Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Mahallada duv-duv gap 2” badiiy filmi tomoshabinlarga taqdim qilindi

Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomli kinosaroyda “Mahallada duv-duv gap 2” badiiy filmining taqdimoti o‘tkazildi.

Premeradan avval ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda mazkur filmni bugungi zamonga mos talqinda suratga olgan taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov xotirasi yodga olindi. Film ijodkorlari tasvirga olish jarayonlari bilan bog‘liq voqealarni eslashdi.

“Mahallada duv-duv gap 2” badiiy filmi ijodiy guruhi tomoshabinlarga tanishtirildi, film tomoshabinlarga taqdim etildi.

O‘zbek kino san’ati arbobi Sh.Abbosovning so‘nggi filmini sahnalashtirish tashabbusini “Dono productions” kinostudiyasi ko‘rsatgandi. “O‘zbekkino” Milliy agentligi buni qo‘llab-quvvatladi. Film ssenariysini Shoira G‘iyosova yozgan. Filmdagi bosh qahramon rolini Dilbar Ikromova, uch o‘g‘ilni yosh aktyorlar Erkin Bozorov, Sur’at Islomov, Abbos Ibragimovlar gavdalantirgan. Aktyorlar jamoasi tarkibida Gulchehra Jamilova, Muqaddas Holiqova, Muyassar Berdiqulova, Madina Muxtorova, Valijon Shamsiyev, Dilshodbek Kattabekov, Mohira Nurmatova, Shodiya To‘xtayeva, Shirin Ismoilova, Laziza Nozimxonova, Zebiniso Holiqova, Kumush O‘ktamova kabi o‘nlab xalqimiz suygan ijodkorlar bor.

Barno O‘NGBOYeVA,

“O‘zbekkino” Milliy agentligi matbuot kotibi.