Kollejlar nega tugatilayapti? Endi kasb-hunarga qayerda, qanday o‘qitiladi?

Umumiy, o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi rivojlanishining tahlili tizim bugungi kun talablariga javob bermasligini va tub islohotlarga muhtoj ekanligini ko‘rsatdi.

Birinchidan, kasb-hunar kollejlari aholi yashash joylariga yaqin bo‘lmagan masofada joylashtirilgan. Shuningdek, hududlarda transport infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmaganligi hamda noqulay ob-havo sharoitlari sabab o‘quvchilar ommaviy ravishda dars mashg‘ulotlarini qoldirishiga olib kelmoqda.

Ikkinchidan, kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnik bazasini shakllantirishning mavjud amaliyoti ta’lim yo‘nalishlariga javob bermaydigan o‘quv ustaxonalari tashkil etilishiga, butlovchi va ehtiyot qismlar bilan yetarli darajada ta’minlanmasligiga olib keldi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnik jihozlanishini o‘rtacha darajasi 56 foizni tashkil etadi. 31 ta kasb-hunar kollejlari umuman o‘quv ustaxonalari bilan ta’minlanmagan.

Uchinchidan, yetarli darajada moliyalashtirilmaganligi sababli ko‘plab zarur darslik va o‘quv qo‘llanmalar nashr etilmadi. Darsliklarning 50 foizi rus va qoraqalpoq tillariga tarjima etilmagan, amaldagi darsliklar biror marta yangilanmagan.

To‘rtinchidan, ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlash tizimi hududlardagi iqtisodiy tarmoqlarning real ehtiyojlaridan ortda qolganligi, shuningdek, belgilangan qabul kvotalarida mehnat bozori kon’yukturasi va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish imkoniyatlari hisobga olinmasligi bitiruvchilarni ishga joylashtirishda ko‘plab qiyinchiliklarni tug‘dirdi.

Beshinchidan, kollejlardagi mavjud o‘quv jarayonini tashkil etishning hozirgi holati, qo‘llanilayotgan o‘quv-normativ hujjatlar hamda o‘qitish muddatlari kasblarning murakkablik darajasiga javob bermasligi, ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etishdagi kamchiliklar ta’lim sifati tushib ketishiga, bilim, malaka va ko‘nikmani amaliyotga joriy eta olmaslikka hamda kollej bitiruvchilariga ehtiyojning pasayishiga olib keldi.

Shu sababli 2019 yil 6 sentyabrda O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etildi.

Bunda kadrlarning mehnat bozorida to‘laqonli o‘rin egallashlari uchun professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini zamonaviy texnika va texnologik tendensiyalarni hisobga olib, ehtiyoj yuqori bo‘lgan va turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni tatbiq qilgan holda ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega va kamida ikkita xorijiy tilni biladigan malakali kadrlarni tayyorlash vazifa sifatida belgilangan.

Yangi o‘quv yilidan xalqaro tasniflagichning 3-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan 340 ta kasb-hunar maktabi, xalqaro tasniflagichning 4-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida o‘rta professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan 147 ta kollejlar, xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim bilan integratsiyalashgan, o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan 143 ta texnikumlar faoliyat yuritadi.

Shuningdek, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalariga xalqaro tasniflagich bo‘yicha asosiy ta’lim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi ta’lim dasturlari buyicha kadrlar tayyorlash huquqi berilgan.

Bu borada Bulung‘ur tumanida ham uchta mutlaqo yangi professional ta’lim yurtlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Xususan, pedagogika va sport kolleji bazasida Maktabgacha ta’lim vazirligi tasarrufidagi kollej, qishloq xo‘jalik kolleji negizida 1-kasb-hunar maktabi, milliy hunarmandchilik kolleji bazasida 2-kasb-hunar maktabi tashkil etilyapti.

Qayd etish lozimki, kasb-hunar maktablarida kadrlar tayyorlash umumta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda ikki yillik umumta’lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi. Ta’lim olayotgan o‘quvchilar Respublika davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi.

Nasiba MAMADIYaROVA,

xalq deputatlari Bulung‘ur tumani Kengashi deputati.