Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Milliy test tizimi uchun onlayn ro‘yxatga olish boshlandi

Test sinovi jarayonlarining ochiqlik, shaffoflik va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida Davlat test markazi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar barchamizga ma’lum. Keyingi yillarda test sinovlari abituriyentlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan holda, viloyatlar markazlaridagi katta sig‘imli binolarda o‘tkazilmoqda. Jarayonda korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida abituriyentlar binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari orqali tekshirilib, test sinovlari kuzatuv kameralari orqali muntazam nazorat qilib borilmoqda.

Ayniqsa, pandemiya sharoitida abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tish, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz veb-sayti hamda Davlat test markazining abitur.dtm.uz rasmiy veb-sayti orqali amalga oshirildi. Bu esa abituriyentlarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, yo‘l xarajatlari va vaqtini tejagan holda respublikaning istalgan oliy ta’lim muassasasiga hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan birgalikda kirish test sinovini ham o‘zlari yashab turgan hududlarda topshirish imkoniyatini yaratdi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi 646-son qarorida 2020 yil 1 dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etilishi belgilangan. 

Mazkur qarorga ko‘ra, umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

➖ 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha;

➖ 2021 yil 1 fevralda kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha;

➖ 2022-2024 yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari bo‘yicha.

2020 yil 1 dekabr kuni ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi.

➖ Talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish my.dtm.uz sayti orqali 20 dekabrga qadar davom etadi.

➖ Qarorda test sinovida ishtirok etish uchun talabgordan bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undirilishi belgilangan.

Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.

Sertifikat test sinovidan ijobiy natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan boshlab, bir hafta mobaynida Davlat test markazi direktorining buyrug‘i asosida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.

2021-2022 o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.

 

Vohid SIRLIBOYeV,

Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.