Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotda gidroponika usulida maysa o‘stirilmoqda

«Navoiy kon metallurgiya kombinati» davlat korxonasi tasarrufidagi “Do‘stlik” agrofirmasi tomonidan Qo‘shrabot tumanining lalmikor yer maydonida uzumzor, yong‘oqzor va chorvachilik majmuasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘iga asosan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, foydalanmay kelinayotgan yerlardan mo‘l hosil olish rejalashtirilgan. Ekin ekish uchun 300 gektar yer maydoni ajratilib, shundan 170 gektarida uzumzor barpo etildi. 50 gektar maydonda tashkil etilgan yong‘oqzorda esa Xitoydan keltirilgan hosildor “X-185” navli yong‘oq ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Qiymati 10,4 milliard so‘mlik mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida 114 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi.

Yaqin kelajakda, ya’ni 2021 yilda uzumzordan 120 tonna, yong‘oqzordan 30 tonna hosil yig‘ib olish kutilmoqda.

Yaqinda mahalliy iqlimga mos 300 bosh naslli qoramol boqishga mo‘ljallangan chorvachilik majmuasi foydalanishga topshirildi.

- Loyiha qiymati 9,0 milliard so‘m bo‘lgan chorvachilik majmuasida kelasi yildan boshlab yiliga 100 tonnagacha sifatli qoramol go‘shti olinadi, - deydi “Do‘stlik” agrofirmasi bosh agronomi Halim Bo‘ronov. – Qo‘shrabot tumanining hosildorligi kam bo‘lgan yer maydonlarida tashkil etilgan uzumzor va yong‘oqzorlardan tashqari, mazkur chorvachilik majmuasining ham qurib foydalanishga topshirilishi shu hududda yashovchi aholining ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Tumanning Qo‘rg‘on mahallasida tashkil etilgan majmuada 33 nafar mahalliy aholi ish bilan band bo‘ldi. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirib, yil oxirigacha qo‘shimcha 50 ga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratamiz.

Majmuada ozuqa tayyorlash punkti, ularni sifatli saqlash uchun maxsus omborxona, veterinariya xizmati ko‘rsatish shoxobchasi, qoramollarni cho‘miltirish havzasi ham tashkil etilgan. Ahamiyatli jihati, bu yerda ozuqa uchun gidroponika usulida maysa o‘stirilmoqda.

To‘lqin Siddiqov.