Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand advokatlariga yangi rahbar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i etib ko‘p yillar prokuratura organlarida faoliyat yurgizgan, keyingi 20 yil davomida “Bog‘ishamol” advokatlar hay’ati advokati vazifasida ishlab kelgan Tohir Qodirov tayinlandi.

Shu munosabat bilan Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Sodiqov to‘planganlarni Tohir Qodirov boshqarma raisi sifatida tasdiqlanganligi haqidagi buyruq bilan tanishtirdi.

“Aslida hududiy boshqarma raisini tasdiqlash Respublika Advokatlar raisi vakolatiga kiradi. Ammo Samarqand advokatlarining tizimdagi o‘ziga xos o‘rnini hisobga olib, rahbariyat boshliq tayinlash borasida viloyat advokatlari fikrini bilishga qiziqdi. Shu maqsadda viloyatda yig‘ilish o‘tkazilib, uch nafar nomzod ovozga qo‘yildi. Ulardan ko‘p ovoz olgan ikki nafari Respublika Advokatlar raisi Alim Ernazarov suhbatiga taklif etildi. Ulardan biri Tohir Qodirov edi va uning malakasi hamda tajribasi inobatga olinib, rais sifatida tasdiqlandi”, –  dedi Sh.Sodiqov.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat Xalq qabulxonasi rahbari Shuhrat Uzoqov yig‘ilishda so‘zga chiqib, Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasining yangi rahbari huquq-tartibot organlari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borib, aholining huquqiy himoyasi yo‘lida advokatlar korpusini jipslashtirishiga ishonch bildirdi.

Tohir Qodirov o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlashga, zimmasaga yuklatilgan mas’uliyatli vazifani butun jamoa bilan sharaf bilan uddalashga va’da berdi.

Toshpo‘lat RAHMATULLAYeV.