Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nariman Grigoryanning o‘limi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi taniqli dizayner Nariman Grigoryan qotilligi tafsilotlarini ochiqladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 14 yanvar kuni soat 12:05 larda Yashnobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shu tumanda joylashgan xonadonning mehmonxonasidan 1985 yilda tug‘ilgan Nariman Grigoryan (Nariman Alimdjanov)ning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida mazkur qotillik jinoyati 1996 yilda tug‘ilgan A.A. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan. Ayblanuvchi so‘roq davomida Nariman Grigoryanni qasddan o‘ldirganini tan olgan.

Ayblanuvchi dizaynerning pul mablag‘lariga egalik qilish maqsadida 13 yanvar kuni 1 litr hajmdagi baklashkada benzin va pichoq bilan qurollanib, Grigoryanning uyiga borgan. So‘ng uni qasddan o‘ldirib, xonadonda bo‘lgan 625 AQSh dollari, 2 dona "Iphone" telefoni, 1 dona elektron sigareta chekish moslamasi, 1 dona "Airpods" naushnigi, "Captiva" rusumli avtomashina kalitini o‘zi bilan olib ketgan.

Xonadondan chiqib ketayotgan vaqtida jinoyat ishlarini yashirish maqsadida xonadon va Narimon Grigoryanning murdasiga o‘zi bilan olib kelgan benzin yoqilg‘isini sepib, o‘t qo‘ygan.

So‘ng mazkur xonadonga kirish eshigini qulflab chiqib ketgan.

So‘roq davomida u telefonlar, avtomashina kaliti va 2 ta pichoqlarni Qorasuv kanaliga tashlab yuborganligini, 225 AQSh dollarini so‘mga ayirboshlab, bir qismini o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborganligiga iqrorlik bildirgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, Chigil ko‘chasidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanalidan 2 dona pichoq, A.A.ning yonidan 400 AQSh dollari va 1 million 60 ming so‘m pul mablag‘lari, 1 dona "IQOS" elektron sigareta chekish moslamasi va 1 dona "Airpods" quloqchini (naushnik)lar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida sud tibbiy va daktiloskopiya ekspertizalari tayinlanib, ayblanuvchi A.A.ning ko‘rsatmalarini hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish tergov harakatlari o‘tkazilib, 17 yanvar kuni A.A.ga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.