Beruniyning ming yil avval yo‘qolgan globusi qayta tiklandi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining eng asosiy missiyalaridan biri bu yo‘qolgan merosni qaytarishdir. Bizgacha yetib kelmagan Beruniy globusini qayta tiklash ana shu vazifaning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Aytish mumkinki, shu kunlarda Beruniyning yo‘qolgan merosi Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy asosda qayta tiklandi.
Sir emas, inson tafakkuri taraqqiyotida Yer shaklini anglash va uni ilmiy asosda tasvirlash sivilizatsiya tarixida muhim burilish nuqtasi hisoblanadi. Bu yo‘nalishda jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Rayhon Beruniydir. Uning geografiya, astronomiya va matematika sohalaridagi ilmiy merosi bugungi kunda ham insoniyat uchun qimmatli ilmiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, Beruniy 995 yilda Xorazmning yirik ilmiy-ma’rifiy markazlaridan biri bo‘lgan Kat shahrida yashagan davrida globus yaratgan. Bu ish nafaqat Sharq, balki butun jahon kartografiyasi tarixida ulkan ilmiy yutuq sifatida baholanadi. Chunki Beruniy yasagan globus nazariy tasavvur emas, balki aniq hisob-kitoblar, geodeziya va astronomiyaga oid ma’lumotlar asosida ishlab chiqilgan amaliy ilmiy asbob edi.
Qadimgi dunyoda Yerning sharsimonligi haqidagi ilk ilmiy tasavvurlar yunon olimi Klavdiy Ptolemey asarlarida uchraydi. Keyinchalik XV asrda Martin Bexaym tomonidan Yevropada globus yaratilgan. Biroq Beruniyning ustun jihati shundaki, u bu ilmiy an’analarni chuqur tahlil qilib, o‘z davri uchun mutlaqo yangi — matematik geografiya tamoyillari asosida diametri taxminan 5 metrga yaqin bo‘lgan globus yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Afsuski, bu noyob ilmiy asbob bizgacha yetib kelmagan.
Abu Rayhon Beruniy Yerning sharsimon ekanini o‘z asarlarida bir necha bor ochiq va ravshan bayon qiladi hamda buni ilmiy dalillar bilan isbotlaydi. Xususan, u “Hindiston” asarida shunday yozadi: “Kechasi quyosh ko‘rinmay qolishining sababi uning Yerdan uzoqlashib ketishidan emas. U Yerning dumaloqligi tufayli bizga ko‘rinmay qolishida…”.
Olim “Qonuni Mas’udiy” asarida esa Yerning umumiy shakli sharga o‘xshash ekanini, tog‘lar va botiqlar esa butun Yerga nisbatan juda kichik ekanini qiyosiy misollar orqali tushuntiradi. Uning ta’kidlashicha, agar Yer mutlaqo tekis bo‘lganida, tabiiy muvozanat buzilib, butun quruqlikni suv bosgan bo‘lar edi.
Beruniy globus yasashdan aniq ilmiy maqsad ko‘zlagan. U globusga geografik ob’yektlarni joylashtirib, aholi maskanlari orasidagi masofalar asosida geografik uzunlik va kengliklarni hisoblashni rejalashtirgan. Bu haqda u “Geodeziya” asarida shunday yozadi:
“Men Ptolemeyning «Geografiya» asarini va Sharq olimlarining ishlarini qiyoslab o‘rgandim… Masofalarni sayohatchilarning ma’lumotlari asosida aniqladim, ma’lumotlarni qiyoslab tekshirdim. Bu maqsad uchun kuchni ham, pulni ham ayamadim”.
Ana shu tarixiy meros bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida amaliy mazmun kasb etmoqda. Markazda Beruniy ilmiy merosiga asoslangan holda uning globusi qayta tiklandi.
Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov shunday deydi:
- Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning ko‘p ming yillik boy tarixini yagona konsepsiya asosida namoyon etayotgan noyob majmua hisoblanadi. Beruniy asarlarida o‘z davrida mavjud bo‘lgan 600 ga yaqin shaharning koordinatalari keltirilgan. Bugun xorijiy hamkorlar bilan birgalikda shu ma’lumotlar asosida Beruniy globusi qayta tiklanib, unga 150 ta shahar joylashtirildi. Bu — bizgacha yetib kelmagan buyuk ilmiy merosni qayta hayotga qaytarishdir.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z mohiyatiga ko‘ra dunyoda analogi yo‘q ilmiy-ma’rifiy makon sifatida shakllanmoqda. Markazda namoyish etilayotgan Beruniy globusi nafaqat buyuk allomaning ilmiy merosini, balki o‘zbek zaminidan yetishib chiqqan mutafakkirlarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o‘rnini yaqqol namoyon etadi. Bu esa, ayniqsa, yosh avlodni o‘z xalqining buyuk tarixi bilan faxrlanishga va ulug‘ ilmiy an’analarga munosib bo‘lish ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Rustam JABBOROV.