Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mas’ullar tadbirkor huzuriga bordi

Samarqand tumanidagi “Agromir” qo‘shma korxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizdagi tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi mas’ul xodimlari, bir qator vazirlik va idoralar hamda Samarqand viloyati hokimligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda davlatimiz rahbarining mazkur qarori ahamiyati, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar haqida so‘z yuritildi.

Ayni paytda viloyatimizda mavjud 1500 dan ortiq oziq-ovqat sanoati korxonalarining 1431 tasi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida ushbu yo‘nalishda 242 ta korxona tashkil etilgan. O‘tgan yil viloyatda 2 million 315 ming tonna meva-sabzavot va uzum yetishtirilib, uning 12,5 foizi (290 ming 100 tonna) qayta ishlangan xolos. Bu boradagi ishlarni takomillashtirish, meva-sabzavot va uzumni qayta ishlashni tashkil etish maqsadida 2019 yilda tegishli davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 168,3 mlrd so‘mlik  22 ta loyiha amalga oshirish belgilangan.  Bugungi kunda Jomboy, Ishtixon va Urgut tumanlarida 6 ta (umumiy qiymati 15,8 milliard so‘mlik) loyihalar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 iyuldagi qarorida esa viloyatda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 193,7 milliard so‘m bo‘lgan 18 ta loyihani amalga oshirish va 57 ming 650 tonna yangi quvvatlar yaratilishi belgilangan. Ushbu loyihalarni muddatida amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borilmoqda.

Uchrashuvda qarorda belgilangan loyihalar tashabbuskorlari, shuningdek, viloyatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yoki shu istakda bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari o‘z faoliyatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan mas’ullarga murojaat qildi.

Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ishtirok etdi.