Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qalbida quyoshi bor inson

O‘zbekiston qahramonlari 

Manzil sari oshiqqan yo‘lovchi qorong‘i kechada yo‘l topolmay qiynalganida uzoqdan miltillab ko‘ringan chiroq shu’lasi ko‘ngliga taskin berib, yana olg‘a yurishga undaydi. Yo‘l notekis, manzil esa hali olis. Ming bitta sinovlarga duch kelishi, qoqilib yiqilishi, holdan toyib, qadam bosishi azob bo‘lsa ham shu birgina chiroq shu’lasi tomon yuraveradi, yuraveradi. O‘sha bir tutam nur yo‘lovchining oyoqlariga mador, qalbiga quvvat bag‘ishlaydi. Sen to‘g‘ri yo‘ldan odimlayapsan, sabr qilsang, manzilga yetasan, degandek miltillab o‘ziga chorlayveradi.

Asli bu ko‘hna hayotda har bir inson yo‘lovchi. Oddiy bir yo‘lovchi. Ko‘nglida ne muddaosi bor, tanish-notanish manzillarni izlab, ba’zan ishonch, ba’zida xavotir bilan olg‘a yuradi. Lekin shunday damlarda unga yo‘l ko‘rsatib, madad berib turadigan, mushkul yo‘llarni xayrli tomonlarga buradigan, kezi kelganda ko‘zlariga nur beradigan oqibatli insonlar borki, ularni uchratganda beixtiyor “Qalbida quyoshi bor ekan”, deb yuborganingizni bilmay qolasiz.

Shunday insonlar haqida o‘ylaganimda, yuzidan mudom nur taralib turadigan, nozikta’b, zukko, har bir so‘zni o‘z o‘rnida dona-dona ishlatadigan, necha-necha olim-u ziyolilarning ustozi, samarqandlik bag‘rikeng, ma’rifatparvar inson Hasan Normurodov ko‘z oldimda gavdalanadi.

Ikkinchi jahon urushi boshlangan, butun dunyo notinch chayqalib turgan og‘ir kunlarda – 1939 yil 16 noyabr kuni quyosh Qoratov yelkasiga yonboshlagan paytlarda, Zarafshon daryosining so‘l sohilida, Kattaqo‘rg‘on tumanining Kichik ko‘rpa qishlog‘ida, kayvoni inson Normurod ota boshchiligidagi halol mehnat orqasidan kun kechiradigan oddiy dehqon oilasida Hasan va Zuhra egizaklar dunyoga keldi.

Kichkintoylarini qo‘liga olib, bag‘ri farzandga, ko‘ngli quvonchga to‘lib o‘tirgan Normurod ota to‘satdan hujum qilgan yurak xuruji oqibatida jon taslim qildi. Voajabo, hayotning hukmi bilan hali kichkina chillasi chiqmagan yigirma kunlik chaqaloqlar otadan mahrum bo‘ldi. Bu sinov kuzning achchiq qiroviga o‘xshab ularning boshiga juda erta tushdi. Volidai muhtaramasi Misqol aya olti farzand: uch o‘g‘il, uch qizni bag‘riga bosgancha yolg‘iz qoldi. Otadan so‘ng bir necha kun yashab Zuhra ham dunyodan o‘tdi.

Ko‘p o‘tmay ikkinchi jahon urushi hamma qatori kattaqo‘rg‘onliklarning ham tinchini buzdi. O‘shanda Hasan endigina tetapoya bo‘lib qolgan paytlar edi. Sovuq urush izg‘irinlari hamma qatori Misqol onaning xonadonini ham chetlab o‘tmadi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, u davrlar hozirgidek to‘kin-sochinlik, farovonlik davri emas edi. Ocharchilik davri. Kun bo‘yi bir tishlam nonga zor bo‘lgan odamlar qancha. Shunga qaramasdan oqibat bor. Bir qishloqda kimdir bitta yangi kiyim yoki poyabzal olsa, butun qishloq almashib kiyadi, bir kosa ovqatning atrofida to‘rt-besh bola uymalashib, bir qoshiqda navbatma-navbat ovqat yeydi. Kimdir yolg‘iz o‘g‘lini urushga kuzatadi. Yana kimdir eridan “qora xat” olib, dodini fig‘onga keltiradi. Kimdir non o‘rnida kunjara iste’mol qilsa, yana kimdir ovqat o‘rnida o‘t-o‘lan yeydi. Bir tomondan og‘ir qora mehnat-u ocharchilik, ikkinchi tomondan urush oqibatlari Hasan Normurodovni o‘z tandirida pishirdi. U ana shunday qiyinchiliklarda oyoqqa turib, to‘qqiz-o‘n yoshlarida akalari yonida mehnatga kirdi. Nafaqat uy ishlariga, dala ishlariga ham yordam bera boshladi.

Yo‘qchilikda ulg‘aygan, qiyinchiliklarning jabrini tortgan, hayotning qadrini, tirikchilik tashvishlarini erta anglab yetgan Hasan Normurodov boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan kezlaridan adabiy kitoblar o‘qishga kirishdi. Bir burda non topish amrimahol bo‘lgan zamonda, kitob anqoning urug‘i bo‘lgani shubhasiz. Intilganga tole yor, deganlar haq ekan. Maktab kutubxonasidagi kitoblar yetmagandek, ulg‘aygan sayin Kattaqo‘rg‘on shahar kutubxonasining faol a’zosiga aylandi. Maktabni, so‘ngra Kattaqo‘rg‘on pedagogika bilim yurtini a’lo baholar bilan tamomlab, 17 yoshida o‘qituvchilik qila boshladi.

Shunga qadar ota o‘rnini bildirmaslikka harakat qilib, barcha mas’uliyatni yelkasiga olib, uch o‘g‘il, ikki qizni oq yuvib, oq tarab kelgan volidai muhtaramasi Misqol aya 1957 yil kuzida og‘ir kasallikka chalindi. Kech kuzakka kelib, ahvoli yomonlashdi. Ona oqila ayol edi. Birinchi qor yoqqan kecha farzandlarini yoniga chaqirdi.

– Ochiloy, Ergash, Hamdam, endi katta bo‘lib qoldingiz, kasb-koringiz bor, sizlardan ko‘nglim to‘q, – dedi ona boshini yostiqdan sal ko‘tarib. – Hasan texnikumni bitirib, maktabda ishlayapti. Hali yosh. Oliy ma’lumot olishi kerak. Unga yordam beringlar. O‘qishga kiraman desa, qo‘llab-quvvatlash kerak. Shunda, rahmatli ota-bobolaringizning ruhlari shod bo‘ladi. Yoddan chiqarmanglar, ota-bobolaring och qolsa ham, yetishmovchilik bo‘lsa ham non ustida talashmagan, aksincha, bir mayizni qirq bo‘lib yeyishgan, inoq bo‘lishgan. Sizlar ham bitta maqsadda, obro‘li bo‘lish va uni saqlash maqsadida yashanglar. Birlashinglar bolalarim, qo‘lni qo‘lga berib, bir-biringni qo‘llaringdan tortib, yordam beringlar...

Misqol ayaning olamdan o‘tishi farzandlar uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Ham ota, ham ona o‘rnini bosib kelgan volidai muhtaramasidan ayrilish dog‘i farzandlar qalbida saqlanib qoldi.

Oradan ko‘p o‘tmay Hasan majburiy harbiy xizmatga chaqirildi. Mehribon opasi va akalari topgan-tutgani bilan siylashib, uni harbiy xizmatga kuzatib qolishdi.

1958 yil bahori. Poyezd sakkiz kecha-yu kunduz deganda Ukrainaga yetib bordi. Harbiy qism vakillari tomonidan kutib olingan eshelon yuzlab soldatlar bilan vokzalga kirib keldi. Poyezddan yuk xaltasini yelkasiga ortganicha sakrab tushayotgan o‘zbek yigitlari orasida Hasan Normurodov ham bor edi. O‘sha kuni kechga yaqin harbiy xizmatga chaqirilganlar maxsus harbiy qismning 3-rota kazarmasiga joylashtirildi va kechki ovqatdan keyin hammomga olib borildi.

