Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muruvvatni ko‘z-ko‘z qilmang!

Yaqinda Sardoba suv omborida yuzaga kelgan holat natijasida ro‘y bergan suv toshqinidan aziyat chekkan aholiga butun mamlakatimiz, xalqimiz  yordamga oshiqdi.  O‘sha kunlarda Samarqanddan o‘nlab mashinalarda oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari Sirdaryoga yetkazildi. Aholi ham ushbu xayrli ishdan chetda turmay, imkon qadar yordam berishga harakat qildi. Lekin hech kim nima olib kelgani yoki necha so‘m berganini tashkilotchilarga yozdirmadi, hatto nomini ham aytmadi. O‘zimiz ham shunday holatlarga guvoh bo‘ldik, “iltimos, suratga olmang, kimligimizni yozmang, hech kimga aytib o‘tirmang, ehsonni chin yurakdan qilyapmiz” deganlar ko‘p bo‘ldi.

Bu o‘rinda yirik tashkilotlar, tadbirkorlarning yo‘li boshqa, ularga balki hisobot yoki boshqa maqsadda buni qayd etib qo‘yish zarurdir. Buni tushunish mumkin (ular orasida muruvvatini keng ommaga aytishdan istihola qilayotganlar ham ko‘p).

Lekin hozir koronavirus pandemiyasi sharoitida aholining ehtiyojmand qatlamiga “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida yoki markazlashgan holda berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish jarayonini suratga olib namoyish etish, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish juda ommalashib ketgandek. Bunga o‘sha ko‘makni olayotgan kishilar rozi bo‘lsa, yaxshi. Ammo norozi bo‘layotganlar ham kam emas-da. Chunki muruvvatni ko‘z-ko‘z qilish, baribir, minnatga yaqin.

Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan, xasta kishilarni to‘shakda bo‘lsa-da suratga olish, rahbarlarga rahmat ayttirish hech bir mezonga to‘g‘ri kelmaydi-ku.

Mayli, hisobot uchun suratga tushiring, fikrini yozib oling. Lekin keng ommaga namoyish etishdan biroz tiyilsangiz yaxshi bo‘lardi.

Bu – davlatning, ko‘pchilikning yordami bilan to‘plangan fonddan bugun ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lib qolgan oilalarga ajratilayotgan yordam. Siz shunchaki yetkazib beryapsiz, vositachisiz, xolos.

O‘zingiz homiylik qilib berganingizda ham, olayotgan narsalari uchun oriyatdan yuzi qizarib turgan yoki nogironligidan o‘kinayotgan odam bilan suratga tushib, buni ijtimoiy tarmoqda e’lon qilish muruvvatdan ko‘ra ko‘proq minnatga o‘xshaydi.

Muruvvat, xayr-saxovat chin dildan bajariladi, o‘ng qo‘l berganini chap qo‘l bilmasligi kerak, degan gaplarni hammamiz yaxshi bilamiz. Iltimos, shu bilganlarimizga amal qilaylik. Ozgina kamtar bo‘laylik!

G‘olib HASANOV.