Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Qochoq (hikoya)

Anton Chexov

Bu voqeaning tafsiloti ancha uzun. Avval Pashka onasi bilan yomg‘irda ivib, goh ekini o‘rib olingan daladan, goh etigiga sariq barglar yopishadigan o‘rmondagi so‘qmoq yo‘ldan tong yorishguncha yurdi. Keyin eshikning ochilishini kutib, qorong‘i dahlizda ikki soatga yaqin turdi. Dahliz hovlidan ko‘ra issiqroq va zax emas edi-yu, lekin shamol turganda yomg‘ir tomchilari bu yerga ham urardi. Dahliz asta-sekin odam bilan to‘lganda, siqilib qolgan Pashka allakimning baliq isi anqib turgan po‘stiniga yuzini qo‘yib, mudrab oldi. Lekin lo‘kidon sharaqladi-da, eshik ochilib, Pashka onasi bilan qabulxonaga kirdi. Bu yerda yana uzoq kutishga to‘g‘ri keldi. Hamma bemorlar skameykalarda qimir etmay, jim o‘tirardi. Pashka ularni ko‘zdan kechirar, juda ko‘p g‘alati va qiziq narsani ko‘rayotgan bo‘lsa ham indamas edi. Faqat bir gal qabulxonaga allaqanday o‘spirin bola bir oyoqlab, hakkalab kirganda, Pashkaning o‘zi ham xuddi shunday hakkalagisi keldi. U onasining tirsagiga turtdi, og‘zini yengiga qilib, piqillab kuldi-da:

— Oyi, qarang, chumchuq! — dedi.

— Jim tur, o‘g‘lim, jim tur! — dedi onasi.

Kichik darchada, uxlayverib shishib ketgan, feldsher ko‘rindi.

— Qani, yozilinglar! —dedi u yo‘g‘on ovoz bilan.

Hamma, shu jumladan, hakkalab yuruvchi qiziq bola ham darchaga yaqin keldi. Feldsher har bir kishidan ismini, otasining ismini, yoshini, turar joyini, qachondan beri betobligini va hokazolarni so‘radi. Pashka onasining bergan javobidan o‘zining ismi Pashka emas, Pavel Galaktionov ekanini, yoshi yettidaligini, savodsiz va pasxadan buyon betobligini bilib oldi.

Yozilib bo‘lgandan keyin biroz tikka turishga to‘g‘ri keldi; qabulxonadan oq fartuk kiygan, belini sochiq bilan boylagan doktor o‘tdi, hakkalab yuruvchi bola yonidan o‘tib keta turib, yelkasini qisdi va ohangdor ovoz bilan:

— Tentak ekansan-ku! Tentak bo‘lmasang shunaqa qilarmiding? Dushanba kuni kelgin desam, juma kuni kelib o‘tiribsan. Menga desa sira kelma, lekin oyoqdan ayrilib qolasan-a, tentak! — dedi.

Bolaning basharasi xuddi sadaqa so‘raydigandek qayg‘uli tus oldi, ko‘zlarini pirillatib:

— Bir yaxshilik qiling, Ivan Mikolaich! — deb yalindi.

— Ivan Mikolaichmish! — dedi doktor, uni mazax qilib. — Dushanba kuni kelgin degan edim, aytganimni qilishing kerak edi. Ahmoqning o‘zginasi ekansan-ku!..

Qabul boshlandi. Doktor xonasida o‘tirib bemorlarni navbatma-navbat chaqiradi. Xonadan chinqiriq, bolaning yig‘lagani yoki doktorning achchig‘lanib:

— Ha, nega bo‘kirasan? Men seni so‘yyapmanmi? Jim o‘tir! — degani eshitiladi.

Pashkaga navbat yetdi.

— Pavel Galaktionov! — deb chaqirdi doktor.

Onasi go‘yo bu chaqiruvni kutmagandek hushi og‘ib qoldi va Pashaning qo‘lidan ushlab, xonaga olib kirdi. Doktor stol yonida, qalin kitobni bolg‘acha bilan beixtiyor urib o‘tirardi.

— Qayering og‘riydi? — deb so‘radi u kirganlarga ham qaramay.

— Bolaning tirsagiga yara chiqqan, otaxon, — deb javob berdi onasi, uning yuzi shunday o‘zgardiki, Pashkaning yarasi uni haqiqatan juda xafa qilganday edi.

— Yechintir!

Pashka pishillay-pishillay bo‘ynidagi ro‘molni yechdi, keyin yengi bilan burnini artdi-da, po‘stinini yecha boshladi.

— Ey xotin, mehmonga kelganmisan! — deb to‘ng‘illadi doktor. — Muncha imillamasang? Sendan boshqa qarab turganlar ham ko‘p!

Pashka shosha-pisha po‘stinini yechib yerga tashladi-da, onasining yordami bilan ko‘ylagini yechdi. Doktor erinchoqlik bilan unga qaradi va yalang‘och qorniga shapillatib urib qo‘ydi.

— Pashka og‘ayni, toza qorin solibsan-ku, — dedi u chuqur nafas olib.

— Qani, tirsagingni ko‘rsat-chi.

Pashka qonli jomga ko‘z qirini tashladi, doktorning fartugiga qaradi-da, yig‘lab yubordi.

— Ii-i! — deb mazax qildi doktor. — Uylantiradigan bo‘lib qolipti-yu, bo‘kirishini qara-ya! Uyalmaydiyam.

Pashka yig‘lamaslikka urinib, onasiga qaradi, uning bu boqishida: «Uyga borganda kasalxonada yig‘laganimni aytib yurma, tag‘in!» degan o‘tinch bor edi.

Doktor uning tirsagini qaradi, ezib ko‘rdi, chuqur nafas oldi, lablarini cho‘pillatib qo‘ydi-da, yana ezib ko‘rdi.

— Qanaqa xotinsan o‘zing, — dedi u. — Nega ilgariroq olib kelmading? Qo‘ldan ayrilib qolay depti-yu! Ko‘zing bormi, o‘zi, tentak, buning bo‘g‘ini kasal!

— Buni siz yaxshi bilasiz, otaxon… — deb uh tortdi xotin.

— Otaxon emish… Bolaning qo‘lini yiringlatib yuboribsan-u, yana otaxon deysan.

Qo‘lsiz nimaga yaraydi? O‘la-o‘lguncha senga dardisar bo‘ladi. Burningga issig‘liq toshsa-ku, o‘zing kasalxonaga yugurasan. Bolani bo‘lsa yarim yildan buyon azobga qo‘yibsan. Hammangiz ham shunaqa!

Doktor papiros tutatdi. Papirosni chekib bo‘lguncha xotinni koyidi, xayolida kuylayotgan qo‘shiq ohanggiga moslab boshini chayqab, allanarsalar haqida o‘ylab o‘tirdi. Doktorning oldida yalang‘och turgan Pashka uning gapiga quloq solar, papiros tutuniga qarardi. Papiros o‘chgandan keyin doktor uyg‘ongandek boshini kutardi-da, avvalgidan ko‘ra sekinroq gapira boshladi:

— Menga qara, ayol. Buni moy yoki dori bilan davolab bo‘lmaydi. Uni kasalxonada qoldirish kerak.

— Qoldirish kerak bo‘lsa, otaxon, qoldirmay nima qilardik?

— Biz uni operatsiya qilamiz. Sen-chi, Pashka, shu yerda qol, — dedi doktor Pashkaning yelkasiga qoqib. — Oying ketaversin, sen bilan ikkovimiz shu yerda qolamiz, og‘ayni. Mening malinalarim pishgan, og‘ayni! Ikkovimiz-chi, Pashka, ishimizni bitirganimizdan keyin sa’va tutgani boramiz, men senga tulkini ko‘rsataman. Mehmondorchilikka boramiz! Xo‘pmi? Oying ertaga kelib olib ketadi! Xo‘pmi?

Pashka onasiga savol nazari bilan qaradi.

— Qola qol, o‘g‘lim! — dedi u.

— Qoladi, qoladi! — dedi doktor xushchaqchaqlik bilan. — Gapirib o‘tirish ham ortiqcha! Men unga tirik tulkini ko‘rsataman. Yarmarkaga birga borib obaki olamiz! Marya Denisovna, yuqoriga olib chiqing!

