professional kasb-hunar kolleji ochilib, 162 kasb bo‘yicha 18325 nafar o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ulug‘bek EShBUTAYeV,

viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi axborot xizmati xodimi.