Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Navoiyni anglash yoki ko‘ngil sayri

Navoiy – buyuk mutafakkir shoir. U o‘zigacha bo‘lgan barcha diniy-falsafiy va mistik ta’limotlarni chuqur o‘rgangan olimdir. Uning ijodi o‘zigacha yaratilgan barcha diniy g‘oyalar, buyuk falsafalar, ularning forsiy va turkiy she’riyatda aks etgan talqinlarini mujassam etgan bo‘lib, ularni yangicha xassoslik bilan qayta taqdim etadi. Uning doston va g‘azallarida aks etgan ilmiy-badiiy, diniy-falsafiy tafakkur ko‘lami shu qadar kengki, ba’zi baytlar sharhi o‘quvchidan nihoyatda chuqur bilimlarga ega bo‘lishini taqozo etadi.

Navoiyning diniy ta’limotlarga munosabati o‘ziga xos. «Hayrat ul-abror» dostonida «Ko‘ngulning uch hayrati» tavsifiga bag‘ishlangan bo‘limda buning ifodasini ko‘rish mumkin. Uch hayratda, mohiyatan, Navoiyning din haqidagi falsafiy-tasavvufiy qarashlarining uyg‘un tarzdagi mo‘’jaz xulosasi keltirilgan. Xususan, ko‘ngil-ruhning ikkinchi hayratida dinlar haqiqati ochib beriladi. Ko‘ngil samoni sayr qilib, eng yuqori olamga yetib boradi:

Chun boridin yuqqori urdi alam,
Yuqqorig‘i poyag‘a qo‘ydi qadam.
Ko‘rdi o‘shul xittani butxonaye,
Har butining hay’ati durdonaye.
Anda ne rahbon edi, ne barhaman,
Lek bori butlar edi siymtan.
Har buti butgarg‘a parastishda mast,
O‘ylaki but sajdasida butparast.
Muncha g‘aroyibg‘aki qildi guzar,
Ayladi ibrat ko‘zi birla nazar.
Borchasida zikru sujud angladi,
Ma’rifatullohg‘a shuhud angladi.
Yuzlanib o‘z holida g‘ayrat anga,
Birga ming o‘ldi yana hayrat anga.

Ma’nosi: eng yuqori olamga qadam qo‘yganda, butxonaga ko‘zi tushdi. U yerda na rohib va na barahman bor edi. Faqat kumush tanli butlar bo‘lib, ular xuddi butparastlar butga sajda qilgandek, o‘zlarini bunyod etgan Butlarga parvona edilar. Bu g‘aroyibotlarga duch kelgan ko‘ngil ularga ibrat ko‘zi bilan qaradi. Barchasi (Butlarga) sajda va zikr bilan bandligini ko‘rdiyu dinlar haqiqatini angladi. Bu holatdan bir hayrati ming bo‘ldi.

Navoiy fikricha, dinlar turli xil bo‘lishiga qaramay, ularning haqiqati asosida yagona Parvardigorga sig‘inish turadi. Hatto butparastlik ham Alloh taoloning tajalliyotlaridan biriga sig‘inishdir, demakkim, barcha dinlar aslida birgina Alloh taologa sajda qiladilar. Shuning uchun o‘zga dinlarni qoralash, ularga murosasiz bo‘lish noto‘g‘ridir. Shu fikr «Lison ut-tayr» asarida tasdiqlanadi:

Qolmasa olam mato‘idin jihot,
O‘zga nav’ o‘lg‘ay sanga ul dam sifot.
Kufr ila imong‘a urg‘aysan ilik,
Bu tama’din ochilg‘ay bir eshik.
Chun eshik ochildi ne kufru ne din,
Ichkari kirgach, qutulding barchadin.
Kufru imon rohravga kesh emas,
Asl yo‘lda bandi rohe, besh emas.

Ma’nosi: Inson fe’l-atvori va amalida Olam matosidan (material olam qobig‘ida o‘ralashib qolishdan) hech narsa qolmagach, dunyoga boshqacha nazar tashlay boshlaydi. Kufr va imon mohiyati haqida tafakkur qila boshlasa, bu harakatdan bir eshik (haqiqat) ochiladi. Ichkariga kirgach (uni anglagach), barcha (mavjud diniy va e’tiqodiy farqlar, kelishmovchiliklar, diniy ixtiloflar) arzimasligini tushunadi. Kufr va imon murosasizligi Alloh haqiqatini bilish, ya’ni dinning tub mohiyatini anglash yo‘lida to‘siqdan boshqa hech narsa emas.

Shoir yuqoridagi satrlarda bu dunyo Ezgulik uchun yaratilgani, Parvardigor uchun diniy ta’limotlarning turlicha bo‘lishi ahamiyatsiz bo‘lib, inson nafs illatlaridan qutulib, ma’nan yuksak fazilatlar kasb etishi va turli ilmlarni taraqqiy ettirishi orqali aqlan olamning yaratilish mohiyatini tushunib yetishi muhimroq, degan g‘oyani ilgari surgani ko‘rinib turibdi.


Shuhrat Sirojiddinov,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor.