Yosh iqtidorlardan xalqaro yutuq: IELTSdan 8 ball
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Samarqand filialida ta’lim olayotgan iqtidorli yoshlar yana bir bor yuksak natija qayd etdi.
Mazkur maktabning 10-sinf o‘quvchisi Abdulkarim Rahmatjonov ingliz tilini bilish darajasini aniqlovchi xalqaro IELTS imtihonidan 8 ball to‘plab, nufuzli xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Ushbu natija Abdulkarimning ingliz tilini chuqur o‘zlashtirgani, muntazam mehnat va izlanishlar samarasi ekanini yaqqol namoyon etadi. Bunday yuqori ko‘rsatkich nafaqat o‘quvchining shaxsiy yutug‘i, balki maktabda yaratilgan sifatli ta’lim muhiti hamda ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnatining amaliy natijasidir.

Quvonarlisi, bu kabi yutuqlar maktabda izchil davom etmoqda. Bundan oldin ham ushbu ixtisoslashtirilgan maktabning yana bir 10-sinf o‘quvchisi — Jahongir Iskandarov IELTS imtihonidan 8 ball to‘plab, yuqori natijaga erishgan edi. Bu esa maktab o‘quvchilarining xalqaro ta’lim standartlari darajasida bilim olayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur yutuqlar yoshlarning chet tillarini puxta o‘zlashtirishi, kelgusida xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.