Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Past Darg‘om tumanida 8 soat davom etgan sayyor qabulda 435 ta murojaat tinglandi

Bugun viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tomonidan Past Darg‘om tumani aholisi uchun o‘tkazilgan sayyor qabulda 435 ta murojaat tushdi.
Viloyatda shu paytga qadar o‘n oltita hududda aholi uchun sayyor qabullar o‘tkazilgan bo‘lib, muloqotlar davomida 4500 ga yaqin fuqarolardan 5000 dan ziyod murojaat kelib tushgan.

Viloyat hokimi har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, o‘rtaga tashlangan masalalarni o‘z o‘rnida, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan muammolarni esa qisqa fursatlarda hal etish choralarini ko‘rdi. Mutasaddi rahbarlarga muddati belgilangan holda qat’iy vazifa va topshiriqlar berildi.

Sayyor qabul davomida aholi tomonidan qishloqlarda maktablarning ta’mirlanishi, yo‘llarni yaxshilash, ichimlik suvi va gaz ta’minotidagi muammolar, kommunal sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uy-joy bilan ta’minlash singari masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi.

Shuningdek, davlat xizmatlari markazi tomonidan ko‘chma avtobusda tezkor xizmatlar hamda tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

To‘lqin Siddiqov.