Hamma qatori hammomdan harbiy formada kazarmaga qaytgan Hasan Normurodov ko‘rkamligi tufaylimi yoki har holda o‘qituvchi bo‘lib ishlab, birmuncha tajriba orttirganligi sabablimi, harqalay rota komandirining e’tiborini tortdi.

– Normurodov Hasan, qatordan chiqing, – dedi saf tortib turgan soldatlarga qarab rota komandiri Vasiliy Petrov. – Shtabga, shtab boshlig‘i Aleksandr Sergeyev kabinetiga boring va natijasi haqida axborot bering.

Shaxdam qadamlar bilan qatordan otilib chiqqan Hasan Normurodov bir zumda Aleksandr Sergeyev xonasiga kirib bordi.

– Ruxsat eting, o‘rtoq komandir.

– Kiring, – dedi komandir boshini qimirlatib.

– Oddiy soldat Hasan Normurodov buyrug‘ingizga binoan yetib keldi, – degancha o‘ng qo‘lini ko‘tarib boshiga tekkazdi va shu zahoti bosh kiyimini qo‘liga oldi.

– O‘tiring, qanday keldingiz, yo‘lda qanday voqealar sodir bo‘ldi, shular haqida mana bu qog‘ozga tushuntirish xati yozing, – dedi komandir jiddiy ohangda.

Bunday sovuq munosabatdan hayron bo‘lgan Hasan Normurodov imo bilan ko‘rsatilgan o‘rindiqqa o‘tirib, komandir uzatgan qog‘ozga Samarqanddan yetib kelish tarixini bayon etdi.

Uni kuzatib turgan komandir o‘rnidan turib, qog‘ozga ko‘z yugurtirdi.

– Rus tilini yaxshi bilarkansan, husnixating ham chiroyli ekan, bugundan boshlab shtabda ishlaysan, – dedi mayin tabassum bilan oddiy askar Hasan Normurodovga yuzlanib. – Maxfiy hujjatlar bilan ishlaysan. Mening yordamchim bo‘lasan. Tushundingmi?

– Xo‘p bo‘ladi o‘rtoq mayor. Ketishga ruxsat bering...

Armiya Hasan Normurodov uchun qiyin boshlanmadi. Ammo, endigina boshqa tilli mamlakatdan borib, bir yo‘la hujjatlar bilan rus tilida ish yuritish oson emas edi. Shunday bo‘lsa-da, u bu ishni uddaladi. O‘sha kundan boshlab rus tilini mukammal o‘rganishga kirishdi. Kuni bilan shtabda ishladi, kechki ovqatdan keyin yarim tungacha kazarmaning ma’naviyat xonasiga kirib, rus tilini o‘rgana boshladi. Uning qo‘llari yozuv taxtasiga aylandi. Tunlari qo‘llarini ustiga, kaftiga to‘ldirib yozdi, kun bo‘yi shu yozuvlarni ish jarayonida qo‘lladi. Chap qo‘li tarjimon-lug‘at vazifasini bajarsa, o‘ng qo‘li kelishiklar haqida ma’lumot berib turardi. Ko‘p o‘tmay barcha qiyinchiliklarni ortda qoldirdi.

Shunday qilib, har kuni ertalabki nonushtadan keyin hamma soldatlar o‘z vazifalarini ado etishga ketishadi, Hasan Normurodov esa idoraga, shtab boshlig‘ining xonasi yonida joylashgan, barcha qulayliklarga ega, bir qismi boshqalar kirmasligi uchun to‘sib qo‘yilgan maxsus xizmat xonasiga kirib, ish yuritadi. Har bir xizmatchi va soldat uchun maxfiy xizmat varaqalarini to‘ldirib boradi.

– 1959 yili harbiy xizmatni o‘tab yurgan kezlarim Ukrainada turib O‘zbekistonga oid xabarlarni shtab kutubxonasiga keladigan gazetalardan o‘qib-bilib olardim, – deydi Hasan Normurodov. – Kunlarning birida gazetada O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komitetining plenumi bo‘lib, unda tashkiliy masala ko‘rilganligi haqidagi maqolaga ko‘zim tushdi, Plenumda sobiq birinchi sekretar Sobir Kamolov o‘rniga Sharof Rashidov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komitetining birinchi sekretari etib saylanganligidan xabardor bo‘ldim. Unga qadar Sharof Rashidovni yozuvchi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, shuningdek, O‘zbekiston Oliy Kengashi Prezidiumining raisi sifatida ommaviy axborot vositalari orqali bilardim. Bu xabarni eshitib, o‘zimda yo‘q xursand bo‘lganman. Nega-ki, Sharof Rashidovning yaxshi xususiyatlari, fazilatlari haqida ko‘p eshitgandim. Asarlarini o‘qigandim. Ayniqsa, “G‘oliblar” qissasini o‘qib, unga nisbatan bolalikdan mehrim oshgan edi. Ko‘p o‘tmay harbiy qismda millatlararo do‘stlik masalasida yig‘ilish bo‘ldi va men unda o‘zbekligimdan g‘ururlanib, Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati haqida rus tilida ma’ruza qilgandim...

Oddiy askar Hasan Normurodov harbiy qismda tez tanildi. Bir necha bor qism rahbarlarining mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Uning tartib intizomi, tashkilotchiligi, mehnatsevarligi, ayniqsa, kitobsevarligi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Harbiy qism kutubxonasi ma’muriyati tomonidan eng ko‘p kitob o‘qigan kitobxon sifatida e’tirof etildi. Harbiy qism komandiri uni eng zukko kitobxon-askar sifatida mukofotlab, tug‘ilib o‘sgan yurtiga minnatdorchilik xati yo‘lladi va bu xat 1960 yil “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida chop etildi. Xatda “Serjant Hasan Normurodov kitob va gazeta o‘qish, mazmun-mohiyatini tushuntirib berishda safdoshlariga o‘rnak. Undagi shijoat va jo‘shqinlikka havas qilamiz” degan so‘zlar bitilgan edi.

1961 yil. Bahor. Uch yillik harbiy xizmatni namunali o‘tab, oddiy askarlikdan leytenant unvoniga qadar ko‘tarilib Kattaqo‘rg‘onga qaytdi. Uch yil mobaynida rus tilini mukammal o‘rgangan, harbiy va siyosiy jihatdan chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, yuzlab kitoblarni mutola qilgan, “Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaysan” deganlaridek, musofirchilikni ham boshidan o‘tkazgan va shu bilan birga o‘zga mamlakatlar xalqlarining hayoti va sharoitlarini yaqindan o‘rgangan Hasan Normurodov o‘sha yili Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdi. Ochig‘i, uning bilimi, nutqining ravonligi, husnixati, ko‘plab milliy va xorijiy badiiy adabiyotlarni, she’rlarni bilishi va teran mushohada qilishi imtihon komissiyasi a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi, universitet rahbariyatining e’tiborini tortdi.

Shu zaylda u Samarqand davlat universitetiga talaba sifatida qadam qo‘ydi. Talabalik yillari domlalarning, tengdosh-talaba do‘stlarining nazariga tushdi. O‘zining yurish-turishi, muomalasi, odobi va ustozlarga nisbatan hurmati bilan ko‘pchilikka namuna ko‘rsata boshladi. Kim o‘qish yoki yozishdan yordam so‘rasa “yo‘q” demadi. Seminar darslarida domlaning boshqalardan so‘rashiga vaqt qoldirmaydigan darajada minbardan tushmadi... Fanlarni chuqur o‘zlashtirib, har bir kursni a’lo baholar bilan yakuniga yetkazib bordi. Bitiruv kursida diplom ishini kattaqo‘rg‘onlik mumtoz shoirlar ijodiga bag‘ishladi. Mazkur diplom ishi imtihon hay’ati tomonidan a’lo baholandi va bitiruvchi talaba aspiranturaga tavsiya qilindi. Ammo, u moddiy ahvolini o‘ylab, ilmiy ish qilishdan voz kechdi.

