Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qishloqlarda 200 ta kvartirani o‘z ichiga olgan makromassivlar quriladi

“Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, qishloq joylarda:

- ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi kamida 200 ta kvartirani o‘z ichiga olgan makromassivlar shaklida joylashtiriladi;

- ushbu uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi tadbirkorlar tanlov savdolari yakunlariga ko‘ra aniqlanadi;

- uy-joy qurish uchun yer uchastkalari tanlov g‘olibi bo‘lgan tadbirkorlarga elektron auksion savdolarisiz bepul beriladi.

Shahar joylarda esa ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun yer uchastkalari tadbirkorlarga pullik asosda “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion orqali amalga oshiriladi.

Moliya vazirligidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan ipoteka krediti birlamchi bozordagi kvartiralarni sotib olish uchun 15 yil muddatga beriladi.

Bunda, kredit:

- qishloq joylarda – uy-joy hisoblangan qiymatining 90 foizidan oshmaydigan miqdorda va dastlabki badal sotib olinadigan kvartira qiymatining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda;

- shaharlarda – uy-joy hisoblangan qiymatining 80 foizidan oshmaydigan miqdorda va dastlabki badal sotib olinadigan kvartira qiymatining 20 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda beriladi.

Yangi tartib doirasida subsidiyalar qishloq joylarda birinchi 5 yil davomida ipoteka foizlarini qoplash uchun – 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi.

Shaharlarda esa:

- dastlabki badalning bir qismini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida;

- birinchi 5 yil davomida kredit bo‘yicha foizlarni qoplash uchun Toshkent shahrida – 12 foizlik punktdan oshgan qismiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida – 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi.