Samarqanddagi konsertlar orqali turizm modelining o‘zgarishi kuzatilyapti
O‘tgan kuni Samarqandda turkiyalik mashhur DJ Mahmut Orhanning konserti bo‘lib o‘tdi.
Savdo-sanoat palatasi va Milliy bank hamkorligida tashkil etilgan bu tadbir nafaqat mahalliy aholini, balki 3 ming nafardan ortiq xorijiy mehmonlarni ham jalb etgani bilan e’tiborga loyiq.
Mahmut Orhan ijrosidagi qo‘shiqlardan biri YouTube’da 500 million marta ko‘rilgan. Bu uning xalqaro sahnada tan olinishi va auditoriya qamrovining ko‘lamini ko‘rsatadi. Bunday mashhur artistlar ishtirokidagi konsertlar aynan Samarqanddek tarixiy shaharlarda o‘tkazilayotgani madaniyat va turizmni uyg‘unlashtirishi mumkin.
Shu kunlarda yana boshqa bir misol: mashhur italyan operachisi, buyuk ovoz egasi Andrea Bochellining Registon maydonida bo‘lib o‘tadigan konsertiga hali 2 oy borligiga qaramay, ilk kunlardayoq chiptalarning 10 foizi sotilibdi. Huddi shunday, Jennifer Lopesning konsertiga chiptalarning 40 foizi 35 dan ortiq davlat fuqarolari tomonidan xarid qilinganini aytishmoqda.
Bu raqamlar hududiy turizm modelining bosqichma-bosqich o‘zgarayotganini bildiradi. Madaniy tadbirlar endi faqat hordiq chiqarish vositasi emas, balki shahar infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish sohasi va tadbirkorlik faolligi uchun multiplikativ ta’sirga ega vositaga ham aylanyapti.
Turistik oqimning oshishi esa mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, hunarmandchilik, transport va IT xizmati sohalariga talabni keskin oshiradi. Shu sababli bunday konsertlardan keyin shahar iqtisodiyotining qaysi nuqtalariga aniq ta’sir bo‘layotganini hisob-kitob qilish, keyinchalik esa buni rejalashtirilgan siyosatga aylantirish maqsadga muvofiq, menimcha.
Otabek Bakirov,
iqtisodchi.