Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Orifi haq, voqifi lavhi qazo...

Bundan avvalroq, «Yurt qadrini ulug‘lar oshiradi» nomli maqolamizda Buxoro zaminida yashab o‘tgan allomalar merosi haqida to‘xtalgandik. Quyida dahbediylar avlodi, ularning islom dini va naqshbandiya tariqatiga qo‘shgan hissalari haqida so‘zlashamiz.

“Oqqan daryo oqaveradi“ deb bejiz aytilmagan. Hazrati Maxdumi A’zamning o‘g‘illari va xos o‘rinbosarlari «Xoja Kalonxoja Dahbedi» nomi bilan mashhur bo‘lgan Naqshbandiya tariqatining ulug‘ pirlaridan biri, valiy va tarbiyachi Muhammad Aminxoja (1517-1569), “valiy” nisbatli Xoja Ishoqi Vali (vafoti 1598), nabiralari - sohibi karomat, horiqodat valiy Xoja Hoshim Dahbediy (vafoti 1635 yil), Musoxoja (manbalarda «Xoja Muso» tarzida ham yozilgan. 1642 yilda vafot etganlar), diniy va dunyoviy olamda mo‘’tabar sanalib, «Qutbul-mutaaxirini» (ya’ni, «Silsilaning oxirgi qutbul-aqtoblaridan») unvonini egallagan. XVIII asrning ikkinchi yarmida Naqshbandiya tariqatiga rahnamolik qilgan dahbediy xojalar silsilasida alohida o‘rin tutgan zot – Hazrati Musoxonxoja Dahbediy (1708/09-1776), o‘z davrining komil zotlaridan bo‘lgan Kattaxonxoja Kalonxoja (1873-1969) ilmu ma’rifatda peshqadam, taqvo va parhezda mukarram, karomatlari bilan mashhur o‘tganlar.

Avlodlari vakillaridan “Eshoni mudarris” nomi bilan mashhur bo‘lgan  mavlono Sayyid Nuriddinxoja (1861 yilda tug‘ilgan ), ajib havoriq odatlari bilan Payariqdan tashqarida ham mashhur tanilgan Sultonxonto‘ra (1908-1971), o‘z davrida ilmu hol va qolda mashhur o‘tgan Sultonxon Eshon bobo (1910-1994), silsilaning keyingi avlodlari safida naqshbandiya tariqati ta’limotini ulug‘ meros darajasida davom ettirgan Temirxon To‘ra (1909-2000 )lar ham shular  jumlasidandir.

Zamonlar zayli bilan bu avlodning islom yo‘lida chekkan jafosi yeru osmonga sig‘mas bo‘lib, Allohning inoyati bilangina bardavomlik nasib etgan. Ular Haq taoloning bu dunyo va oxiratda katta mukofotlarlaridan umidvor bo‘lishgan.

Dahbed va atrofida Dahbediy Maxdumi A’zam avlodiga molik xojalar bilan bir qatorda Sayyid Otoiylar, ya’ni Sayyid Oto avlodiga mansub avlodlar ham turli tariqatlarning vakillari sifatida uzviy hamkorlikda faoliyat ko‘rsatganlar.

Ulardan biri – Hazrati Sayyid Nurmuhammad (vafoti 1730 yil ) valiylik bobida mashhur o‘tgan. Tariqat ahlining komil piri muridlari tarbiyasi bilan shug‘ullanib, ommani to‘g‘ri yo‘lga boshlashda rahnamolik qilganlar.

Sayyid Nurmuhammad ilm va irshodni ustozlari Shayx Sayfiddin hazratlaridan olib, shogirdlari Habibulloh Mazhar Joni Janon Shamsiddinga bergan ekanlar.

Yana birlari  XVIII asrning ikkinchi yarmida Naqshbandiya silsilasiga rahnamolik qilgan Hazrati Musaxonxoja Dahbediyning (1708/09-1776) xalifalaridan Xalifa Muhammad Siddiq (XVIII asr)dir.

Naqshbandiya tariqatining o‘z davridagi mashhur pirlari Eshoni Valixon Ismoilxoja (1800-1915) ibodat va taqvolari bilan ustozlarga ustoz ekanlar. Ilmi donishi, hol va karomatlari bisyor ekan. 1800 yilda Urgutda tug‘ilib, kamolga yetganlar. 1913 yilda chop etilgan «Nazmus silsila» nomli asar muallifi, shoir Vasliy Samarqandiy o‘z piri Eshoni Valixonni shunday tanitadilar:

Orifi haq, voqifi lavhi qazo,

Nuri mutlaq, manba’i sabru rizo.

Silsila junboni shohi Naqshbandiya,

Xonaqohash - xonaqohi Naqshband.

(Mazmuni: Haq orifi, qazovu qadar yozig‘ining voqifi, Mutlaqiyatning nuri, sabr va rizolikning timsoli. Shoh Naqshband silsilasi – zanjirining silkituvchisi. Uning xonaqohi Naqshband xonaqohidir. (N.Komilov. «Tasavvuf». (Birinchi kitob, 269-bet).

Asosiy muddao shundaki, bu davrlarda  Buxoroda Mavlono Husayn xizmati bilan naqshbandiya sulukida yangi munavvar sahifa ochilgan bo‘lsa, Samarqandda bu sharaf Mirmuhammad Ibrohimga nasib etadi. Binobarin, zamonamiz allomasi Najmiddin Komilovning «Tasavvuf» (Birinchi kitob) asarida: «Mirmuhammad fano va tavhid ilmida tengsiz bo‘lganliklari, o‘zi ham fano daryosida g‘arq bo‘lib, go‘yo ruhi ilohiyot bilan qo‘shilib vahdatga doxil bo‘lganliklari» Vasliy tilida chiroyli izohlanadi, (269-bet) deganlari bejiz emas.

Eshoni Valixon shu silsilaga mansub shayxlardan bo‘lib, Mavlono Mirmuhammad Ibrohimning qobil va xos, ilmu irfonda kamol kasb etgan shogirdlaridan hisoblangan. Tavhid asrori, ilmul yaqinning koshifi, suratu siyrati pok deb atalganlar.

Bu azizlar kabi zotlar o‘z zamoniga, zamoni bu zotlarning ko‘ngliga sig‘magan. Va afsusimiz shundaki, to hozir ular jamlanib o‘rganilmagan. Haqlaridagi haqiqat sho‘rolar tumani ortida qolgan.

Birlari olim va orif, shariat va tariqat ilmlari nuktadoni Sayidqul Abdurahim o‘g‘li Qizilbuloqiy - Saidqul (1894-1960)

domladirlar. Bu zot shariatu tariqatda peshvo hisoblangan. 7-8 yoshlarida hofizi  Qur’on bo‘lgan.

O‘sha paytlarda Samarqandning Chelak qo‘rg‘onida davrining peshqadami bo‘lgan mashhur Sherg‘ozi domladan ilmlarini mukammal aylab, 14–15 yoshlarida Buxorodagi Mir Arab madrasasiga o‘qishga kiradilar va  allomai zamon Ikrom domla nazariga tushadi.

O‘n yillik tahsillari davomida ilmi kamolga yetadi. 1920 yillardan keyin sho‘rolar sharpasi milliy ma’rifat osmonini to‘sa boshlaydi. Qora bo‘hronlar  davlatmand mulla, mingboshining o‘g‘li, savodxon Sayidqul domla va oilasiga ko‘p jabru jafolar soladi. Bu ma’rifatli insonlarning arofidagilarga oqu qorani tanishlariga sabab bo‘lishlari, islom ziyosini tarqatishlari sho‘ro malaylarini cho‘chitar edi. Shuning uchun kasbu korlari ta’qib edi.

Sayidqul domlaning umri qochqinda o‘tadi. U qishloqdan bu qishloqqa, u qarindoshdan bu qarindoshga berkinib, bor azobni tortadi. Ammo qismatidan nolimay ilmda bardavom  bo‘ladi. Munosib shogirdlar tayyorlaydi.

Aynan shu davrlarda Buxoro madrasalari peshqadam talabalari bo‘lgan jo‘shlik  Domla Kamoliddin Oxund (1865 -1961), xatirchilik Abdulqodir (1870 -1932) mudarris, Ismatulloh mudarris (1873-1936), mulla Xolboy (1893-1968), nurotalik Sayyidjon Eshon (1887–1949), qiziltepalik mulla Juma (1886-1966)lar o‘zaro ilmda payrav bo‘lishadi.

Domla Kamoliddin Buxoro amirligi sarhadida Naqshbandiya tariqatining so‘nggi piri martabasiga rasman ijozatlangan. Mulla Xolboy “Tafsiri Ahmadiya“ hoshiyasiga, Domla Sayidqul hadislarga sharhlar yozishgan. Mulla Juma uxroviy hikmatlar ijod qilgan.

Domla Sayidquldan nadarajada ilmiy bisot qolgani noma’lum esa-da, mo‘minlar amiri Abu Hafs Umar ibn Xattob raziyallohu anhudan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: “Albatta amallar(ning yaroqli yoki yaroqsizligi, maqbul yoki nomaqbulligi) faqat niyatlarga bog‘liqdir. Har bir kimsa uchun (amali ila) niyat qilgan (yaxshilikning savobi yoki yomonlikning jazos)i nasib qilur. Kimda kim Alloh va uning Rasulini maqsad qilib hijrat qilsa, u holda (chindan ham) Alloh va Rasuli sari hijrat qilgan bo‘lur. Kimda kim mol-dunyoga erishish yoxud bir ayolga uylanish maqsadida hijrat qilsa, u holda o‘zi maqsad qilgan narsasiga hijrat qilgan bo‘lur” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilganlar).

Gardishi falakning holin ko‘ringki, bir umr ilm talablikda hayot kechirgan Domla Sayidqul so‘nggi kunida ham sudga chaqirilgan ekan. 1960 yilning 3 aprelida kelgan chaqiruv qog‘ozini olar ekan “endi men oliy hakam oldida javob beraman“ deya yaqinlariga dalda va vasiyat qilib, 4 aprel kuni vafot etgan ekanlar. Alloh rahmatiylardan aylasin.

Suyundiq Mustafoyev NUROTAIY.