Doktor xushchaqchaq, ko‘ngilchan kishiga o‘xshaydi, sherik topilganiga xursand ko‘rinadi; Pashka uning so‘zini yerda qoldirmoqchi emas, buning ustiga umrida yarmarkaga bormagan, tirik tulkini ko‘rish ishtiyoqi ham zo‘r, lekin onasiz qanday qiladi? Biroz o‘ylab ko‘rgach, u doktordan onasini ham kasalxonada qoldirishni so‘ramoqchi bo‘lgan edi, lekin og‘zini ochishga ham ulgurmay qoldi, feldsher xotin uni yetaklab zinadan chiqib ketdi. Pashka og‘zini ochib, atrofga alanglab borardi. Zina, pol va kesakilar bahaybat, yorug‘, sariq rangga bo‘yalgan bo‘lib, hammasidan o‘simlik moyining yoqimli hidi kelib turardi. Hamma joyga lampa osilgan, poyandoz to‘shalgan, devorlardan mis jo‘mraklar chiqib turardi. Pashkaga hammasidan ham o‘zini o‘tqazib qo‘yishgan krovat bilan kulrang g‘adir-budur adyol yoqdi. U yostiqni, adyolni ushlab ko‘rdi, palatani ko‘zdan kechirib chiqdi-da, doktor yaxshi yasharkan, degan fikrga keldi.

Palata u qadar katta emas, uchta krovat qo‘yilgan edi. Krovatning bittasi bo‘sh, ikkinchisini Pashka egalladi, uchinchisida esa to‘xtovsiz yo‘talib, krujkaga tuflayotgan qovog‘i soliq chol o‘tirardi. Pashkaning krovati turgan joydan — eshikdan qarasang boshqa palataning ikki krovat turgan bir qismi ko‘rinardi: krovatning bittasida boshiga kauchuk pufak qo‘yilgan allaqanday rangsiz, oriq kishi yotardi; ikkinchisida xotinga o‘xshagan, boshi bog‘langan mujik qo‘llarini yoyib o‘tirardi.

Feldsher xotin Pashkani o‘tqazib chiqib ketdi va birozdan keyin bir quchoq kiyim ko‘tarib kirdi.

— Bu senga, — dedi u. — Kiyib ol.

Pashka yechindi va suyunib yangi kiyimlarni kiya boshladi. Ko‘ylak-ishtonni va kulrang choponni kiyib olgach, o‘zini mamnuniyat bilan ko‘zdan kechirdi va shu kiyimda qishloqni bir aylanib chiqsam yomon bo‘lmas edi, deb o‘yladi. Uning tasavvurida onasi uni daryo bo‘yidagi polizga cho‘chqa bolasi uchun karam bargi yulib kelishga yuboradi; u yugurib ketadi, o‘g‘il va qiz bolalar uni qurshab olishadi, uning choponini ko‘rib havaslari keladi.

Palataga ikkita yog‘och tovoq, qoshiq va ikki burda non ko‘targan enaga kirdi. U tovoqning bittasini cholning, ikkinchisini Pashkaning oldiga qo‘ydi.

— Ye! — dedi u.

Pashka tovoqqa qarasa, yog‘liq karam sho‘rva va bir bo‘lak go‘sht bor ekan. U, yana, doktor yaxshi yashar ekan, o‘zi ham birinchi ko‘rinishdagidek serjahl emas ekan, deb o‘yladi. U har xo‘plashda qoshiqni yalab, karam sho‘rvani uzoq ichdi; keyin tovoqda go‘shtdan boshqa hech narsa qolmagach, cholga ko‘z qirini tashladi va uning hamon sho‘rva ichayotganini ko‘rib havasi keldi. U chuqur nafas oldi-da, go‘shtni sekin-sekin yeya boshladi, lekin uning butun harakatlari bekor ketdi: bir pasda go‘shtni ham yeb qo‘ydi. Faqat ozgina non qoldi, xolos. Nonning quruq o‘zini yeyish mazali emas, lekin boshqa iloj yo‘q. Pashka o‘ylab ko‘rdi-da, nonni ham yeb qo‘ydi. Shu vaqt enaga yana tovoq ko‘tarib kirdi. Bu gal tovoqda kartoshka solingan qovurdoq bor edi.

— Noning qani? — deb so‘radi enaga.

Pashka javob berish o‘rniga lunjini shishirdi va nafa sini puflab chiqardi.

— Nega yeb qo‘yding? — dedi enaga koyib. — Qovurdoqni nima bilan yeysan?

U chiqib ketdi va yana bir burda non olib keldi. Pashka umri bino bo‘lib qovurilgan go‘sht yemagan edi. Hozir uni yeb ko‘rib, juda mazali ekan degan xulosaga keldi. Qovurdoq darrov tamom bo‘ldi. Qovurdoqni yeb bo‘lganda, karam sho‘rvadan keyin ortgan nondan sal kattaroq non qoldi. Chol ovqatlanib bo‘lib, qolgan nonini stol tortmasiga yashirib qo‘ydi; Pashka ham xuddi shunday qilmoqchi bo‘ldi-yu, biroz o‘ylab ko‘rgach, yeb qo‘ya qoldi.

Qorni to‘ygandan keyin sayr qilishga chiqdi. Qo‘shni palatada boya ko‘rganidan boshqa yana to‘rt kishi bor edi. Ulardan faqat bittasi uning diqqatini o‘ziga tortdi. Bu novcha, ma’yus, serjun yuzli o‘taketgan oriq bir kishi edi; u krovatda o‘tirar, boshini soat kapkiri singari qimirlatar va o‘ng qo‘lini tinmay silkitardi. Pashka anchagacha undan ko‘zini uzmadi. Mujikning soat kapkiri singari bir me’yorda bosh silkishi unga avval juda qiziq bo‘lib, hammaning vaqti xushligi uchun qilinayotgandek tuyuldi. Lekin mujikning yuziga sinchiklab qarab, og‘ir kasalga mubtalo ekanini anglagach, uni vahima bosdi. Uchinchi palataga kirgan edi, loy surtib qo‘yilganga o‘xshagan to‘q qizil yuzli ikki mujikni ko‘rdi.

Ular krovatlarda qimir etmay o‘tirardi, og‘iz-burunni ajratish qiyin bo‘lgan g‘alati yuzli bu mujiklar majusiylarning xudosiga o‘xshardi. Pashka enagadan:

— Xola, nega ular bunaqa?—deb so‘radi.

— Chechak chiqqan ularga, yigitcha, — dedi enaga. Pashka palatasiga qaytib, krovatga o‘tirdi va birga sa’va tutgani yoki yarmarkaga borgani doktorni kuta boshladi. Lekin doktor kelavermadi. Qo‘shni palata eshigida feldsher ko‘rindi. U boshiga xaltaga muz solib qo‘yilgan bemor tepasiga kelib engashdi-da:

— Mixaylo! — deb qichqirdi.

Uxlab yotgan Mixaylo qimir etmadi. Feldsher qo‘lini siltadi-yu chiqib ketdi. Pashka doktorni kutib o‘tirar ekan, qo‘shni cholni ko‘zdan kechira boshladi. Chol tinmay yo‘talar va krujkaga tupurardi; u cho‘zib-cho‘zib, xirillab yo‘talardi. Pashkaga cholning bir qilig‘i yoqdi: yo‘talayotib nafas olganida, ko‘kragida allanarsa hushtak chalar va turli ovozlar chiqarib qo‘yardi.

— Buva, ichingda hushtak chalayotgan nima? — deb so‘radi. Pashka.

Chol javob bermadi. Pashka biroz kutib:

— Buva, tulki qayerda? — deb so‘radi.

— Qanaqa tulki?

— Tirik tulki.

— Qayerda bo‘lardi? O‘rmonda bo‘ladi-da.

Ancha vaqt o‘tdi, lekin doktor hamon kelmadi. Enaga choy olib kirdi, choy bilan ichishga non qoldirmagani uchun Pashkani koyidi; feldsher yana bir bor keldi va Mixayloni uyg‘otishga urinib ko‘rdi; derazadan qorong‘ilik ko‘rina boshladi, palatalarda chiroq yoqildi, doktordan esa hamon darak yo‘q edi. Endi kun kech, yarmarkaga ham, sa’va tutishga ham borib bo‘lmaydi. Pashka krovatiga cho‘zilib yotdi-da, o‘ylay boshladi. U doktor va’da qilgan obakini, onasini, uning ovozini, kulbalarining qorong‘iligini, pechkani, ezma kampir Yegorovnani esladi… Esladi-yu, birdan ko‘ngli buzilib, yuragi g‘ash bo‘ldi. Ertaga onasining olib ketgani kelishini eslab, jilmaydi-da, ko‘zini yumdi.

Shitirlagan tovush uni uyg‘otib yubordi. Qo‘shni palatada kimdir yurar, shivirlab gapirardi. Shamlarning shu’lasida Mixayloning krovati yonida uch odamning uymalashib yurgani ko‘rinardi.

— Krovati bilan olib chiqamizmi yo shundaymi? — deb so‘radi ulardan biri.

— Shunday. Krovat bilan olib o‘tib bo‘lmaydi. Joying jannatda bo‘lgurning bemahal o‘lganini qarang!

