Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbek tili - ma’naviy boylik, buyuk qadriyat

Ona tili – millatning asosiy belgilaridan biri. Dunyoda xalqlar ko‘p. Har bir xalq, avvalo, o‘z tili, milliy urf-odat va an’analari, o‘ziga xos turmush tarzi bilan ajralib turadi. Binobarin, xalqning, millatning o‘zligini namoyon qilishida tilning o‘rni va ahamiyati beqiyos.

Har yili 21 oktyabr yurtimizda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida o‘zgacha g‘urur, faxr va iftixor bilan nishonlanadi. Albatta, har bir millat o‘z ona tiliga ega. Ulkan boylik, bebaho qadriyat sifatida e’zozlanadigan tilda ajdodlarining bebaho merosi, tarixi, o‘tmishi va buguni yashaydi. O‘zligini anglagan har bir millat va elat uchun til bebaho va tengsiz boylik sanaladi.

Ona tili — ezgu fazilatlar, yuksak tuyg‘ular manbai. U inson kamolotida betakror o‘rin tutadi. Chunki onalarimiz bizga shu tilda alla aytadi, inson uchun hayotiy zarur bilim va tushunchalarni til vositasida ongu shuurimizga singdiradi, odob-axloqimiz, fe’l-atvorimiz til orqali berilgan o‘git va nasihatlar asosida shakllanadi. Ayniqsa, inson tafakkurining shakllanishi bevosita til bilan bog‘liq.

Til – xalqning, millatning eng buyuk qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun xalqning ozodlikka, o‘zligini anglab yetishiga intilishida tilning qadrini tiklash, nufuzini oshirish muhim o‘rin tutadi. Alisher Navoiyning temuriylar davrida o‘zbek tilining obro‘si uchun kurashgani ham shundan dalolat beradi. Tilsiz hech bir millat to‘laqonli xalq bo‘la olmaydi. Usiz Vatanning yerki yo‘q.

Bundan besh asr muqaddam hazrat Alisher Navoiy:

Turk nazmida chu men tortib alam,

Ayladim ul mamlakatni yakqalam.

deb yozgan edi.

Ya’ni, ul zot ona tili bayrog‘ini baland ko‘tarib, butun el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirdim, deb iftixor qilgan.

Ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir.

O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindi. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma’lum.

Mustaqillik yillarida ona tilimizni tom ma’noda davlat tiliga aylantirish yo‘lida katta chora-tadbirlar amalga oshirildi. Hozirgi kunda o‘zbek tili Davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda faol qo‘llanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda. Davlatimiz tomonidan ma’naviy hayotimizni yanada rivojlantirish, jumladan, ta’lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha qabul qilingan o‘nlab farmon va qarorlar o‘zbek tili ravnaqiga bevosita xizmat qilmoqda.

Ulug‘ alloma, XX asr boshida olti tilli – o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug‘at tuzgan Is’hoqxon Ibratning mana bu hikmatli so‘zlarini aytib o‘tish joiz: “Bizning yoshlar albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar. Lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vatan ishidir”.

Gulbahor MAMANAZAROVA,

Samarqand yuridik texnikumi bo‘lim boshlig‘i.