Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda Jerar Deparde ishtirokida hujjatli film suratga olinadi

Parijda taniqli fransuz aktyori Jerar Deparde ishtirokida film suratga olish masalalari muhokama qilindi.

Kecha, 10 oktyabr kuni Parijda dunyoga mashhur fransuz aktyori Jerar Deparde va “Buyuk ipak yo‘li” nomi ostidagi loyiha ishtirokchilarining O‘zbekiston haqida hujjatli film ishlash va uni Fransiya va O‘zbekiston telekanallarida namoyish etish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi S.Rustamboyev, “O‘zbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov va «B-Tween Production» kompaniyasi bosh direktori Arno File ishtirok etdi. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ham ushbu loyihaning hammmualliflari hisoblanadi.

Tomonlar film loyihasining amaliy jihatlarini muhokama qildi. Film mualliflarining fikriga ko‘ra, bosh qahramon Jerar Deparde butunlay yangi qiyofa orqali tomoshabinlarga O‘zbekistonga mutlaqo yangi nuqtai nazar taqdim etadi. Odatiy yo‘nalishlardan xoli holda film g‘oyasi fransuz tomoshabinlari uchun O‘zbekistonning yangi qiyofasini ochishga yo‘naltirilgan.

Shu maqsadda loyiha tashkilotchilari O‘zbekistonning eng g‘ayrioddiy va sirli maskanlarida suratga olish ishlarini rejalashtirmoqda. Bu Amudaryo bo‘yidagi noyob OKS Iskandariyasi, Budda va Kushon yodgorliklari, Fayoztepa, Avliyo Doniyor va uchta payg‘ambarlarning qabri va boshqalar. Shuningdek, ta’lim tizimida islom dinining roli va mohiyatiga alohida e’tibor beriladi.

–   O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan noyob islohotlar va ochiqlik siyosati bugun barchaga ma’lum, - dedi aktyor Jerar Deparde. - Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom dini - ezgulik, tinchlik, bunyodkorlik va bag‘rikenglik dini ekanligini dunyoga ko‘rsatishga qaratilgan sa’y-harakatlari meni ta’sirlantirdi. Bu mening shaxsiy qarashlarimga mos keladi. Chunki men islomdan siyosiy va xudbin maqsadlarda foydalanishga qarshiman.

Boy tarixga, betakror tabiati, samimiy va mehmondo‘st xalqiga ega O‘zbekistonni qayta kashf etish imkoniyatiga ega bo‘lganim meni ilhomlantiryapti. Ushbu mamlakatga safarimni sabrsizlik bilan kutyapman.

Jerar Depardega "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi taqdim etildi.

Bundan tashqari, loyiha tashkilotchilari va telekanal bosh direktori Katrin Shyofer rahbarligidagi "Paris Premiere" telekanalining top-menejerlari bilan uchrashuv o‘tkazildi va ushbu kanal orqali 2020 yilning fevral-mart oylarida filmni namoyish etish borasida kelishib olindi.

“O‘zbekkino” milliy agentligi axborot xizmati.