Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Payariq maktablarida o‘zlashtirilgan 3,2 milliard so‘mlik hujjatlar to‘plami qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan

Kecha, 3 dekabr kuni Zarnews.uz saytida “Payariq tumani maktablarida 3,2 milliard so‘m mablag‘ ishlamaydigan xodimlar va ortiqcha ish haqi hisoblash orqali o‘zlashtirilgan” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Ushbu maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Payariq tumani maktablarida aniqlangan 3,2 milliard so‘m o‘zlashtirilishi holati 2016 yildan 2020 yilga qadar ro‘y bergan. Yillar kesimida 3,2 milliard so‘m 2016 yil 79,4 million so‘m, 2017 yil 213,4 million so‘m, 2018 yil 1,163 milliard so‘m, 2019 yil 1,684 milliard so‘m, 2020 yil 74,3 million so‘mni tashkil etadi.

3,2 milliard so‘m ishlamagan xodimlarga to‘langan ish haqlari 957,68 million so‘mni, qayta-hisob kitob 901,04 million so‘mni, mehnat ta’tili 480,23 so‘mni, rag‘batlantirish 654, 47 million so‘mni, tug‘ruqqacha va tug‘ruqdan keyingi ta’til 131,57 million so‘mni, kasallik varaqasi 3,62 million so‘mni, boshqalar 85,9 million so‘mni ko‘rsatmoqda. Yuqoridagilardan to‘lanishi lozim bo‘lgan summa jami 2,654 milliard so‘mni tashkil etib, shundan 1,937 milliard so‘mi to‘langan, to‘lanmagan qismi esa 716,3 million so‘mni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, ushbu yillarda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri lavozimida ishlab kelgan A.Rashidov 2020 yil 13 maydan, markazlashgan moliya-buxgalteriyasi bosh hisobchisi N.Jabborov 2020 yil 14 maydan lavozimidan ozod etilgan. Xuddi shunday o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘ygan ma’sul hisobchi lavozimidagi 11 nafar xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan holatlar bo‘yicha 3,2 milliard so‘mlik hujjatlar to‘plami qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilganligini ma’lum qilamiz.

Shuningdek, hozirgi kunda o‘rganish natijasi bo‘yicha aniqlangan holatlarni bartaraf etish va ularni kelgusida takrorlamaslik yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilganligi va doimiy ravishda kameral nazorat olib borilayotganligini bildiramiz.

U.TURGUNBAYeV,

Payariq tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri.