Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Millat ehtiyojiga baxshida umr (2-qism)

Vatan qayg‘usida: Behbudiy va siyosiy jarayonlar

Vaqt o‘tishi bilan sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni tadqiq etgan Behbudiyning siyosatshunoslik va madaniyatshunoslikka oid asarlari ham tarixiy ahamiyatga molik bo‘la bordi. Bu yerda Turkistonda milliy davlat qurilishi muammolari muhim o‘rin egallaydi. Turkistonning siyosiy ahvoliga va tuzilishiga Behbudiy qanday munosabatda bo‘lgan?

U o‘z xalqi taraqqiyotini nafaqat ma’rifatda, balki uning siyosiy maqomining keskin o‘zgarishida, o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritishda, deb biladi. Ko‘plab maqolalari va siyosiy-ijtimoiy faoliyatida u Rossiya imperiyasi va vaqtli hukumatning mustamlakachilik siyosatini fosh qiladi, mavjud tuzum qonunlarini tanqid ostiga oladi. 

Behbudiyning imoni komilki, “Haq olinur, berilmas!”. U maqolasiga shunday sarlavha qo‘yadi, “Bayoni haqiqat” maqolasida ham yuqoridagi so‘zlarni ta’kidlaydi. “Tarixdan yaxshi ma’lumki, — deb yozadi Behbudiy. — Haq olinur, berilmaydur. Har millat va mamlakat xalqi o‘zining huquqi, dini va siyosatini harakat va ittifoq ila boshqalardan oladi... Biz, musulmonlar, xususan, Turkiston musulmonlari, istaymizki, hech bir kishi bizning din va millatimizga zulm, tahdid qilmasun va bizni ham boshqalarga tahdid qilmoqqa aslo fikr va niyatimiz yo‘q”.

Behbudiy ko‘pchilik jadidlar singari mustamlakachilikka qarshi qonsiz kurash tarafdori bo‘lib, har qanday inqilobga qarshi edi. U doimo diqqat bilan duma ishini kuzatar, parlament kurashi orqali ko‘p narsaga erishsa bo‘ladi, deb hisoblardi. U muxtoriyatning ashaddiy tarafdori bo‘lishiga qaramay, taraqqiyotga erishishning tadrijiy asta-sekinlik bilan amalga oshuvchi usullarini yoqlab chiqqan edi. 

“Agarda biz, Turkiston musulmonlari xohlasakki, din va millatimizni... ittifoq etib, bugundan islohotga, ittifoqqa qadam qo‘ysalar... ziyoli va taraqqiyparvarlarimiz, boy va ulamomiz birlashib, din va millat, vatan rivoji uchun xizmat etsak... O‘zimizdan bora-bora tadrijiy sur’atda askarlarimiz bo‘linsin. Ul milliy askarlarimizning vazifasini, qiyofat va shaklini, libos va tarzi maishatini o‘zimiz tayin qilurmiz. Mana, bizning oldimizda eng katta ishlar turibdur...”, deydi u. 

Sharqshunos Laziz Azizzoda “U har vaqt o‘z maqolalarida chor hukumatini tanqid qilar, ba’zan ochiq, ba’zan yashirin tashviqotlar qilar va ayni zamonda Buxoro amirligiga ham hujum qilar edi”, deb ta’kidlagan.

Mustaqillikka erishish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri, Behbudiyning fikricha, yoshlar va keksa avlod vakillarining birlashuvi darkor. Yosh avlod o‘zidagi shoshqaloqlik illatidan qutulib, masalalarni hal qilishda ilmiy asoslarga suyanib ish ko‘rishi va mustahkam iroda namoyon etishi kerak. 

1917 yil bahori Turkiston o‘lkasi musulmon ahli siyosiy jihatdan uyg‘ondi, bu masalada burilish holati yasaldiki, kuchayayotgan demokratik jarayonlarga bosh-qosh bo‘lish istagini bayon etgan yangi kuchlar siyosiy sahnaga chiqdi. Yangi tug‘ilayotgan milliy demokratik kuchlarning yadrosi, ya’ni markazi sifatida o‘z faoliyatida rahbarlik mavqeiga tayyorgarlik ko‘rib kelgan jadidlar maydonga chiqdi. 

Mahalliy xalqlarning mustaqillik va taraqqiyot yo‘lida o‘z g‘oyalarini o‘lkada shonli va zafarli demokratik inqilob bilan bog‘lagan jadidlar hayotga o‘zlari e’lon qilgan prinsiplarni tatbiq qilish bo‘yicha faol harakat boshladi. Tobora kengayib borayotgan demokratik jarayonlarda mahalliy aholining siyosiy manfaatlarini ustuvor himoya etish masalasi 1917 yil fevral voqealaridan so‘ng jadidlarning siyosiy sahnadagi faoliyati asosiy yo‘nalishiga aylandi. Turkistonda bu g‘oyalarning boshida Mahmudxo‘ja Behbudiy turar edi. 

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston parlamentida faqat rus tilidagina gapirish katta xato bo‘lur edi, deb hisoblardi. Turkiy va rus tillari teng huquqga ega bo‘lishi kerak, albatta, bu narsa ertami-kechmi amalga oshadi, deb ishonardi. 1917 yil 9-16 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi ijroiya qo‘mitalari qurultoyida so‘zga chiqqan Behbudiy Ahmad Zaki Validiy bilan hamkorlikda mahalliy xalqning saylanadigan organlarga teng huquqli asoslarda qatnashuvini yoqlaydi. 

Mahmudxo‘ja Behbudiy jadidlar orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan. Uning ishontira bilish xislati safdoshlariga gumon-shubha va qiyinchiliklarni yengib o‘tishda yordam berar edi.

Ahmad Zaki Validiyning guvohlik berishicha, Behbudiy jadidchilikning keng milliy harakatga aylanishiga ishongan. Behbudiy faoliyatida milliy manfaatlar ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishiga qaramay, uning o‘zi milliy harakat g‘oyasi atrofida barcha siyosiy kuchlarning birlashuvi tarafdori edi. U bolsheviklarga yot ko‘z bilan qarab kelgan va ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lgan. Chunonchi, Behbudiy o‘sha paytda mavjud bo‘lgan barcha firqalarni juda yaxshi bilar edi. 1906 yili u o‘zining “Xayr ul-umuri avsatuxo” (“Hamma narsaning o‘rtamiyonasi durust”) maqolasida to‘rtta firqaga, jumladan, bolsheviklar firqasiga ham baho berib o‘tgandi. U sotsial-demokratik firqa va uning dasturiga salbiy baho berib, uni utopiya deb baholagan. U 1918 yil noyabrda milliy ziyolilar tomonidan tashkil etilgan Turkiston muxtoriyatini olqishlab qabul qilgan va katta yordam bergan.

Dilorom ALIMOVA,

tarix fanlari doktori, professor.

Davomi bor.