Biri — Mixayloning yelkasidan, ikkinchisi — oyog‘idan ushlab ko‘tardi: Mixayloning qo‘li va choponining etagi osilib qoldi. Uchinchisi — xotinga o‘xshash mujik — cho‘qindi, keyin uchalasi oyoqlarini tapillatib, Mixayloning etagini bosib-bosib palatadan chiqishdi.

Uxlab yotgan cholning ko‘kragidan hushtak chalgan, kuylagan ovoz eshitilardi. Pashka quloq solib turdi, keyin qorong‘i derazaga qaragan edi, yuragini vahima bosib, krovatidan sakrab turdi.

— O-o-oy-i-i! — deb baqirdi.

Baqirib yubordi-yu, javob kutmay qo‘shni palataga yugurdi. Shamning nuri xonaning qorong‘i burchaklarini g‘ira-shira yoritib turardi: Mikolaning o‘limidan bezovta bo‘lgan bemorlar krovatlarida o‘tirardi; sochlari to‘zg‘igan, o‘z soyalari bilan chalkashib ketgan bu odamlar savlatli va novcha bo‘lib ko‘rinar, borgan sayin katta bo‘layotgandek tuyulardi; eng qorong‘i burchakda turgan chekkadagi krovatda mujik boshi va qo‘lini silkitib o‘tirardi.

Pashka qaysi eshikni ochishini o‘ylab o‘tirma y, chechak kasallari yotgan palataga o‘zini urdi, u yerdan yo‘lakka chiqib, yo‘lakdan krovatlarda uzun sochli, kampir qiyofadagi bahaybat maxluqlar o‘tirgan va yotgan katta xonaga otilib kirdi. Xotinlar bo‘limidan o‘tgach, u yana yo‘lakka chiqib qoldi, tanish zinani ko‘rib, chopqillab pastga tushdi. Shu yerga kelganda o‘zi o‘tirgan qabulxonani ko‘rdi, tashqari chiqiladigan eshikni qidira boshladi.

Lo‘kidon sharaqladi, sovuq shamol yuziga urildi, Pashka qoqila-suqila hovliga otilib chiqdi. U faqat bir narsani — qochishni o‘ylardi, xolos! Yo‘lni bilmasdi, lekin agar chopib ketaversa, albatta uyga, oyisining oldiga yetib borishiga ishonardi. Bulutli tun edi, lekin bulut orasidan oy nur sochib turardi. Pashka pillapoyadan chiqib to‘g‘riga qarab yugurib ketdi, omborni aylanib o‘tdi-da, qalin butazorga duch keldi; biroz o‘ylab turgach, orqaga, kasalxona tomonga qaytdi, uni aylanib o‘tdi-da, yuragi dov bermay yana to‘xtab qoldi: kasalxona binosining narigi tomonida go‘riston krestlari oqarib ko‘rinardi.

— Oyi-i-i!—deb qichqirib yubordi u va yana orqaga tashlandi.

Qorong‘i, ko‘rimsiz imoratlar yonidan yugurib o‘ta turib bir yorug‘ derazaga ko‘zi tushib qoldi. Yorug‘, qizil dog‘ qorong‘ida dahshatli ko‘rinsa-da, qo‘rquvdan o‘zini yo‘qotgan, qayoqqa borishini bilmagan Pashka shu tomonga burildi. Deraza yonida pillapoya va oq taxtacha qoqilgan eshik bor edi; Pashka zinadan yugurib chiqdi-da, derazaga qaradi, birdan butun vujudini cheksiz quvonch qamrab oldi. Derazadan stol yonida kitob o‘qib o‘tirgan xushchaqchaq, ko‘ngilchan doktorni ko‘rdi. Pashka suyunganidan kulib, tanish odamiga qo‘lini uzatdi va chaqirmoqchi bo‘lgan edi hamki, birdan allaqanday kuch nafasini bo‘g‘ib, oyog‘iga kelib urildi; u gandiraklab ketdi va zinaga hushsiz yiqildi.

U o‘ziga kelganda allaqachon kun yorishgan edi. Kecha yarmarkaga olib borishni, sa’va tutishni va tulkini ko‘rsatishni va’da qilgan juda tanish ovoz yonginasida eshitilardi:

— Obbo, tentak, Pashka-yey! Tentak bo‘lmasang shunaqa qilasanmi? Savalaydigan odam yo‘q-da, seni.