Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Markaziy harbiy okrugdagi harbiy qism karantin paytida “tekshirildi”

Joriy yil 15-16 aprel kunlari Markaziy harbiy okrugga qarashli Samarqand garnizonidagi harbiy qism to‘satdan tekshirildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Rejaga asosan okrug qo‘mondonlik tomonidan berilgan “Yig‘in” signaliga muvofiq, shaxsiy tarkib qisqa vaqt ichida jangovar shay holatga keltirildi.

Jangovar texnikalar birin-ketin kollonaga qo‘yilib, belgilangan vaqt ichida mobil qo‘mondonlik punktlari yoyildi.

Tekshiruv mobaynida asosiy e’tibor harbiy qismning belgilangan vaqtda vazifani bajara olish qobiliyatiga qaratildi. Shu bilan birga, shaxsiy tarkibning mutaxassisliklar bo‘yicha butlanganligi hamda amaliy ko‘nikmalari tekshirildi.

Navbatdagi vazifa qisman harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan shartli dushmanni yakson qilish bo‘ldi. Bir guruh noqonuniy qurollangan shaxslar haqidagi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topgach, jangovar bo‘linma harakatga keldi.

Aloqa vositalarining samarali qo‘llanilishi sifatli boshqaruvni ta’minladi. Boshqaruv bor joyda esa g‘alabaga erishiladi.

Jangovar bo‘linma tomonidan jangovar topshiriqni bajarishdagi taktik harakatlar, jangovar ikkilik va uchlik bilan shartli dushman yakson etilgani haqidagi ma’lumotlar mobil qo‘mondonlik punkti orqali yuqori qo‘mondonlikka ma’lum qilindi.

Okrug qo‘mondonligi harbiy qism qo‘yilgan vazifani a’lo darajada bajarganini qayd etdi.