Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabot tumanidagi mutasaddi uchastka uchun 5 gektar yer sotgan

Shaxsiy tomorqa uchun 50 sotix yer sotib olishni xohlaysizmi? Bugungi sharoitda bunday qulay imkoniyatga rad javobini beradigan odam topilmasa kerak. Ammo bunday vallomatni topish mumkinmi?

Ishonish qiyin, biroq topsa bo‘larkan. Qo‘shrabotlik Jasur Umirov (ism, familiyalar shartli) ana shunday uddaburonlardan ekan. U 10 nafar fuqaroning har biriga 50 sotixdan yer uchastkasi sotgan. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deganlaridek fermer xo‘jaligi hisobidagi ekin maydonlarini xarid qilayotgan fuqarolarning hech biri bu ish noqonuniy ekanligini xayollariga ham keltirmagan.

Kamiga Jasur Umirov bungacha ham firibgarligi uchun sud qarori bilan javobgarlikka tortilgan. Davlatimizning insonparvarlik siyosati, jinoiy jazolarning liberallashtirilishi sabab unga tayinlangan jazo yengillashtirilgan. 2016 yil 12 oktyabr kungi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan o‘talmay qolgan jazodan shartli ravishda ozod etilgan.

Ammo u bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, yana jinoyatga qo‘l urdi. Bu safar ham firibgarlik, qo‘shimchasiga o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan.

...Fuqarolarga Qo‘shrabot tumani Navkat mahallasidagi “Mo‘jiza karvoni” fermer xo‘jaligiga tegishli 5 gektar ekin maydonining har bir sotixini bir million so‘mdan shaxsiy uchastka qilib olish uchun sotib yuborgan.

Bundan tashqari, Samarqand viloyati hududiy tanlov komissiyasining 2018 yil 19 maydagi yig‘ilish bayoniga asosan “Asr karvoni” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori J.Umirov Qo‘shrabot tumani Rabot qishlog‘ida joylashgan ma’naviyat va ma’rifat markazining bo‘sh turgan binosini “nol” xarid qiymatida sotish bo‘yicha savdo g‘olibi deb topilgan. J.Umirov ushbu “nol” qiymatdagi binoga 300 million so‘m investitsiya kiritib, tegishlicha ish o‘rinlari tashkil qilishi kerak bo‘lgan. Biroq binoga tegishli ko‘p miqdordagi, ya’ni 100 million 302 ming so‘mlik shifer, bolor, deraza va romlarini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilib, jamoat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tumani sudining 2019 yil 12 fevraldagi hukmi bilan jazoning o‘talmagan qismini to‘liq qo‘shish yo‘li bilan 1 yil 4 oy 19 kun moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

J.Umirovning arizasiga asosan o‘tkazilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasi ajrimiga ko‘ra, jazo adolatli tayinlangan, shu bois shikoyat qanoatlantirilmadi.

Otabek QODIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudya katta yordamchisi.