Kasb-hunar kollejlari tugatiladimi?

O‘tgan yillarda ta’limni rivojlantirish, modernizatsiya qilish va mazmunan yangilash maqsadida kasb-hunar kollejlarining huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu tadbirlar samarasida kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi mavjud ahvol tahlil qilinib, tizimning bugungi kun talablariga javob bermasligi va tub islohotlarga muhtojligi aniqlandi.

Viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan anjumanda viloyat kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi mutasaddilari tizimda amalga oshirilgan o‘rganishlar tahlili, boshqarma tasarrufidagi muassasalarning bundan keyingi faoliyati yuzasidan jurnalistlarga ma’lumot berishdi.

- Kasb-hunar kollejlari aholi yashash joylariga yaqin bo‘lmagan masofada joylashgani, moddiy-texnik bazasi darajasining pastligi, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yetarli emasligi kabi muammolar ushbu ta’lim tizimini tubdan yangilashni taqozo etdi, - dedi viloyat kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov. – Shu maqsadda Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Endi professional ta’lim tizimi ilg‘or xorijiy tajribalar asosida hayotga joriy etiladi. Unda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlari orqali malakali kadrlar tayyorlanadi.

Viloyatimizda bugungi kunda 167 ta kasb-hunar kolleji faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 64 tasi kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarga aylantiriladi. Qolganlari foydalanish uchun oliy hamda xalq ta’limi muassasalari tasarrufiga o‘tkaziladi.

Mamlakatimizda xalqaro standartlarga mos yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladi.

Xurshida ERNAZAROVA.