Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston SSV bosh toksikologi va gematologi Samaraga uchib ketdi

Mamlakatimizning Qozon shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra 2019 yil 17 avgust kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh toksikologi Rustam Akalayev va bosh gematologi Hamida Kazakbayeva «Koshelevskiy posad» korxonasida ishlagan va iyul oyida «noma’lum moddadan zaharlanish» tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilib, hozirdan davolanishni davom ettirayotgan 48 nafar O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatish uchun Samara viloyatiga uchib ketdi.

4 nafar og‘ir ahvolda bo‘lgan jabrlanuvchi (Og‘abek Artikov, Islomboy Kuchkarov, Farhod Xayitov, Omonboy Ro‘zimov) 16 avgust kuni davolanishni davom ettirishlari uchun Rossiya FVVning maxsus samolyotida Moskva shahridagi Gematologiya Milliy tibbiy tadqiqotlar markaziga olib kelindi.

Rossiya poytaxtida ularni mamlakatimiz Elchixonasining va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakolatxonasining xodimlari kutib olishdi.

44 nafar O‘zbekiston fuqarolari esa hamon V.D.Seredavin nomidagi Samara viloyati klinik shifoxonasida va 1-son Tolyatti shahar klinik shifoxonasida bo‘lib turibdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning Volga bo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Kriov viloyati, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijegorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o‘lkasi, Samara viloyati, Saratov viloyati, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov viloyati, Chuvashiya Respublikasi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7-967-772-66-00.