O‘z faoliyatini Kattaqo‘rg‘on shahridagi 3-o‘rta maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan Hasan Normurodov tez orada Kattaqo‘rg‘on shahrida iqtidorli va tashabbuskor o‘qituvchi sifatida tanila boshladi. Akademik Vohid Abdulla, taniqli olimlar Ulug‘ Tursunov, Boturxon Valixo‘jayev, Xudoyberdi Doniyorov, Orifjon Ikromov, Hamdam Berdiyorov, Nuriddin Shukurov, Saydulla Mirzayev kabi ustozlarining saboqlarini olgan talantli o‘qituvchi maktabda dars bera boshlagandanoq el og‘ziga tushdi. Negaki, yosh muallimda fikr yoki g‘oyani odamlarga lo‘nda, chiroyli, tushunarli yetkaza olish qobiliyati bor edi. Eng muhimi u tengdoshlarinigina emas, ko‘plab hamkasblarini ham o‘z so‘ziga ishontira olardi. Yosh o‘qituvchining ochiq darslariga tashrif buyurgan hamkasblarida, ota-onalarda uning darslarga ijodiy yondashuvi katta taassurot qoldira boshladi. Qisqa vaqt ichida o‘quvchilarning jonkuyar va mehribon ustoziga aylandi.

10.JPG

U o‘qituvchilik oddiy kasb emasligini, qachonki o‘qituvchi o‘z faoliyati yo‘lida katta mehnat va jasorat qilish kerakligini his etsa, bu kasb eng ulug‘, eng sharafli va obro‘li kasb ekanligini qisqa fursat ichida atrofidagilarga ko‘rsata bildi.

“Mehnat qilgan elda aziz” deganlaridek, Hasan Normurodov o‘z mehnati bilan kattaqo‘rg‘onliklarning e’tiborini, hurmatini qozona boshladi. U 1963 yilning o‘zida Kattaqo‘rg‘on shahar Yoshlar qo‘mitasi yo‘riqchisi lavozimiga qabul qilindi. Yosh va tirishqoq, harakatchan xodim ko‘p o‘tmay bo‘lim mudiri lavozimiga ko‘tarildi.

Yigirma kunlik chaqaloqligida mehribon otasi – padari buzrukvoridan ayrilib qolgan, o‘shandan boshlab yigirma besh yil oralig‘ida o‘tkazgan kunlarning, boshidan kechirgan voqea-yu hodisalarning: ayriliq, yetishmovchilik, qora mehnat singari hayotning achchiq sinovlarini bardosh bilan yengib kelgan Hasan Normurodov 1965 yil siyosiy maydonga chiqib keldi.

O‘sha davrning yakka hukmron partiyasi shahar qo‘mitasining tashkiliy bo‘limi mudiri lavozimiga o‘tirdi. Shundan keyin uning lavozimlarga ko‘tarilishi tezlashib bordi. Kechagi o‘qituvchi bugunning ilg‘or rahbarlaridan biriga aylandi. Samarqand viloyati partiya qo‘mitasi inspektori, Jomboy tumani partiya qo‘mitasi ikkinchi sekretari, Samarqand viloyati partiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri lavozimlariga dadillik bilan chiqib bordi. Albatta, u davrlarda ham bunday lavozimlarda ishlash uchun alohida: intizom, har bir ishda shaxsiy namuna, halollik, poklik, to‘g‘rilik, tozalik, madaniyat... kabi talablar bor edi. Bu xislat va fazilatlarning barchasini o‘zida mujassam etgan Hasan Normurodov 1978 yilda O‘zbekiston kompartiyasi Samarqand viloyati qo‘mitasining mafkuraviy sekretari kursisiga o‘tirdi va shu orada ishdan ajralmagan holda Moskva shahrida KPSS markaziy Komiteti huzuridagi Ijtimoiy fanlar akademiyasini imtiyozli diplom bilan tugatdi.

– Uzoq yillar davomida fidoyi inson Hasan Norbekovich bilan baqamti ishlaganimdan faxrlanaman, – deydi mehnat faxriysi Mansur Abduraimov. – U Samarqand viloyati partiya qo‘mitasi sekretari bo‘lib ishlagan kezlarda men “Bolshevik” (hozirgi Pastdarg‘om tumanining bir qismi) tumani partiya tashkilotining birinchi sekretari bo‘lib ishlaganman. U viloyatimizning eng iste’dodli, ishbilarmon rahbarlaridan biri edi. Mafkuraviy ishlar bo‘yicha viloyat rahbari sifatida bizga ko‘p yordam bergan. Suhbatlaridan, tajribalaridan, imkoniyatlaridan keng foydalanganmiz. Odamlar qalbiga yo‘l topish, fikrni tushunarli ifodalash, kerakli gapni kerakli joyda aytishda undan ibrat olsa arziydi. U ajoyib notiq, obro‘li kayvoni, mehribon do‘st sifatida qalbimizdan chuqur joy olgan. Uning insoniylik va rahbarlik fazilatlariga havas qilamiz. Shu sababli, sakson yoshni qarshilagan bir paytda ham Hasan aka xalqning hurmat-e’zozida.

Darhaqiqat, sobiq kompartiyaning mafkuraviy ishlar bo‘yicha viloyat rahbari bo‘lish oson ish emas edi. Hasan Normurodov bu ishni mohirlik bilan bajardi. Ma’lumki, Samarqand viloyati aholi soni jihatidan ham, maydoni jihatidan ham, boshqa jihatlardan ham mamlakatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan viloyat. Uning har bir go‘shasi, har bir qarich yer maydoni, cho‘pon-cho‘lig‘iyu dehqoni, ziyolisi-yu zargari, barcha-barchasi Hasan Normurodovning e’tiborida bo‘ldi. Asosiy e’tiborni aholining siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirishga, xalqning kayfiyatini ko‘tarishga, odamlar bilan yaqin munosabatda bo‘lishga qaratdi. O‘sha kezlarda viloyat kompartiyasining bosh nashri sifatida chop etiladigan “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon“)gazetasining har bir korxona-yu muassasaga: mehnat jamoasiga, ishchiga, xizmatchiga; har bir dala maydoniga: dehqonga, suvchiga, chorvadorga; har bir xonadonga: o‘qituvchiga, uy bekasiga, o‘quvchiga yetkazish choralarini ko‘rdi. Viloyat gazetasida oddiy dehqon yoki cho‘ponga bag‘ishlangan maqolalar soni ortib bordi. Odamlarni kayfiyatini ko‘tarish, ularga ichki ruh berish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida qaradi. Va bu kabi sa’y-harakatlari bilan viloyatning ham iqtisodiy, ham ijtimoiy rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Mana shunday katta tajriba bilan 1985-1988 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Narpay tumani qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimida faoliyat yuritdi.

– Narpay tumani partiya tashkilotining birinchi kotibi Hasan Normurodov haqida ko‘p yaxshi fikrlarni eshitib yurardimu, ammo u bilan 1987 yilga kelib yuzma-yuz ko‘rishish imkoniga ega bo‘ldim, – deydi mehnat faxriysi Akrom Rahmatov. – Bu vaqtda Oqtosh shahridagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlardim. Maktab boshlang‘ich partiya tashkilotining tavsiyasi bilan hujjatlarim KPSS safiga qabul qilish uchun taqdim qilingan edi. O‘shanda 11 kishilik byuro yig‘ilishida Hasan Norbekovich hujjatlarimni ko‘rib, bizga asosan sut sog‘uvchi, pilla boquvchi, quruvchi, traktorchi, suvchilarning hujjatlari taqdim qilingan, o‘qituvchini ham tavsiya qilsa bo‘lar ekan-ku, deb hujjatlarimni ko‘zdan kechira boshladi va menga yuzlanib, “Partiyaning jamiyatni qayta qurish siyosatini qanday tushunasiz”, deya savol berdi. Men O‘zkompartiya Markaziy komitetining 16-Plenumi qarorlari va “Jamiyatni qayta qurish strategiyasi” haqida gapirib berdim. O‘shanda byuro raisi yig‘ilganlarga qarab: “Ko‘rdingizlarmi, bizda shunday ilmli, partiya siyosatini yaxshi tushunadigan yoshlar bor, biz ularni izlab topishimiz, tarbiyalab borishimiz kerak. Aks holda ertaga bizning o‘rnimizga kim keladi, bizning ishimizni kim davom ettiradi? O‘rtoqlar, kadrlar masalasi muhim masala, bu masalaga hammamiz va har doim bosh qotirishimiz kerak, ayniqsa, yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash vaqti keldi, ular siz bilan bizning o‘rnimizga kelishi kerak” degan gaplarni aytdi. Uning yoshlarga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi natijasida o‘ttiz yilga yaqin rahbarlik (maktab direktori, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri, tuman hokimining o‘rinbosari) lavozimlarida ishladim.

