Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan yangi strategiya tasdiqlandi

24 dekabr kuni davlatimiz rahbarining “2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu hujjat “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini samarali ta’minlash, jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 fevraldan zo‘ravonlik oqibatida oilasidan ajratilgan, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan yoki ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi. Bunday oilalarga nomzodlar bolalarda zo‘ravonlik natijasida yuzaga kelgan ruhiy jarohatlarni kamaytirish, xulq-atvordagi va ijtimoiy munosabatlardagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan maxsus ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida tayyorlanadi.

Bolalar professional tutingan oilalarga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi. Har bir bola uchun tutingan oilaga oyiga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravari miqdorida mablag‘ to‘lanadi, shuningdek, bolaning yashash xarajatlari uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, keyinchalik esa 2026 yil yakuniga qadar respublika bo‘ylab Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar alohida tartibda tegishli reabilitatsiya markazlariga joylashtirilishi mumkin.

2026 yil 1 sentyabrdan zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi. Sudga qadar va sud jarayonlarida bolalar manfaatlarini himoya qilishda vasiylik va homiylik organi vakilining majburiy ishtiroki ta’minlanadi. Shuningdek, bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari videoyozuv orqali qayd etiladi.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalari xodimlarining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida xabar bermasligi uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 martdan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun “mehrli oila” xizmati tashkil etiladi. Ushbu xizmat doirasida oilalarga bolalarning psixofizik xususiyatlarini inobatga olgan holda munosabatlarni tiklash va ijtimoiylashuvga ko‘maklashishga qaratilgan bepul oilaviy terapiya xizmatlari ko‘rsatiladi.

Farmonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning xavfsizligi va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yana bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan.

Farrux Samatov,

Samarqand viloyati sudi sudyasi.