Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Me’yorida, oz taom yesangiz immunitetingiz kuchayadi

Immunitet degani nima o‘zi? Immunitet bu – insonning ichki zaxiraviy, hayotiy biologik quvvati, kuchi va tanamizga tashqaridan ta’sir etayotgan salbiy hodisa, ruhiy zarb, stress hamda ichkariga sirtdan kirayotgan son-sanoqsiz kasallik, yuqumli mikrob, viruslar hujumi, “shturm”iga ayovsiz qarshilik ko‘rsatishidir. Shu sababdan xam immuniteti past, zaif odam tez, ko‘p kasallanadi.

Illo, qorin och bo‘lganda yeyilgan kamgina taom ham to‘laligicha vujudimizga singadi, tez hazm bo‘ladi. Ha, bor kaloriya, quvvatini to‘laligicha beradi bizga. Ko‘p taom yeganimizda esa unday bo‘lmaydi. Tanamiz ichidagi sof biologik quvvat-energiya o‘sha ko‘p yeyilgan taomni hazm qilishga behuda ketadi.

Tojdorvirus pandemiyasi boshlangan chog‘idanoq bu hol hammaga aniq ko‘rinib qoldi. Oz ovqat yeydigan sabrli bemorlar bir chetda qolib, ko‘p taom yeyishga o‘rgangan, mukkasidan ketgan chidamsiz bemorlar vasvasali dod-voyni boshlab yuborishdi.

Shu hol hozirda ham davom etmoqda. Rossiyalik mikrobiologlar ta’biricha, “Koronavirus “objor”larni terib ketmoqda”!

Tanamizga sirtdan kelib tushgan tajovuzkor yuqumli mikrobmi, ajal olib keluvchi virusmi u-unga qarshilik ko‘rsatuvchi tanamiz antigen aslida benihoya sog‘lom, kuchli bo‘lsagina “yot dushman”ga qarshi kuchli, mukammal antitelalar ishlab chiqara oladi. Qon zardobida va “dushman” virus yoki mikrobni osongina mahv etadi.

Eng chatog‘i, o‘sha mitti koronavirusning qon zardobida emas, hujayralar ichida ko‘payishidir. Bu hol ko‘rsatilayotgan favqulodiy tezkor tibbiy yordam, muolajalar ko‘lamini ikki hissa oshirishni talab etadi.

Ibn Sino hazratlarining hikmatiga qarang: “Ikkimizning yonimizda ikki likopcha seryog‘, kuchli ovqat turibdi. Sen bu taomni hoziroq paqqos tushirasan-u, so‘ng tanangda bo‘shashish, behalovatlik, uyquchanlik his etib, azobda qolasan, to‘lg‘onasan. Men esa shu taomni bo‘lib-bo‘lib besh mahal yeyman, besh mahal huzur topib, ulardan hadsiz-hisobsiz ichki biologik hayotiy quvvat to‘playman! Senda esa unday bo‘lmaydi, yegan taoming hazm bo‘lmay, sirtga chiqadi, ketadi”.

Endi, xulosani o‘zingiz chiqaring.

Murodim UMRZOQOV,

shifokor.