– Hasan Norbekovich viloyatdagi eng katta tumanlardan biri bo‘lgan Narpay tumaniga rahbarlik qilgan kezlarini yaxshi eslayman, – deydi mehnat faxriysi Ne’mat Obilov. – Men o‘shanda “Qishloqxo‘jalikkimyo” birlashmasi raisi edim. U tez orada tumanda hurmat qozondi. Xalq bilan muloqotga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy hayotni ravnaq toptirish masalalariga kirishdi. Uning ovozidagi mayinlik, so‘zidagi shira, ayni vaqtda salobat bilan yurish, ta’sirchan va sinovchan qarash orqali tuman boshqaruv idoralari rahbarlarini va mutaxassislarni o‘ziga rom qilib qo‘ydi. Muloyimlik va ayni vaqtda har tomonlama namuna ko‘rsatish prinsipi o‘z natijasini berdi va u bu bilan narpayliklarning suyanchig‘iga aylandi. Tumanda paxta va paxta sanoati, poliz va bog‘dorchilik, g‘alla, chorva va boshqa xomashyo bazasi faoliyati aynan mafkuraviy yondashuvlar evaziga rivojlandi. Aholini kamsitish, qo‘rqitish bilan emas, ruhiyatini, kayfiyatini ko‘tarish, o‘z vaqtida rag‘batlantirish orqali tumanda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ish sifati va samaradorligi oshirildi. Ta’lim-tarbiya va sport yo‘nalishlari tuman rahbarining birinchi navbatdagi ishiga aylandi. Men buni tuman partiya qo‘mitasida bo‘lim mudiri lavozimida ishlagan davrimda aniq his etdim.

Ha, bu birgina Ne’mat Obilovning fikri emas, butun narpayliklarning fikri. Kezi kelganda aytish joizki, 1994 – 1997 yillarda Narpay tumanlararo sudining raisi bo‘lib ishladim. O‘shandan buyon narpaylik, oqtoshlik odamlar bilan ko‘p suhbatlashishimga to‘g‘ri kelgan. Qaysi davrada bo‘lmaylik, albatta, Hasan Normurodovni yaxshi xislatlari bilan, xususan halol va pok, ko‘zi to‘q rahbar sifatida tilga olishadi. “Bir kun tuz yegan joyga qirq kun salomni Hasan akadan o‘rgandik”, “Hali-hamon Narpaydan, narpayliklardan uzilib ketmagan, to‘y-ma’rakadan xabardor”, “Katta-yu kichikka, boy va kambag‘alga birdek rahbarni Hasan Normurodov timsolida ko‘rganmiz”, kabi gaplarni ko‘p eshitaman. Zamonamiz qahramoni o‘zining kamtarligi, samimiyligi, odamoxunligi va oqibati bilan Narpay xalqining ko‘nglini zabt eta olgan rahbar edi, desak hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

1988 yildan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi ijroiya qo‘mitasi xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan Hasan Normurodov o‘z kasbiy faoliyatiga qaytganidan xursand edi. Mamlakat taqdirini hal qiluvchi kuch – ta’lim-tarbiya ekanligini yaxshi bilgan qahramonimiz ishni maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini va ularning moddiy-texnik ahvolini o‘rganishdan boshladi. 1989 yil Islom Karimovning mamlakat rahbari sifatida ish boshlashi, o‘sha yilning o‘zida O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi va boshqa jiddiy o‘zgarishlar boshqarma boshlig‘ini to‘lqinlantirib, ilhomlantirib yubordi. Pirovardida, u O‘zbekistonning o‘z ta’lim-tarbiya tizimi bo‘lishi kerak va unda har bir o‘quvchi adolatli ravishda, hech kimdan kam bo‘lmagan holatda, teng sharoitda o‘qishi kerak, degan maqsad bilan harakat qildi. Har bir fan o‘qituvchisi, pedagogik kengashlar oldiga darslarni oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda ko‘rgazmali qurollar yordamida, interfaol uslubda o‘tish masalasini qat’iy belgilab qo‘ydi. O‘qituvchilar malakasini oshirish, ularni eng so‘nggi pedagogik-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash, ochiq darslarni ko‘paytirish, maktab va sinf ota-onalar kengashlari faoliyatini tubdan yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

– Hasan Normurodov Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan davrlar viloyatda xalq ta’limi rivojlanish bosqichiga chiqqan edi, – deydi mehnat faxriysi Akrom Rahmatov. – Hamma ish tartibli, rejali hamda o‘z vaqtida amalga oshirilardi. Masalan, tuman (shahar) xalq ta’limi mudirlari bilan oyida bir marta yig‘ilish o‘tkazardi. Yig‘ilishni belgilangan vaqtdan bir minut ham kechiktirmasdan boshlab, belgilangan vaqtda tugatardi. Bir qarashdan insonning ichki dunyosini bilib oladigan, nihoyatda sinchkov, xotirasi kuchli, har bir masalani biladigan va tahlil qiladigan noyob iste’dodli rahbarimiz hammamiz uchun namuna edi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Majlisni san’at bilan boshqarardi. Qosh-qovoq solish, do‘q urish, baqirish, so‘kinish kabi illatlarga begona bo‘lgan Hasan Normurodov yaxshi kayfiyat, ochiq yuz bilan yig‘ilish o‘tkazardi. Yig‘ilishda masalani ichiga kirib, uni tagiga yetganligi oydek ravshan bo‘lib turardi. Xatoga yo‘l qo‘ygan mahalliy rahbarlarning so‘zlarini diqqat bilan tinglab, “Bunday xato va kamchiliklar sizga umuman yarashmabdi. Axir siz juda qobiliyatli, zukko rahbarsiz-ku, ishongim kelmaydi”, degan so‘zlar bilan e’tiroz bildirib qo‘yardi, xolos. Bunday jozibali munosabat qo‘l ostidagi rahbarlarni kuyib-yonib ishlashga ruhlantirardi.

Ma’lumki, igna bilan quduq qazish singari og‘ir kasb egalari – fan, ta’lim fidoyilari har doim himoyaga, ko‘makka, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. Hasan Normurodovning 1995 yili xalq ta’limi va fan xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyati qo‘mitasi raisi lavozimida ish boshlashi soha xodimlarini quvontirib yubordi. Iste’dodli, tadbirli va ayni vaqtda g‘amxo‘r, mehribon rahbar soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash uchun jon-dildan kirishdi.

– Xalq ta’limi va fan xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyati qo‘mitasi raisi lavozimida ish boshlagan davrlarda ham, undan oldin ham, undan keyin ham Hasan Norbekovich Samarqand davlat universiteti, xususan, o‘zbek filologiyasi fakulteti domlalari bilan shogirdlik aloqasini uzgan emas, – deydi filologiya fanlari doktori, Samarqand davlat universiteti professori Rahmonqul Orzibekov. – Hali ham davom ettirib kelayotgan aloqalari ham o‘ta ibratli. U kishi imkoni boricha universitetda bo‘ladigan har bir uchrashuv va tadbirda qatnashadi, o‘zining dono fikrlari bilan universitet hayotidagi rivojlanishlarga hissa qo‘shadi. Olimlar, aspirant va talabalar o‘rtasida davom etib kelayotgan aloqalarini yangilab, boyitib turadi. Biz ham u kishining universitet olimlariga bo‘lgan iliq munosabatini yuksak darajada qadrlaymiz, hurmat qilamiz.

Samarqandga borsam, mahalliy gazetalar bilan qiziqib qolaman. Kunlarning birida Hasan Normurodov haqidagi maqolaga ko‘zim tushdi. Unda, jumladan, shunday satrlar bor edi:

– Hayotda iste’dod degan muqaddas tushuncha bor, – deya so‘z boshlagan Samarqand viloyat “Barkamol avlod” markazi rahbari Abduhalim Meliyev. – Kurrai zaminda minglab, millionlab odamlar yashasa-da, har kimga ham nasib etmas bir noyob ne’mat bor – bu iste’dod. O‘ylayman-ki, Samarqand qadim-qadimdan dunyo xalqlarining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Bu yerda ilm fanning rivojlanganligi, dehqonchilik madaniyati, bog‘dorchilik rivoji-yu qurilish va obodonchilikdagi o‘ziga xoslik barchani hayratga solgan va bundan keyin ham solaveradi. Bugun ham bu an’ana ta’sirchanligi, kuchi va mazmunini yo‘qotgan emas. Hasan Norbekovichga boqib ta’sirlanaman: iste’dodli odamlar ko‘p, juda ham ko‘p. Ammo, Samarqandda mingta bo‘lishsa gar ular, bittasi ustoz Hasan Normurodov, – deya baralla ayta olaman:

Shunday yaralgandir dunyo azaldan,

Har kimga ham nasib etmas iste’dod.

Samarqandda mingta bo‘lishsa ular,

Bittasi, Siz, ustoz – Hasan Normurod.

– Hasan Normurodov bilan uzoq yillardan buyon yonma-yon mehnat qilib kelyapmiz, – deydi shogirdi Mahmud Boboyorov. – Ustozning har bir bosgan izi ibrat, namuna. Qayerda ishlagan bo‘lmasin, yaxshi iz qoldirgan, yaxshi nom qoldirgan. Har bir ishga sidqidildan yondashish, topshiriqqa mas’uliyat bilan qarash, natijadorlik, sifat va samaradorlik uchun kurashish, bugungi ishni ertaga qoldirmaslik kabi odatlari biz uchun juda katta namuna, juda katta maktab. Samarqand viloyati ta’lim tizimini ko‘tarib berganligini, sohaga iqtidorli, talantli kadrlarni olib kirganligini, natijadorlikka erishganligini, keyinchalik kasaba uyushmasi raisi sifatida soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlaganligini, ularni mehnat qilish va dam olish sharoitlarini butunlay yangicha tizimga olib chiqqanligini guvohimiz. Qayerda, qaysi lavozimda ishlagan bo‘lmasin, yoshu qariga bir xil samimiy munosabat, oqibat ko‘rsatish, so‘z va ish birligi, yuksak huquqiy madaniyat bilan ish tutish kabi fazilatlari ko‘pchilikni hayratlantiradi. To‘g‘risini aytsam, u bilmaydigan ishning, tushunmaydigan yoki aralashmaydigan masalaning o‘zi yo‘q. Viloyatimizning jonli arxivi. Biz kimni yoki nimani axtarsak, Hasan Normurodov orqali topamiz, biz nimadan qiynalsak, uning maslahatlariga tayanamiz.

Shu o‘rinda aytish joizki, uzluksiz rahbarlik lavozimlarida ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. “Mansabga chiqib olish oson, ammo uni saqlab qolish qiyin”, degan gap bejiz aytilmagan. Mansab yukini ko‘tarish, mas’uliyatini his etib yashash hammaning ham qo‘lidan keladigan ish emas, aslida. Hasan Normurodov ana shu yukni vijdon bilan, halollik va poklik bilan, samimiyat va sadoqat bilan ko‘tardi. Yaxshilikni hayot yo‘lining bosh shioriga, kamtarlikni ish quroliga aylantirdi. Odamlarga mehribonlik bilan muomalada bo‘ldi. Har bir inson bilan tabassum ostida muloqotga kirishdi. Eng muhimi, 17 yoshida boshlagan o‘qituvchilik kasbini unutmadi. Har bir ishga pedagog nuqtai nazaridan yondashdi. Agar mendan pedagog qanday xislatlarga ega bo‘lishi kerak, deb so‘rashsa, albatta, Samarqandga borib Hasan Normurodovni ko‘ring, degan bo‘lardim.

U tevarak-atrofidagi odamlardan faqat yaxshilik izlashga, ularning go‘zal, insoniy fazilatlarini aniqlashga va qadrlashga, o‘ksik qalblarga malham bo‘lishga odatlangan. Viloyatda turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatganida, ayniqsa, xalq ta’limini boshqargan kezlarida ana shunday mohir pedagogligi qo‘l keldi va pirovardida ko‘pchilikning samimiy hurmat-e’tiboriga musharraf bo‘ldi.

– Vazifa, martaba insonning o‘ziga bino qo‘yib kibru havoga berilishi uchun emas, aksincha, ezgu amallari bilan o‘zgalar qalbida yaxshilik chamanzorlarini bino etish uchun berilgan imkoniyat, – deydi Hasan Normurodov. – Qaysi bir rahbar shu qoidaga amal qilib ish ko‘rsa, doimo xalqning nazarida bo‘ladi. Ota-onasiga, ta’lim-tarbiya bergan ustozlariga rahmat keltiradi. Men ham holmi qudrat mehnat qilib, hazrat Alisher Navoiy aytganidek xalq ichidaman, xalqnikiman, xalq bilan birgaman...

Odamiy ersang, demagil odami

Onikim, yo‘q halq g‘amidin g‘ami.

O‘z tinchini, farog‘atini o‘ylamagan, o‘z manfaatlaridan o‘zgalar manfaatini ustun qo‘ygan, butun umrini jamoat ishlariga, jamoatchilikka bag‘ishlagan, xalq g‘ami va tashvishlarini o‘ziniki deb bilgan bu olihimmat inson shundan keyin ham jamiyat ishlaridan uzilib qolgan emas. U 2003 yildan boshlab “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati kengashiga raislik qilib kelmoqda.

– Yer yuzining sayqali bo‘lgan azim Samarqandda yashab va ishlab tafakkurshunos-muallim, zukko donishmand, serqirra rahbar bo‘lib yetishgan Hasan Normurodovni har ko‘rganimda yuzida chaqnab turgan komillik nuridan ko‘zlarim qamashadi, – deydi taniqli huquqshunos, Samarqand viloyati sudining raisi, O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri, Samarqand viloyati hokimi va boshqa mas’ul vazifalarda ishlagan, birinchi darajali davlat adliya maslahatchisi Alisher Mardiyev. – Ayniqsa, uning ko‘plab sifatlari menda juda katta qiziqish uyg‘otgan. Ularni sanaydigan bo‘lsak bir-biriga ulanib ketaveradi. Avvalo, Hasan Norbekovichni o‘ta madaniyatli shaxs va yuksak ma’naviyatli zamondosh sifatida yaxshi bilaman. U odamlar bilan muomala va munosabatda juda madaniyatli. Hech kimning ko‘nglini og‘ritmaydi. Har bir odamning hurmatini joyiga qo‘yib muomala qila biladi. Har bir qadamini o‘ylab bosadi, yetti o‘lchab, bir kesadi. Qaysi lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘sha lavozimning hurmatini joyiga qo‘yib, davlatga ham, hokimiyatga ham, xalqqa ham sadoqat bilan xizmat qilib kelmoqda. O‘z vazifasiga va berilgan har qanday topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashishini nafaqat men, butun jamoatchilik yaxshi biladi. Shu sababli ham Hasan Norbekovich keng jamoatchilikning e’tiborini, hurmatini qozongan. Kezi kelganida ta’kidlash joizki, Hasan Normurodovning bolaligi urush yillari va urushdan keyingi ocharchilik, qahatchilik, inson sabr-toqati hamda mehr-oqibati sinovdan o‘tgan og‘ir yillarga to‘g‘ri kelgan. O‘sha davr va uning qiyinchiliklari ham Hasan Normurodov uchun katta maktab vazifasini o‘tagan, deb o‘ylayman. Qiyinchiliklarni ko‘rgan bu avlod vakillari halol, mehnatkash, tiriklikning, yaxshilikning qadriga yetadigan mehr-oqibatli odamlardir. Hasan akadagi hayotga muhabbat, ota-onaga, mahallaga, ona yurtga sadoqat, shu Vatan uchun halol va sidqidildan mehnat qilish tushunchasi tahsinga loyiq. Qolaversa, u kishi tug‘ilib o‘sgan oiladagi muhit va berilgan tarbiya hozirga qadar ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Eng muhimi, ota-bobolaridan o‘tgan tarbiya, shijoat, mehnatsevarlik belgilari so‘ngan emas. Aksincha, avj olib, zamondoshlarining mehribon do‘stiga, nuroniylarning, nogiron va yordamga muhtoj insonlarning g‘amxo‘r otasiga aylangan. U kishi hayotining saksoninchi bahorini qarshilash arafasida ham Yurt ravnaqi, Vatan taraqqiyoti, Xalq farovonligi yo‘lida samarali mehnat qilib kelmoqda, yonib-yonib, har bir ishidan zavqlanib yashamoqda.

Darhaqiqat, Hasan Normurodov har bir muvaffaqiyatga erishganida bolaligida o‘tib ketgan ota-onasini eslab turadi. Ha, Normurod otadan o‘tgan xislatlari talaygina. Ayniqsa, kayvonichilik. Chunki, Normurod ota ham yaxshigina oqsoqol-kayvoni edilar-da. Qishloq aholisi, yon-veridagi odamlar, qarindoshlar hayotiy falsafasi chuqur bo‘lgan otaxonni o‘zlarining maslahatchisi deb tan olishgan. Oqsoqol qishloqdagi obodonlashtirishdan tortib to‘y-ma’rakalargacha boshqargan. Har bir kishining qobiliyati va iste’dodiga qarab ish buyurgan. Hamma vaqt to‘g‘ri fikrni qadrlagan va quvvatlagan. Buni bilgan ko‘plab kattaqo‘rg‘onliklar Normurod ota bilan bamaslahat ish tutgan. Bugun ana shunday otameros xislatlari namoyon bo‘lgan Hasan Normurodov samarqandliklarning sevimli otaxoniga, faxrli kayvonisiga aylangan.

U bugungi kunda Samarqand viloyatidagi 255 ming nafardan ortiq mehnat faxriysi – nuroniylarga bosh-qosh. Uning butun vujudini Vatanga muhabbat, ajdodlarga hurmat, vazifaga mas’uliyat egallab olgan. Ana shu mas’uliyat unga bitmas-tugunmas kuch-quvvat, yoshlarga xos g‘ayrat-shijoat baxsh etmoqda.

– Oramizda shunday insonlar borki, ular haqida gapirish, ular haqida yozish, ularning qilgan keng qamrovli ishlarini e’tirof etish, eng muhimi, ular bilan zamondosh va davradosh bo‘lib, yelkama-yelka turib mehnat qilish nafaqat baxt, balki saodat hamdir, – deydi Po‘lat Abdurahmonov. – Hasan Normurodov ana shunday faxr-iftixorga munosib inson. Undagi yuksak bilim va saviya, kuchli xotira, mehnatkashlik, sabr-toqatlilik, insoniylik, xalqparvarlik, kishilarning ezgu fazilatlarini hamisha ijobiy baholash, yaxshilik uchun yashash, boshlab yuborilgan xayrli ishlarni oxirigacha yetkazish, eng muhimi, hammaga birdek maqbul keladigan loyihalarni amalga oshirish barchaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Men salkam 50 yil mobaynida Hasan Normurodov bilan hamfikr bo‘lib, davlat idoralarida yelkama-yelka xizmat qilganimdan faxrlanaman. U kishi 1970 yilda viloyatning g‘oyaviy-mafkuraviy masalalari bo‘yicha yetakchisi bo‘lib tayinlanganidan beri xalq ma’naviyati va ma’rifati uchun xizmat qilib kelmoqda. Bir muddat Samarqand viloyatining Narpay tumanida birinchi rahbar vazifasida ishladi. Qayda bo‘lmasin, qaysi idorada, qanday lavozimda faoliyat yuritmasin hamisha halol bo‘lib, sidqidildan mehnat qildi. Hamkasblariga mehribon bo‘lib, ulardan yordamini ayamaydigan sevimli ustoz va yetakchi bo‘lib yashadi. Men u kishi bilan bir vaqtda viloyatda qurilish ishlari bo‘yicha rahbar bo‘lib ishladim, turli lavozimlarda faoliyat yuritdim. 1984-1989 yillarda Toshkent viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘ldim. Biroq hamisha Hasan Normurodov bilan hamfikr bo‘lganman. Mustaqillikning dastlabki yillarida 8 yil Samarqand viloyati hokimi vazifasida ishladim. Bu paytda Hasan Normurodov viloyat xalq ta’limi bo‘limi rahbari, keyinchalik xalq ta’limi xodimlari kasaba uyushmasini boshqardi. Viloyatning nafaqat iqtisodiy, balki, ma’naviy, madaniy salohiyatini yuksaltirishda, eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan, hamisha dunyo e’tiborida bo‘lgan Samarqand shahrining obodligi, ko‘rkamligi va jozibasi uchun kurashishda Hasan Normurodovning xizmatlari katta. Hasan Normurodov bugun respublika “Nuroniy” jamg‘armasining viloyat bo‘limi raisi sifatida ham ibratli ishlarni amalga oshirmoqda. Bu viloyatimiz nuroniylari uchun berilayotgan imkoniyatlar va qilinayotgan amaliy ishlarda ham ko‘rinib turibdi. Keksalarni e’zozlash, ardoqlash, ularning boy mehnat tajribasini munosib baholash, yoshlarga ibrat namunasi qilib ko‘rsatish, ularning hayotdan rizoligi va mamnuniyatini oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Hasan Normurodov nafaqat ibrat olishga arzigulik rahbar, balki tajribali tashkilotchi, kuchli notiq hamdir. Men mehnat faoliyatim davomida u kishining notiqlik san’atiga, zukkoligiga va ziyrakligiga qoyil qolganman. U kishidagi fikrlarning teranligi, har bir nutqining dolzarbligi, jamiyatning barcha sohalari bo‘yicha o‘ziga xos bilimga ega ekanligi, tajribasi yuqoriligi tahsinga loyiq. Buning sabablarini esa Hasan Normurodovning doim o‘qish va izlanishdagi kitobxon ekanligidan, mehnatdan qochmasligidan, insonlarga faqat va faqat yaxshilik sog‘inadigan qalbi daryoligidan deb bilaman. Bunday saodat hammaga ham nasib etavermaydi. Oramizda, safimizda Hasan Norbekovich kabi insonlarning borligi, nafaqat bizning, balki, kelajak avlodning ham baxtidir.

Ha, Po‘lat Majidovich e’tirof etganidek, tinib-tinchimas bu fidoyi inson hali hamon viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etib kelmoqda, uzoq yillardan beri viloyat kengashining deputati sifatida yosh deputatlarga namuna bo‘lib, ibratli ishlarni amalga oshirmoqda. Mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha viloyat saylov komissiyasining raisi, keyingi besh yil oralig‘ida Prezident saylovlarida ikki marta ishonchli vakil sifatida ishtirok etib, samarqandliklarning qalbidan yana bir bor joy oldi. Xususan, 2015 yilda o‘tkazilgan Prezidentlik saylovida Respublika Prezidentligiga nomzod Islom Karimovning, 2016 yilgi Prezidentlik saylovida Respublika Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Ishonchli vakili bo‘lishdek yuksak va sharafli mas’uliyatga ega bo‘lib, nomzodlar ishonchini to‘liq oqladi.

U har doim jamiyatning ustunlari adolat poydevoridan qad rostlasagina mustahkam bo‘lishini qayta-qayta ta’kidlaydi. Shu bois yuz berayotgan ijtimoiy jarayonlarga teran nazar bilan qarab adolat mezonlarining qaror topishida astoydil ko‘makdosh bo‘lmoqda. Ko‘pni ko‘rgan, ko‘pchilik bilan tillasha oladigan adolatparvar inson bugun viloyatda ijtimoiy masalalarni hal etishga daxldor ko‘plab komissiyalar a’zosi etib saylangani ham bejiz emas. Bu komissiyalarning har biri davlat organlari bilan bevosita hamkorlikda ishlab, umumxalq manfaati uchun eng to‘g‘ri qarorlar qabul qilish bilan birga jamoatchilikning ijtimoiy jarayonlarga nisbatan faol ishtirokini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.

U Samarqandda amalga oshirilayotgan davlat islohotlariga nodavlat tashkilotining ulushini qo‘shayotgan, daxldorlik hissi bilan mehnat qilayotgan jamoat arbobi. Har bir bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlarining, yuksalishlarining tom ma’nodagi ishtirokchisi. U ko‘hna va muazzam shaharning tarixiy qiyofasini saqlab qolgan holda uni yanada obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ko‘cha-xiyobonlarini kengaytirish, turarjoylarini zamonaviylashtirish uchun hissa qo‘shib kelayotgan insonlardan biri. Samarqandni besh-o‘n yil muqaddam ko‘rib ketgan sayyoh bugun tashrif buyurganida uning go‘zalligi, betakrorligi qarshisida takror hayratga tushishi tayin. Chunki Samarqand — bu ko‘hna va mo‘’jizakor shahar, uni qadrlagan har bir keksayu yoshning, quruvchi-yu muhandisning, me’morning ko‘z nuri, qalb qo‘ri bilan qayta sayqal topmoqda. Qahramonimizning ana shu ulug‘vor ishlarda ham munosib hissasi bor.

Hozirga qadar ham ma’naviy-ma’rifiy hayot uning jonu dili, u bilan ilm-u fan, madaniyat va san’at sohasida suhbat qursangiz uning quvvai hofizasi naqadar balandligiga, mustahkamligiga tan berasiz. Hayotdan ilhomlanish, kelajakka intilish, voizlik, fozillik va komillik hamisha ham odamni ulug‘lar, yetuklikka chorlar ekan. Yetuklik yo‘lida sobitqadamlik bilan borayotgan qahramonimiz bugungi kunda 80 yoshni qarshilab turgan bo‘lsa-da, hamon jo‘shqin, hamon ishchan.

– Hasan akani she’r yozmagan shoir deyishadi, – deydi taniqli jurnalist-shoir Farmon Toshev. – Otaxon nafaqat filolog, ayni vaqtda faylasuf ham. Mumtoz va hozirgi o‘zbek adabiyotining zukko bilimdoni. Kattaqo‘rg‘onlik Zavqiy, Noqis, Miriy, Samariddin Sirojiddinov kabi benazir insonlarning izdoshi. Shu sababli taniqli ijodkorlar ham u kishining oldida hushyor turishadi. Gazetashunoslikning ham ko‘p sirlaridan xabardor, bizni doim qo‘llab-quvvatlaydi, yordam beradi. Kezi kelganda xatomizni ham ko‘rsatib qo‘yadi... Hasan Normurodovni hammamiz kayvoni inson deb hurmat qilamiz. Kayvonilik degani, u yoki bu davrani ochib berish, davralarning to‘rida o‘tirishgina emas. Kayvonilik, bu – har bir yumushda mas’uliyatni zimmaga olish, birovga maslahat bera oladigan ma’naviy obro‘ga ega bo‘lish, odamlarni o‘z ortidan ergashtira olish demakdir. U ana shunday inson. Ochig‘i o‘zini, o‘z tinchini o‘ylagan inson emas. Tinib-tinchimaydi. Haligacha viloyatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar ishtirokchisi. Eng chekka qishloqlargacha borishdan, odamlarni tinglashdan, ularga yordam berishdan erinmaydi, charchamaydi...

Ha, bu ma’rifatparvar inson bilmagan masala, qiziqmagan sohaning o‘zi yo‘q. “Yuz yil yashasang, yuz yil o‘qi” shiorini mahkam ushlab olgan. Bo‘sh vaqti bo‘ldimi, kitob mutola qilishga, gazeta-jurnal o‘qishga kirishadi. Alisher Navoiy g‘azallarini yoddan aytib, xotirasini mustahkamlaydi. Kitobdan olgan bilimlarini odamlarga ulashadi. Uning ibratli xislatlaridan yana biri – odamlarga yaxshilik qilish, yaxshi gapirish, yaxshi amallari bilan o‘rnak ko‘rsatishdir. Ayniqsa, insonlar qalbiga yo‘l topishni, har qanday oddiy insonni ham juda salohiyatli, ulug‘vor qilib ko‘klarga ko‘tarib, adashgan odamni esa to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘yishning hadisini olgan...

Ochig‘i, ayrim keksalar nafaqaga chiqib, endi qarilik gashtini suraman, deb choyxonada o‘tirgan bir paytda Hasan Normurodov hali-hanuz g‘ayrat-shijoatda, el-yurtga ibratli ishlari bilan band. Uning rahbarligida jamg‘armaning Samarqand viloyati ijtimoiy ma’naviy hayotidagi ta’siri, ayniqsa, yoshlarni tarbiyalash, ularni milliy qadriyatlarimizni e’zozlashga, jonajon Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishga, xalq farovonligi yo‘lidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirish, uch avlod vakillarini birlashtirish, kezi kelganda yetaklash borasidagi ezgu ishlari tahsinga loyiq, bardavom.

Oqsoqol boshchiligida nuroniylar mamlakat rahbarining har bir oila uchun munosib turmush sharoitini muhayyo etish yo‘lida olib borayotgan xalqparvar siyosatini ma’qullagan holda ko‘plab tashabbuslarga bosh-qosh bo‘lishmoqda. Birgina misol. Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan bundan ikki yil muqaddam “Obod qishloq” dasturi asosida Samarqand viloyati Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida, xususan, Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallalarida zamonaviy mahalla markazlari, “Nuroniylar maskani” va choyxona, ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi qurildi. Hududdagi madaniyat va aholi dam olish markazi atrofida zamonaviy bog‘lar, xotira maydoni, yozgi amfiteatr, muzey va boshqa inshootlar bunyod etildi. Jom bozori zamonaviy arxitektura talablari bo‘yicha rekonstruksiya qilindi. Qishloq hududidagi 5,4 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi, 22 kilometr ichki yo‘llarga qum-shag‘al to‘kilib, tekislandi. Qishloq hududidagi ta’lim va tibbiyot muassasalari ham e’tibordan chetda qolmadi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ikkita artezian qudug‘i qazilib, suv minoralari o‘rnatildi. Mavjud suv tarmoqlari ta’mirlanib, 500 metr masofaga yangi quvur tashlandi. Eski, yaroqsiz simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi va yangi tarmoqlar tortildi, zamonaviy, kichik transformator qo‘yildi, maishiy gaz ballonlari tarqatildi.

Bu kabi ulkan bunyodkorlik ishlari ajoyib yakun topgani, eski, xaroba uylar o‘rnida zamonaviy yashash uylari, istirohat bog‘i, servis xizmat maskanlari qad rostlagani, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar tekislanib asfaltlashtirilgani, elektr ta’minoti izchil yo‘lga qo‘yilgani har qanday odamda faxr-iftixor, havas uyg‘otadi. Ana shu bunyodkorlikning ilk kunlaridan boshlab samarqandlik nuroniylar oqsoqol boshchiligida Jomda quruvchi-yu me’morlar bilan yonma-yon yurib, ezgu ishlarning samarali yakuniga yetishi uchun o‘zlarining qimmatli maslahatlari, yo‘l-yo‘riqlari bilan madadkor bo‘lishdi. O‘nlab oilalarning ahvolidan xabar olishib, ularni ish bilan ta’minlash, tibbiy davolash, tomorqa xo‘jaligini yo‘lga qo‘yishlariga yordam berishdi. Bunday misollarni uzoq davom ettirish mumkin.

– Shu yilning o‘zida Samarqand viloyati bo‘yicha qo‘shimcha ravishda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida 711 ta arzon uy-joylar, shaharlarda 840 ta xonadonli 20 ta ko‘p qavatli uylar, 233 ta bog‘cha, o‘nlab mehmonxonalar quriladi, borlari ta’mirlanadi, – deydi qahramonimiz. – Kam ta’minlangan oilalar, nogironlar, uzoq vaqt uy ololmay, navbatda turgan aholiga uy-joylar beriladi. Harbiylar uchun uy qurilishi ko‘paytiriladi. Yo‘llarimiz kengaytirilib, ko‘priklar bunyod etiladi. 2018 yil dasturiga qo‘shimcha ravishda shahar va tumanlardagi 87,1 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlanadi. Yo‘lovchilarga qulay sharoit yaratish maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahri, Pastdarg‘om, Paxtachi, Oqdaryo, Payariq, Narpay, Nurobod, Urgut tumanlarida 11 ta yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari tashkil etilib, 86 ta avtobus xarid qilinadi. Bu vazifalarni bajarishga allaqachon kirishildi. Muhimi, aholi bunday ezgu ishlarni bajarishda faol ishtirok etmoqda. Demoqchimanki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning har bir tashrifi nafaqat viloyatimizning gullab-yashnashiga, balki ma’naviyatimiz rivojiga keng yo‘l ochmoqda. Bunday yuksak tuyg‘ular bugun viloyatimizda yashayotgan har bir fuqaroning qalbida jo‘sh urmoqda, ularni yangi marralar sari ruhlantirmoqda. Bunday ezgu ishlar ro‘yobida biz, keksa avlod vakillari ham aslo chetda turmaymiz.

– Biz faxriylarning Toshkent va boshqa ziyoratgoh joylarga uyushtirilgan nihoyatda zavqli safarlarimiz aslo yodimizdan chiqmaydi, – deydi mehnat faxriysi, filologiya fanlari doktori, professor Rahmonqul Orzibekov. – Hasan Normurodovning bunday ishlari faxriylarimizning unga bo‘lgan ishonchi va hurmatini yildan-yilga oshirib bormoqda. Ular o‘zlarining tashkilotiga shunday dono va ishbilarmon, g‘amxo‘r va shijoatli inson rahbarlik qilayotganligidan xursand. U viloyatimiz faxriylarining ishchan va aqlli sardori, faxriylarimizning faxrli faxriysidir.

Ha, unga nisbatan bunday e’tiroflarni juda ko‘p eshitish, xalq orasidagi hurmati va mavqeini odamlar orasidagi gaplardan, fikrlardan anglab olish qiyin emas.

– Hasan Normurodov bilan suhbatlashsam, bilimlar dengiziga sho‘ng‘ib ketgandek bo‘laman – deydi shogirdi Muhiba Bobobekova. – Darhaqiqat, ustoz bilan suhbatlashgan inson qaytadan tug‘ilib, qaytadan yashab, yana va yana o‘qigisi keladi. Ayniqsa, ta’lim-tarbiyasidagi mas’uliyat, ta’limning jamiyat rivojidagi ahamiyati, bolaning qalbiga yo‘l topish, hayotga qiziqtirish orqali darsga, kitobga qiziqtirish, unda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda o‘qituvchining o‘rni to‘g‘risidagi qarashlari, o‘qituvchi madaniyati va mahoratiga doir fikr-mulohazalari har doim bizlar uchun katta maktab.

– Hasan Normurodov deganda ko‘z o‘ngimizda Samarqandda amalga oshirilayotgan islohotlar-u, ularda faxriylarning ishtiroki, nuroniylarning shijoati ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Usmonov. – Samarqand viloyati “Nuroniy” jamg‘armasi barcha ishlarda qolgan hududlarga hamisha namuna bo‘lib kelmoqda. Rahbarning salohiyati, tashkilotchiligi va mas’uliyati viloyatdagi ishlarning natijadorligidan dalolat. Bevosita uning tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Bir nuroniy o‘n oilaga ma’naviy homiy”, “Yoshlar ma’naviyatiga nuroniylar ma’rifati”, “Qishloq taraqqiyotiga nuroniylar ma’naviyati” kabi tadbirlari nafaqat natijasi bilan, hatto nomi bilan ham e’tiborga molik. Ayniqsa, Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida tashkil etilgan “Nuroniy” studiyasi, “Zarafshon” gazetasida joriy etilgan “E’zoz” sahifasi “Nuroniy” jamg‘armasining yorqin ko‘zgusidir, deb baholasak to‘g‘ri bo‘ladi.

Xalqning sevimli farzandi oilaviy masalalarda ham barchaga namuna. Zuhra aya bilan oila qurib, to‘rt farzand – ikki o‘g‘il ikki qizni voyaga yetkazdi. Oiladagi munosabatlar o‘zaro hurmat, vafo va sadoqat bilan sug‘orilgan. Turmush o‘rtog‘i marhuma Zuhra ayaning naqadar oqila, dono va farishtali ayol bo‘lganligini uning farzandlaridan bilib olish qiyin emas. Farzandlarning otaga bo‘lgan g‘amxo‘rligi, hurmati, mehr-muhabbati darajasini hech narsa bilan qiyoslab-o‘lchab bo‘lmaydi. Oiladagi muhitni, ozodalik va madaniyatni ko‘rgan kishining lol qolmasdan iloji yo‘q. “Qani edi, har bir o‘zbek oilasi ana shunday namunali oila bo‘lsa”, degisi keladi.

Kimlardir atrofiga bir qarab olib “Kimsan, Hasan Normurodov – ellik besh yillik rahbar, ostonasi tillodan to‘rt qavatli shohona uylarda yashasa kerak”, deb ham o‘ylar. Lekin bundaylar adashadi. Oltmish uch yillik mehnat faoliyatining ellik besh yilini rahbarlik lavozimlarida halol va pok o‘tkazayotgan qahramonimiz atigi bir sotix yer maydonida joylashgan bir qavatli oddiygina uyda, Samarqand shahridagi Terakzor mahallasida, Maxtumquli ko‘chasi, 45A xonadonda yashaydi.

Darvoqe, qahramonimiz o‘zining samarali mehnati va erishayotgan yutuqlari bilan mamlakatimizning mustaqilligini mustahkamlash hamda iqtisodiy qudratini oshirishga, shaxsiy ibrati bilan xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qo‘shgan ulkan hissasi, mehnatsevarligi, vatanparvarligi, jamoat ishlaridagi faolligi bilan umumxalq izzat-hurmatiga sazovor bo‘lgani uchun mamlakatimizning bir necha davlat mukofotlariga munosib topilgan.

Yaqinda Hasan Normurodov huzurida bo‘ldim. Ancha davom etgan suhbatimiz juda qiziqarli o‘tdi. O‘shanda, yana bir bor amin bo‘ldim-ki, suhbatdoshim to‘lib-toshib oqadigan jo‘shqin daryoga o‘xshaydi. U o‘ziga xos ravishda sevinib-to‘lqinlanib, bugungi islohotlar rivoji va ahamiyati haqida gapirdi. Davlatimiz rahbarining keksa avlod vakillariga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklaridan nafaqat samarqandlik nuroniylar, mamlakatimiz oqsoqollari ham juda mamnunligini alohida ta’kidladi. Bugungi kunda pensionerlarga ishlash uchun yaratilayotgan sharoitlardan, berilayotgan imkoniyatlardan, eng muhimi, e’tiborlardan quvonib, shukuronalar aytdi. O‘shanda suhbatdoshimizning O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevga bo‘lgan g‘oyibona mehr-muhabbati, sadoqatini yana bir karra his etdim.

Ha, hayotning issiq-sovug‘ini tatigan, injiqliklarini o‘ziga mahkam bo‘ysundirgan, achchiq haqiqatlarini chidam bilan yengib, bardosh va matonat bilan olg‘a borayotgan, sakson yoshlik umrining qariyb yetmish yilini jo‘shqin mehnat, yurtiga, xalqiga halol xizmat qilish bilan o‘tkazayotgan xalq maorifi a’lochisi, iste’dodli rahbar, O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik”, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” kabi nufuzli ordenlari sohibi, sadoqatli va oqibatli zamondosh, Turon fanlar akademiyasining faxriy akademigi, tabarruk va donishmand ustoz, qalbida quyoshi bor inson Hasan Normurodovning har bir ishi ma’rifat, bosib o‘tgan yo‘li ibratli kitob, umr manzillari hayot maktabidir. Ana shu maktabning chirog‘i ham, qahramonimizning qalb quyoshi ham hech qachon so‘nmasin...

6.JPG

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 avgustdagi farmoniga binoan, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini yuksaltirish, Vatanimiz obodligi, turmushimiz farovonligini ta’minlash borasidagi ulkan xizmatlari, so‘nggi yillarda yurtimizda jadallik bilan olib borilayotgan tub islohotlar jarayonidagi tashabbuskorligi va fidoyiligi, davlat va xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi fidokorona mehnati, ishlab chiqarish va ijtimoiy-ma’naviy sohalardagi ko‘p yillik samarali va ibratli faoliyati, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan katta hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun uch nafar yurtdoshimizga – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilib, oliy nishon – “Oltin yulduz“ medali topshiriladigan bo‘ldi. Ular orasida Hasan Normurodov ham bor.

Ustozni ushbu yuksak mukofot bilan tabriklab, bundan keyingi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Abdukamol RAHMONOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar

 uyushmasi a’zosi.

O‘zA