Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Past Darg‘omda GAZOBLOK ishlab chiqarilmoqda

Ko‘rib, guvohi bo‘lyapmiz: yurtimizda qurilish-bunyodkorlik ishlariga hamohang qurilish mollari bozori ham jadal rivojlanyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda tarmoqda faoliyat yuritayotgan 10,5 mingdan ziyod korxona tomonidan 185 turdagi qurilish ashyolari ishlab chiqarilyapti va bunday mahsulotlarga talab yil sayin ortmoqda. Past Darg‘om tumanidagi «Juma ta’mirlash mexanika» zavodi tarkibida o‘z faoliyatini boshlagan «GOLD BRIDGE» mas’uliyati cheklangan jamiyati ham zamonaviy mahsulot ishlab chiqarayotgan ana shunday korxonalardan biri.

- «Juma ta’mirlash mexanika» zavodi respublikamizdagi ko‘plab paxta tayyorlash zavodlari uchun ehtiyot qismlar yetkazib berar edi, - deydi korxona ta’sischisi Sobir Abduraimov. – Paxtachilik tarmog‘i bozor talablari asosida takomillashtirilgach, korxonaga buyurtma keskin kamayib ketdi. Oqibatda zavod inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. Bu yerdagi holat va imkoniyatlar bilan tanishgan tuman hokimi boshqa ishlab chiqarish yo‘nalishini tashkil etish taklifini bildirdi hamda bu borada chet el investitsiyasi kiritilishida ko‘mak berishini aytdi. Shu taklifga ko‘ra, imkoniyatlarimizni chamalab, zamonaviy qurilish mahsuloti – gazoblok ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyi­ha tayyorladik. Natijada tuman hokimligi ko‘magida shu yilning aprel oyida 1 milliard 100 million so‘mlik chet el investitsiyasi kiritildi. Tuzilgan shartnomaga ko‘ra, korxona sexlariga Rossiyaning Altay shahridan zamonaviy texnologiya olib kelib, o‘rnatildi. May oyidan mahsulot ishlab chiqara boshladik. Bunday qurilish mahsuloti tayyorlaydigan korxona viloyatimizda yagona sanaladi.

Gazoblok qanday qurilish mahsuloti? U qanday ko‘rinish va o‘lchamda tayyorlanadi? Uning afzalligi nimada? Ko‘pchilikni qiziqtirgan bu kabi savollarga javob olish uchun korxona rahbari Xudoyqul Xo‘jayevga yuzlandik.

- Gazoblok - sement, alyumin kukuni, kaustik soda, natriy sulfat kabi elementlar qo‘shilib, zamonaviy pechlarda pishiriladigan qurilish mahsuloti, - deydi X.Xo‘jayev. – Gazoblok odatda har donasi 18 kilogramni tashkil etadigan - eni 20, uzunligi 60, balandligi 30 santimetr hajmda tayyorlanadi. Bu - o‘rtacha 20-22 ta pishiq g‘isht hajmiga teng. Biroq buyurtmachi talabiga qarab, 8 xil o‘lchamda mahsulot tayyorlab berish imkonimiz bor.

Bugungi kunda aksariyat davlatlarda qurilishda g‘isht o‘rniga gazoblokdan foydalanilyapti. Boisi, gazoblok o‘zining yengilligi, tabiiy gazni sakkiz marta kam sarflashi, energiya tejamkorligi va unumdor tuproqning ishlatilmasligi bilan pishiq g‘ishtdan bir necha marotaba afzal.

Shuningdek, gazoblok issiq-sovuqni bir xilda saqlaydi. Ko‘p qavatli uy barpo etishda boshqa qurilish materiallariga nisbatan bino vazni yengilligini ta’minlab, ortiqcha og‘irlikning oldini oladi. Devor tiklash, pardozlash ishlariga talab qilinadigan qum, sement va boshqa qorishmalarga ehtiyoj qoldirmaydi. Chunki gazobloklarni terishda ular orasiga maxsus yelim surtishning o‘zi kifoya. Devor sathi suvoq qilinmaydi, faqat ehtiyojga qarab, yengilgina pardozlanadi. Shular hisobiga gazoblok imoratni tez va arzon holda tiklash imkonini beradi.

Korxonada kechayotgan ish jarayonlari bilan tanishamiz. Bu yerda ishlayotgan 15 nafar ishchining o‘z vazifasi bor. Ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan, faqat qorishma tayyorlash, kesish va quritishda me’yorlarga amal qilinsa bo‘lgani, qolganini zamonaviy texnikaning o‘zi boshqaradi.

- G‘isht quyish texnologiyamizning ishlab chiqarish quvvati sutkasiga 50 kub/metr mahsulot tayyorlashga teng, - deydi Xudoyqul aka. – Ammo bugungi kunda buyurtmaga qarab, har kuni 25 kub/metrgacha gazoblok tayyorlanyapti. Bu 700-750 tagacha gazoblok degani. O‘tgan 5 oy ichida 550 million so‘mlik 1000 kub/metr yoki turli o‘lchamda 40 ming dona mahsulot tayyorlab, uning asosiy qismini Toshkent shahriga, shuningdek, viloyatimizning qator hududlariga sotdik. Ochig‘i, qurilish ishlarida gazoblokning imkoniyat va afzalliklarini hali ko‘pchilik bilmaydi. Shu bois mahalliy qurilish korxonalaridan buyurtmalar kam bo‘lyapti. Vaholanki, gazoblok mahsulotlariga Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston bozorlarida talab ortib bormoqda.

Darhaqiqat, korxonaning qisqa vaqt ichidagi faoliyatiga nazar tashlasangiz, bu yerda tilga olsa arzigulik iqtisodiy o‘sish bo‘lganligini ko‘rasiz. Jumladan, korxona may oyida 35 million so‘mlik, iyulda 60 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa, sentyabr oyida 310 million so‘mlik mahsulot tayyorlashga erishdi. Ishchilar soni ham ortdi: may oyida 10 nafar yoshlar ishlagan bo‘lsa, bugunga kelib ular safi 5 nafarga ko‘paydi. Shuningdek, ishchilar uchun bepul tushlik, dam olishlari uchun shart-sharoit yaratildi, uzoqdan qatnaydiganlar yotoqxona bilan ta’minlandi.

Korxona faoliyati bilan tanishgach, investor Akbar Abduraimov Xudoyqul akaning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, ishlar qanday tashkil etilayotgani bilan qiziqdi. Shu fursatda biz ham investor bilan qisqacha suhbatlashdik.

- Korxonaning kelajagi istiqbolli, negaki gazoblokka bo‘lgan talab tobora ortmoqda, - deydi investor. – Shuning uchun korxonaga yana sarmoya kiritishni rejalashtiryapmiz. Kelgusida korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotni mijozlarga yetkazib berish, binoni qurish, bezash ishlarini ham o‘zimiz amalga oshiramiz. Shu bilan birga yaqinda korxonada Ukraina davlati bilan hamkorlikda elektrod ishlab chiqarish sexini barpo etishni ham mo‘ljallayapmiz.

Akram HAYDAROV.

Mahsulot sertifikatlangan.
Reklama huquqi asosida.