Qashqadaryodagi Kengashlar kotibiyat mudirlari Samarqand tajribasi bilan tanishdi

Qashqadaryo viloyat, shahar va tumanlar Kengashlari kotibiyati mudirlari dastlab xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashida bo‘ldi.
Ular kotibiyatning ish faoliyati, Kengash sessiyalariga hujjatlar tayyorlash, doimiy komissiyalar tomonidan sessiyalarga masala kiritish, saylovchilar murojaati bilan deputatlarning ishlash tartibi bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.
Shuningdek, ular viloyat Kengashining deputatlar va senatorlar xonasi, “Maslahat kengashi” va doimiy komissiyalarining ish hujjatlari nomenklaturasi bilan tanishdi. Bu yerda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi kotibiyat mudiri Sh.Yuldashev qashqadaryolik kotibiyat mudirlariga sessiyalar oldidan “Maslahat kengashi” yig‘ilishi o‘tkazilishi, siyosiy partiyalarning deputatlik guruhlari tomonidan o‘rganilgan masalalar muhokama qilinib, so‘ng sessiya kun tartibiga kiritilishi haqida gapirdi.
- 2020 yil yanvar oyida Oliy Majlis Senatining dastlabki yalpi majlisida Prezidentimiz mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning nazorat faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha muhim takliflarni bildirgan edi, - deydi xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi kotibiyati mudiri Nilufar O‘taganova. – Shundan kelib chiqib, dastlab namuna sifatida Samarqandda, so‘ng boshqa viloyatlarda Kengash kotibiyati tuzildi. Shuning uchun sessiyalarni tashkil etish, Kengash va doimiy komissiyalar ish rejalarini shakllantirish, ularning ijrosini muvofiqlashtirib borish, umuman, Kengash faoliyati bilan bog‘liq tashkiliy, huquqiy, axborot-tahliliy faoliyat bo‘yicha Samarqandda katta tajriba to‘plangan. Bugun biz bu tajribani amalda ko‘rdik, o‘rgandik, ayrim jihatlar bo‘yicha kotibiyat mudirlari, deputatlar va senatorlar bilan fikr almashdik.