O‘zbekiston-Ozarbayjon: Tarixiy birlik, bugungi hamjihatlik, kelgusi taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik

O‘zbek va ozar xalqlari bir-birini tarjimonsiz, o‘z ona tilidagi so‘zlari bilan dildan tushunadigan, turmush tarzi, orzu-intilishlari, maqsad va muddaolari bir bo‘lgan xalqlardir. Bunga o‘tgan ming yilliklar guvoh.
Tarix, adabiyot, madaniyat, san’at, me’morchilik sohalarida yaratilgan va yaratilayotgan durdonalar ikki xalq tomonidan ham o‘zimizniki deb qabul qilinadi. Bunga misollar ko‘p.
Bugungi globallashgan davrda hech bir mamlakat yoki millat faqatgina o‘z imkoniyati bilan bilan to‘laqonli rivojlanish va taraqqiyotga erishishi qiyin. Oddiy qilib aytganda, ehtiyojlarimiz uchun zarur bo‘lgan barcha mahsulot va xizmatlar, eksport va import, yanayam soddaroq qilib aytsak, bordi-keldi, oldi-sotdi tegishli qonunlar, tartib va taomillarsiz amalga oshmaydi. Ushbu masalalar davlat rahbarlarining ezgu intilishlarida ustuvorlik kasb etib, ular tomonidan imzolanayotgan oliy darajadagi, hukumatlar va Parlamentlar hamkorligi asosida qabul qilinayotgan ko‘plab hujjatlarda o‘z aksini topib, hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ta’minlamoqda.
Davlatimiz rahbarining Ozarbayjon Respublikasiga amalga oshirgan bu galgi tashrifi ham 10 dan ortiq bitimlar imzolanishi, shu davrga qadar zabt etilgan hamkorlik marralarini yanada rivojlantrishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Keyingi 8 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar almashish qariyb 8 barobarga oshib, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha 253 mln AQSh dollariga yetdi. Mamlakatimiz mahsulotlari eksporti 7,5 barobarga oshib 208 mln AQSh dollarini tashkil etdi. Ozarbayjondan mamlakatimizga kirib kelgan import tovarlari hajmi 45 mln AQSh dollarini tashkil etdi.
Tashrif davomida tovar ayirboshlashni ikki tomonning imkoniyatlaridan foydalangan holda 2030 yilgacha 1 mlrd AQSh dollariga yetkazish borasida yo‘l xaritasi imzolandi. Ozarbayjon Prezidenti mamlakat poytaxti Boku shahrida O‘zbekiston bog‘ini qurish loyihasiga bosh-qosh bo‘layotgan bo‘lsa, xuddi shunday mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida Ozarbayjon bog‘ini yaratishdek, ikki xalqning bir-biriga bo‘lgan hurmati, hamkorligi namunasi sifatida qad rostlaydigan bog‘ tashabbuskori Yurtboshimiz bo‘lmoqda. Tashrif davomida ko‘plab amaliy muloqot va taqdimotlar tashkil etilgani ham yuqoridagi fikrlarimizni dalillaydi. Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi davomida ikki davlat rahbarlari huzurida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishida qabul qilingan hujjatlar esa hamkorlik qamrovi va ko‘lami yanada kengayib borayotganiga yorqin misoldir. Jumladan, O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalarining Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani 2025−2029 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi», Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Fan, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi, 2030 yilga qadar tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish dasturi, 2025−2027 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi, 2025−2027 yillarda ijtimoiy himoya sohasida hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, Kemachilik va kemasozlik sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Toshkent viloyati va Sumgait shahri, Navoiy va Gabala shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida imzolangan kelishuvlar kelgusi hamkorlikning aniq yo‘nalishlari hisoblanadi.
Yana bir ma’lumot, Ozarbayjon bugun o‘zining joylashgan geografik o‘rni, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi chorrahada joylashgani, qardoshlarimizning nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevropadan Osiyoga va o‘z navbatida Osiyodan Yevropa davlatlariga tovarlar almashinuvi, balki bugungi elektr energiyasi tranzitida ham muhim ahamiyatga ega mamlakat sifatida imkoniyatlarini yanada oshirmoqda. Tashrif davomida ana shu yo‘l orqali tashilayotgan mamlakatimiz yuklari hajmi 25 foizga oshgani qayd etildi.
Qisqacha aytganda, bugungi globallashuv jarayonlari ikki qardosh xalqlarni mavjud imkoniyat va salohiyatdan samarali foydalanishga, rivojlanish va taraqqiyotni birgalikda ta’minlash yo‘lida hamkorlik va hamjihatlikni yangi bosqichga olib chiqishga undamoqda.
Ilhom Botirov,
O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisi v.v.b., xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati.