Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prokuratura sudga apellyasiya protesti kiritdi. Natijada sud hukmi o‘zgartirildi

O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunida jinoyat ishlarining sudda ko‘rilishida prokuror ishtirokini ta’minlash prokurorning vakolatlaridan biri sifatida belgilangan. Prokuror birinchi instansiya sudlarida jinoyat ishlari ko‘rilishida prokuror ishtirokini ta’minlaydi hamda sudning qonunga zid qarorlariga o‘z munosabatini bildirib, uning ustidan birinchi instansiyada apellyasiya protesti keltirish huquqiga ega hisoblanadi.

Yaqinda ana shunday holat yuzaga keldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudining 2019 yil 12 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi A.Raxmanov JKning 266-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, JKning 45-moddasiga asosan 1 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, har oylik ish haqidan 20 foiz davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Shu bilan bir qatorda, B.Muhammedov JKning 266-moddasi 1-qismi bilan aybli, deb topilib, JKning 45-moddasiga asosan 1 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, har oylik ish haqidan 20 foiz davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Nima uchun ularga bunday jazo qo‘lanildi?

Sud hukmida qayd etilishicha, sudlanuvchi Raxmanov Ahror Husanovich 2019 yil 9 avgust kuni 03:30 larda o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Neksiya” rusumli 70A 571LA davlat belgili avtomashinani Bulung‘ur tumani “Kattaqishloq” mahallasi hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1054-kilometrida “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib borayotib, o‘zidan oldinda ushbu yo‘nalishdagi chap tomonga qayrilib olish mumkin bo‘lmagan (4.1.1 yo‘l belgisidan) qayrilishni amalga oshirayotgan haydovchi Bobir Muhammadiyev Abdikarim o‘g‘lining boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli 75M 612NA davlat belgili avtomashinasining orqa qismiga urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan. Oqibatda “Neksiya” rusumli 75M 612NA davlat belgili avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Shaxnoza Do‘smatova Kimsanovnaning og‘ir tan jarohati olishiga sababchi bo‘lgan.

Dastlabki tergov hamda sudda so‘roq qilingan A.Raxmanov va B.Muhammedovlar o‘z ko‘rsatuvlarida aybiga to‘liq iqrorligini, hozirgi kunda sodir etgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, boshqa bunday jinoyat sodir etmasligini, jabrlanuvchidan kechirim so‘raganligini, shu sababli suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni bildirib, ko‘rsatma bergan.

Bundan tashqari, jabrlanuvchi Sh.Do‘smatova dastlabki tergov jarayonidagi so‘roqda yo‘l-transport hodisasi oqibatida olgan tan jarohati yuzasidan biror bir shaxsga da’vo-e’tirozi yo‘qligini bildirgan. Ammo sud yarashtiruv choralarini ko‘rmasdan va jabrlanuvchini holat yuzasidan so‘ramasdan, so‘rash choralarini ko‘rmasdan shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilgan.

Bu holatga tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining apellyasiya sudlov hay’atiga apellyasiya protesti keltirish orqali qat’iy munosabat bildirgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7-moddasi 2-bandida jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerakligi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandida, JKning 8, 54-moddalari mazmuniga ko‘ra, jazo adolatli bo‘lishi, har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo‘lishi lozimligi belgilangan.

Sudlanganlar A.Raxmanov va B.Muhammedovlar o‘z ko‘rgazmalarida jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligi va u bilan yarashganligi uchun yengillik berilishini, jabrlanuvchi uzoqda bo‘lganligi sababli olib kelishning imkoni yo‘qligini bayon qilgan bo‘lsa-da, birinchi instansiya sudi ushbu holatlarni inobatga olmasdan, A.Raxmanov va B.Muhammedovlarga nisbatan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlab xatolikka yo‘l qo‘ygan.

Keltirilgan apellyasiya protesti natijasida 2019 yil 20 dekabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining apellyasiya instansiyasining ajrimi bilan sudlanuvchi A.Raxmanov va B.Muhammedovlar tomonidan sodir etilgan qilmish tavsiflanishiga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirishi, ularning aybiga iqrorligi, qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligi, oilaviy sharoitlari, jabrlanuvchi Sh.Do‘smatovaning da’vosi yo‘qligini e’tirof etib, bu holatlar sudlanuvchilarning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotganligini namoyon qiluvchi mezonlar sifatida qayd etdi. Shunga ko‘ra, JKning 70-moddasi va JPKning 463-moddasi  3-qismi 3-bandiga asosan jazodan ozod qilingan.

Yuqoridagi holatda prokuratura tomonidan keltirilgan protest asosida hukm o‘zgartirilib, sudlanuvchilar jazodan ozod qilingan bo‘lsa-da, ularga nisbatan yarashuv institutini qo‘lashning imkoni bo‘lmagan. Bu esa o‘z navbatida birinchi instansiya sudining shoshma-shosharlik bilan qabul qilgan qarori natijasida yuzaga kelgan.

Farhod MARDONOV,

Jomboy tumani prokurori yordamchisi, 3-darajali yurist.