Bugunning gapi: Har ne’matning uvoli bor

Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatyaptiki, qaysi xalq tejamkor, uddaburon, omilkor bo‘lsa, farovon turmush kechiradi. Aslida yurtdagi tinchlikning, chiqib turgan quyoshning, yonib turgan ko‘ngilning, pishib turgan ne’matlarning ham qadri bor. Bu qadrni tushunmaslik, ya’ni noshukurlik va isrofgarchilik Yaratganga ham yoqmaydi.
Bu gaplar yangilik emas - bu haqda ko‘p yozyapmiz, ko‘p gapiryapmiz, lekin ba’zi hollarda teskari holatlarni ko‘rib, hafsalamiz pir bo‘lyapti. Men yo‘l yoqalaridagi hil-hil pishib turgan mevalar, ularning oyoqosti bo‘layotganini nazarda tutyapman.
Bobom rahmatlik bir paytlar Samarqand shahrida ikki yil qatorasiga daraxtlar meva solmagani qattiq qahatchilikka olib kelganini aytardi. O‘shanda odamlar bolalarini, hatto qizlarini ham qishloq joylarga olib borib, bir xalta turshak yoki mayizga almashib kelishgan ekan. Chunki bolasining uvolidan qo‘rqqan: kasal bo‘lmasin, o‘lib qolmasin deb o‘ylagan. Bugun esa...
Biz to‘kin davrda yashayapmiz. Noz-ne’matlarni uyingizga keltirib beradigan xizmatlar talay. Buning ustiga, yurtimizga bahor yaxshi keldi, hech bir mevani sovuq urmadi, shuning uchun shaharning qaysi ko‘chasiga bormang, ko‘chalar, darvozalar oldida hosilini ko‘tara olmay turgan daraxtlarga ko‘zingiz tushadi. Buning uchun shukr qilishimiz kerak. Mevasi pishib, yerga tushib, yer bilan bitta bo‘lib turgan bir vaqtda, shu yaqin orada bemalolgina suhbat qurib o‘tirib olgan katta yoshli kishilarga ko‘zim tushganda dilim yanada xiralashadi.
Rahmatli momom ana shunday paytda hashar qilib, ko‘chadagi daraxtlarning mevasini terdirib, yerga tushib isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdilar, miskinroq oilaga murabbo qilib berardi, quritib, qoqi qilardi. Hayronman, biz ana shunday tejamkor, omilkor el farzandi bo‘lsak-da, bugun pishib yetilgan noz-ne’matlarga hurmatsizlik qilmayapmiz-mi? To‘ylardagi iste’mol qilinmay qolib ketgan taomlardek, uyimiz oldidagi daraxtlardagi mevalar to‘kilib yer bilan bitta bo‘lib qolyapti. Na katta yoshdagi kishilar, na hoji ona va hoji otalar, hech kim bir-biriga e’tiroz bildirmaydi. Mahalla raislari-chi? Ular shu yaqin atrofda yashaydigan, har kuni ko‘chaga chiqqanida ko‘zi tushadigan, oyoqosti bo‘layotgan o‘rik, olma, olcha (bundan avvalroq tut)larni ko‘rib nahotki, biror bir gap aytishga jur’at etmasa? Vaholanki, aynan shu mevalarni ular ham, do‘konlardan keltirib yeyishyapti.
Shu o‘rinda bir misol keltirishni joiz ko‘rdim.
Turkiyada safarda bo‘lgan chog‘imda uylar, hovlilar yonlari, ko‘cha yoqalari va hatto xiyobonlarga tutash ko‘chalarda apelsin, xurmo, banan, zaytun va yana ko‘plab ne’matlarning yetilib pishayotgani guvohi bo‘ldim. Biror bir joyda u yerda yashaydigan odamlar farzandlarining ularga tosh otib, tushirishga harakat qilganini, ne’matlarning yerda isrof bo‘lganini ko‘rmadim. Mevalar pishgach, ular terib olinib, yaqin atrofda yashaydigan odamlar orasida bo‘lib olinar ekan.
Zaytunning yog‘gacha bo‘lgan “sayohat”i esa yana bir noyob an’ana ekan. Kuz kelishi bilan o‘rim-yig‘imdan so‘ng, zaytun mevalari darhol mahalliy tegirmonlarga yuboriladi, ular xizmat haqi evaziga yuqori sifatli zaytun moyini ishlab chiqarish uchun presslanib, maxsus idishlarga solib egalariga qaytarib beriladi. Zaytun yig‘ishning bu qadimiy an’anasi oilalar, jamoalar va mehmonlarni madaniyat va xo‘randalikning ajralmas qismi bo‘lmish ko‘p asrlik udumlarda ishtirok etish orqali birlashtiradi.
O‘zimizda ham shunga o‘xshash odatlar yo‘q emas. Bolaligimda mahallada yashab yurgan paytlarimizda qo‘shnilar bilan kelishib olib, ko‘chaga katta choyshabni ko‘tarib chiqardik. Pastda turib to‘rt tomonidan ushlardik. Bir kishi daraxt tepasiga chiqib tut qoqardi. So‘nggi yillarda ko‘chalarda bunday holatni juda kam uchratasiz yoki umuman yo‘q bo‘lib ketgan. Go‘yo odamlar bunday ovoragarchilikdan o‘zini olib qochayotgandek. Mabodo bizda ham shunday an’analar tiklanib, yo‘lga qo‘yilsa, ne’matlar uvol bo‘lmasmidi?
Bahora Muhammadiyeva.